Voqealar
04.03.2025
|
162
MOXI va RSTI hamkorlikni faollashtirmoqda
Moskva shahrida Markaziy Osiyo Xalqaro Instituti (MOXI) delegatsiyasining tashrifi doirasida institut direktori Javlon Vahabov Rossiya Strategik Tadqiqotlar Instituti (RSTI) direktori Mixail Fradkov bilan uchrashdi.

Tomonlar ikki tomonlama kun tartibining dolzarb masalalarini muhokama qilib, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni yanada mustahkamlash istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

Uchrashuvda, shuningdek, "Markaziy Osiyo – Rossiya" muloqot formatini rivojlantirish masalalari hamda ushbu format doirasida samarali hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqishda ekspert hamjamiyatining o‘rni muhokama qilindi.

J. Vahabov MOXI va RSTI o‘rtasida 2021-yil 18-mayda imzolangan Hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimni ikki institutning ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha yanada yaqin hamkorligini ta’minlovchi mustahkam asos sifatida ta’kidladi.

O‘z navbatida, M. Fradkov MOXI bilan muloqotni davom ettirishga tayyorligini bildirib, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi yuqori darajadagi aloqalarni ekspert jihatdan qo‘llab-quvvatlash muhimligini qayd etdi.

Uchrashuv yakunida MOXI va RSTI o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi va bu 2025-yil uchun Qo‘shma tadbirlar rejasi imzolanishi bilan mustahkamlandi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom