Uchrashuv chog‘ida tomonlar ikki davlatning tahliliy doiralari o‘rtasida mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari bo‘yicha doimiy muloqotni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash muhimligi yuzasidan fikr almashdilar.
Bundan tashqari, institutlarning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish va o‘tkazish, shuningdek, ilmiy-tashkiliy tadbirlar, jumladan seminarlar, davra suhbatlari va konferensiyalarni o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, IMEMOning nashriyot faoliyati bo‘yicha tajribasini o‘rganishga alohida e’tibor qaratildi, xususan, institut olimlari tadqiqot natijalarining milliy va xalqaro miqyosda tan olingan ilmiy va ilmiy-ommabop jurnallarda, ilmiy to‘plamlarda, qo‘llanmalar va metodik tavsiyalarda chop etilishi muhimligi ta’kidlandi.
MOXI va IMEMO o‘rtasidagi hamkorlikning ushbu va boshqa istiqbolli yo‘nalishlari ikki institut rahbarlari darajasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida imzolangan Hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvda aks ettirildi.

Kelishuv imzolash marosimida O‘zbekiston tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus vakili Abdulaziz Kamilov hamda O‘zbekistonning Rossiyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Botirjon Asadov ishtirok etdilar.

Rossiya tomonidan esa IMEMO RAN prezidenti Aleksandr Dynkin, direktor o‘rinbosari Ivan Danilin, shuningdek, Irina Zvyagelskaya va Stanislav Pritchin kabi yetakchi ekspertlar ishtirok etdi.

"Rossiyaning yetakchi tahlil markazi bilan tuzilgan kelishuv Markaziy Osiyo va Rossiya davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ekspertlar darajasida hamkorlikni chuqurlashtirish uchun yangi istiqbollar ochadi", – deya ta’kidladi J.Vaxabov.

O‘z navbatida, F. Voytolovskiy ushbu hamkorlikning ulkan salohiyatini inobatga olgan holda, samarali va konstruktiv ishga tayyorligini tasdiqladi.

Ushbu kelishuv imzolanishi O‘zbekiston va Rossiyaning tahliliy va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Tomonlar yaqin vaqt ichida erishilgan kelishuvlarni amaliyotga tatbiq etishga kirishish borasida kelishib oldilar.