Voqealar
18.04.2025
|
253
MOXI Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha xalqaro muloqotni kengaytirmoqda
Medford va Somervilda (Massachusetts shtati) Markaziy Osiyo Xalqaro Instituti (MOXI) direktori Javlon Vahabovning Tafts universiteti huzuridagi Fletcher maktabining Rossiya va Yevrosiyo dasturi direktori o‘rinbosari Arik Burakovski bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida tomonlar Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuviga O‘zbekistonning raisligi doirasida mintaqada kechayotgan dolzarb jarayonlar yuzasidan fikr almashdilar.

O‘z navbatida, Arik Burakovski bugungi xalqaro munosabatlar arxitekturasi chuqur tahlil va mintaqaviy tendensiyalarni anglashga asoslangan ekspertlik almashinuvini talab etishini ta’kidladi.

Shu bois, tomonlar ikki tahliliy markaz o‘rtasida tadqiqot aloqalarini yanada kengaytirish, qo‘shma ilmiy izlanishlar, akademik almashinuv va tashqi siyosat hamda mintaqaviy xavfsizlik sohalarida kompleks yondashuvlarni shakllantirishga qaratilgan tematik konferensiyalar o‘tkazish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Mazkur uchrashuv MOXIning AQShning yetakchi ilmiy va ekspertlik muassasalari bilan xalqaro muloqotini kengaytirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Bu esa Markaziy Osiyo bo‘yicha amerikalik ekspertlar bilan hamkorlik va tajriba almashinuvining chuqurlashishiga xizmat qiladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro muloqotni davom ettirish, ekspertlik hamkorligini mustahkamlash va bilim almashinuvi uchun barqaror platforma yaratish yo‘lidagi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom