Voqealar
13.05.2025
|
206
MOXI delegatsiyasi Dushanbeda o‘tkazilgan mintaqaviy konferensiyada ishtirok etdi
Dushanbe shahrida “Zamonaviy global o‘zgarishlar fonida Markaziy Osiyo mamlakatlari integratsiyasi: holat va istiqbollar” mavzusida mintaqaviy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir Tojikiston Respublikasining Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi (STM) hamda Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi tomonidan tashkil etildi.

Konferensiyada Markaziy Osiyoning davlat va nodavlat ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari va ekspertlari, shuningdek, vazirliklar va idoralar vakillaridan iborat 50 dan ortiq mutaxassis ishtirok etdi.

Markaziy Osiyo Xalqaro Instituti (MOXI) nomidan tadbirda institut direktori Javlon Vahabov nutq so’zladi.

Konferensiya ishtirokchilari Markaziy Osiyoda integratsion jarayonlarni chuqurlashtirish masalalari yuzasidan keng ko‘lamli fikr almashdilar. Xususan, mintaqaviy hamkorlikning institutsional mexanizmlarini rivojlantirish, xavfsizlikni mustahkamlash, gumanitar aloqalarni kengaytirish, iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashda birgalikda harakat qilish kabi yo‘nalishlar muhokama qilindi.

STM direktori Hayriddin Usmonzoda o‘zining ochilish nutqida davlatlararo kelishmovchiliklarning ijobiy hal etilishi so‘nggi yillarda o‘zaro ishonch va qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Jumladan, Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasida davlat chegarasi to‘g‘risidagi bitim imzolanishi, chegara tutashuvlari bo‘yicha kelishuvlar va Bishkek, Dushanbe va Toshkent o‘rtasidagi abadiy do‘stlik haqida Xo‘jand deklaratsiyasi mintaqa xalqlarining manfaatlariga mos bo‘lib, chegaraoldi hududlar aholisi o‘rtasidagi aloqalarga yangi turtki berdi. Bu esa, o‘z navbatida, mintaqalararo iqtisodiy faollik uchun mustahkam zamin yaratishi mumkin.

O‘z nutqida MOXI direktori Javlon Vahabov, mintaqaviy hamjihatlikning kuchayishi tufayli Markaziy Osiyo davlatlari global o‘zgarishlarga muvaffaqiyatli moslasha olayotganini va “Markaziy Osiyo plyus” formatida yetakchi davlatlar va xalqaro tuzilmalar bilan samarali hamkorlik o‘rnatganini qayd etdi. Bu esa mintaqaning xalqaro subyektivligini oshirib, xorijiy sarmoyalarni jalb qilish va tashqi ko‘makni kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Iqtisodiy sohada Javlon Vahabov eksport tuzilmasini diversifikatsiya qilish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va qo‘shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish zarurligini alohida ta’kidladi. Shu bilan birga, u Markaziy Osiyoda ichki savdo darajasi hanuz past bo‘lib qolayotganini – Islom taraqqiyot banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda bu ko‘rsatkich atigi 7,2% ni tashkil qilganini bildirdi. Shu munosabat bilan, chegaraoldi hududlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, xususan, qo‘shma erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish dolzarb ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.

Gumanitar aloqalar sohasida Javlon Vahabov milliy ID-kartalarni o‘zaro tan olish dasturlarini rivojlantirish zarurligini qayd etdi. Bu esa, aholi o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlab, mintaqaviy harakatlarni yengillashtiradi. Shuningdek, u “Bitta tur – butun mintaqa” tamoyiliga asoslangan turistik mahsulotlarni ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi. Bu esa madaniy va turistik oqimlarni kengaytirish, mintaqa xalqlari o‘rtasida birlik tuyg‘usini mustahkamlash va “biz – Markaziy Osiyo xalqlari” degan umumiy ijtimoiy-madaniy o‘zlikni shakllantirishga xizmat qiladi.

Mintaqaviy hamkorlikning institutsional jihatlari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan munozaralarda Qirg‘iz Respublikasi Prezident huzuridagi Milliy strategik tadqiqotlar institutining direktor o‘rinbosari Dinara Duishonkul qizi “integratsiya o‘zlikni yo‘qotish emas, aksincha, o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlash uchun imkon yaratadi” deya ta’kidladi.

Xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan sessiyada tojikistonlik mustaqil tadqiqotchi Sherali Rizoen Markaziy Osiyo davlatlari duch kelayotgan tahdidlar fonida ham yangi imkoniyatlar yuzaga chiqayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, barqarorlikning izdan chiqishi va transchegaraviy tahdidlarning kuchayishi davlatlarni yanada yaqin hamkorlikka undamoqda va bu jarayon mintaqaviy hamkorlikni “faqat istalgan emas, balki hayotiy zaruratga” aylantirmoqda.

Iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurash bo‘yicha bo‘lib o‘tgan bahslarda Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti (IWMI)ning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Barbara Yanush-Pavletta mintaqada iqlimiy tadqiqotlar yetishmasligi suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va migratsiya sohalarida moslashuvni qiyinlashtirayotganini aytdi. Shu munosabat bilan, u Markaziy Osiyo davlatlari va xalqaro tashkilotlar o‘rtasida suv diplomatiyasi sohasida tajriba almashish va ilg‘or amaliyotlarni tarqatish uchun maxsus platforma tashkil etishni taklif qildi.

Umuman olganda, konferensiya Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida integratsiyani yanada chuqurlashtirish va xavfsizlik, barqaror taraqqiyot hamda global o‘zgarishlarga moslashish yo‘lida birgalikdagi sa’y-harakatlarni kuchaytirish zarurligini yana bir bor ko‘rsatdi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom