Voqealar
17.04.2025
|
222
MOXI direktori Garvard universitetida O‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashdi
Massachusetts shtatidagi Garvard universitetiga tashrifi doirasida Markaziy Osiyo Xalqaro Instituti (MOXI) direktori Javlon Vahabov dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan birida tahsil olayotgan O‘zbekistonlik talabalar bilan samimiy uchrashuv o‘tkazdi.

Muhandislik, iqtisodiyot, tibbiyot va davlat boshqaruvi yo‘nalishlarida tahsil olayotgan yoshlar o‘zlarining ta’limiy tajribalari, maqsadlari va Vatan taraqqiyotiga hissa qo‘shish istaklari bilan o‘rtoqlashdilar. Ular orasida Nilufar Qahhorova, Bexzodxon Alixonov, Go‘zalxon Xaydarova va Abdurahmon Umarovlar bor edi.

Uchrashuvda ayniqsa, Prezident maktabi bitiruvchisi Go‘zalxon Xaydarovaning ishtiroki faxr bilan tilga olindi. Bu – O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yangi ta’lim tashabbuslari samarasining yorqin dalilidir.

Javlon Vahabov talabalarning tayyorgarlik darajasi va ularga xos bo‘lgan intiluvchanlikni yuksak baholab, ularning yurt ravnaqiga salmoqli hissa qo‘shishga qodir bo‘lajak yetakchilar va mutaxassislar sifatidagi salohiyatini alohida ta’kidladi.

Samimiy va o‘zaro hurmatga asoslangan muloqotda ishtirokchilar O‘zbekiston ilmiy diasporasini akademik va tadqiqot tashabbuslariga jalb etish, hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi ilmiy loyihalarni rivojlantirish muhimligini muhokama qildilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom