Ilan Berman — Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo va Rossiyadagi mintaqaviy xavfsizlik sohasida tan olingan mutaxassis bo‘lib, AQShning Markaziy razvedka boshqarmasi, Davlat departamenti va Mudofaa vazirligi kabi idoralaridan boy tajribaga ega.
Uchrashuv davomida amerikalik ekspert O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish jarayonidagi muhim o‘rnini ta’kidladi. U, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan boshlangan keng ko‘lamli islohotlar butun mintaqada yangi siyosiy dinamikaning shakllanishiga turtki berganini qayd etdi.
Tomonlar ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini, jumladan, qo‘shma tadqiqotlar, ekspertlar almashinuvi va ta’lim dasturlarini muhokama qildilar. Ayniqsa, “Markaziy Osiyo Plyus” tashabbusini mintaqadagi tahliliy markazlar va xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni mustahkamlash uchun muhim maydon sifatida qo‘llab-quvvatlash masalasiga e’tibor qaratildi.
O‘z navbatida, Ilan Berman hamkorlikni rivojlantirishga qiziqishini bildirdi va Markaziy Osiyoning global siyosatdagi strategik ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.