Voqealar
13.02.2026
|
239
MOXI direktori Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv o‘tkazdi
Joriy yil 9-fevral kuni Kobul shahrida Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vaxabov Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Mavlaviy Amirxon Muttaki bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat davomida ikki tomonlama hamkorlikning holati va istiqbollari, jumladan, mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik, savdo-iqtisodiy hamkorlik, transport-logistika hamda energetika loyihalarini rivojlantirish, shuningdek, gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

MOXI direktori J. Vaxabov O‘zbekiston Afg‘onistonni mintaqaning ajralmas qismi va mintaqaviy jarayonlarning muhim ishtirokchisi sifatida ko‘rishini ta’kidladi. Afg‘onistonning rivojlanishi va uni Markaziy Osiyo tashabbuslariga faol jalb etish mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashga, shuningdek, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.

O‘z navbatida, Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri A. Muttaki afg‘on tomoni O‘zbekistonni ishonchli qo‘shni sifatida ko‘rishini va mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga qo‘shayotgan hissasini yuksak qadrlashini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekistonning Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlash hamda savdo-iqtisodiy, transport-logistika va gumanitar hamkorlikni mustahkamlash masalalarini ilgari surishda yaqin hamkorlikni rivojlantirish borasidagi izchil pozitsiyasi ta’kidlab o‘tildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar muloqotni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqlab, amaliy tashabbuslarni ilgari surish hamda mintaqaviy hamkorlik va barqarorlik masalalarida yondashuvlarni muvofiqlashtirish maqsadida muntazam aloqalarni qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom