Suhbat chog‘ida tomonlar Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish, energetik o‘tish va iqlim siyosati yo‘nalishlarida ilmiy va ekspertlik hamkorligini mustahkamlash istiqbollarini muhokama qildilar.
Doktor Vakulchuk qayd etdi-ki, mintaqa xrom, marganes, qo‘rg‘oshin va rux kabi muhim elementlarga boy bo‘lib, ular quyosh panellari, shamol turbinalari va akkumulyatorlar ishlab chiqarishda asosiy resurs hisoblanadi. Unga ko‘ra, Markaziy Osiyo global energetik o‘tish sharoitida ushbu strategik xomashyo zanjirida muhim bo‘g‘inga aylanish salohiyatiga ega.
O‘z navbatida, Javlon Vahabov yashil iqtisodiyotni rivojlantirish va karbon izini kamaytirishga qaratilgan infratuzilma loyihalariga sarmoyalarni jalb etish muhimligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar MOXI va NUPI o‘rtasida qo‘shma tadqiqotlar, ekspert seminarlari va tahliliy materiallar almashinuvi orqali hamkorlikni chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar. Bunday aloqalar Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish va energetik o‘tish bo‘yicha samarali strategiyalar ishlab chiqishga xizmat qilishi qayd etildi.
Norvegiya Xalqaro Munosabatlar Instituti (NUPI) — xalqaro siyosat, xavfsizlik, energetika va iqlim masalalariga ixtisoslashgan yetakchi tadqiqot markazi hisoblanadi. Institut barqaror taraqqiyot va xalqaro hamkorlikka ta’sir ko‘rsatadigan global va mintaqaviy jarayonlarni chuqur tahlil qiladi.