Suhbat davomida tomonlar temiryo‘l hamda transport-logistika yo‘nalishidagi hamkorlikni rivojlantirish, yuk tashish va tranzit hajmlarini oshirish, shuningdek, qo‘shma infratuzilma loyihalarini ilgari surish istiqbollarini muhokama qildilar.
Transport sohasidagi hamkorlikda barqaror ijobiy dinamika ta’kidlab o‘tildi. Jumladan 2024-yilda xorijiy davlatlardan O‘zbekiston orqali Afg‘onistonga amalga oshirilgan tranzit tashuvlarning umumiy hajmi 3 mln. tonnadan oshdi.
MOXI direktori J. Vaxabov temiryo‘l loyihalarini birgalikda ilgari surish, logistika sohasini rivojlantirish, shuningdek qo‘shma korxonalar tashkil etish nafaqat hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochadi, balki Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklashga ham xizmat qilishini ta’kidladi.
O‘z navbatida, vazir o‘rinbosari M.I. Sohibzoda afg‘on tomoni qo‘shma infratuzilmaviy tashabbuslarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanligini tasdiqladi. Shuningdek, “O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston” transport yo‘lagi loyihasi savdo va tranzitni kuchaytirish, iqtisodiy o‘sish hamda mintaqalararo hamkorlikni kengaytirishga ko‘maklashish salohiyatiga ega ekanligi ta’kidlab o‘tildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar yuzaga kelayotgan masalalarni tezkor muhokama qilish va vaziyatni yaxshilash hamda amaliy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqish maqsadida muntazam aloqalarni, jumladan, ekspert hamjamiyatlari ishtirokida, davom ettirish bo‘yicha kelishib oldilar.