Suhbat davomida asosiy e’tibor O‘zbekiston va Qozog‘iston institutlari o‘rtasidagi akademik hamkorlik va ilmiy-tadqiqot aloqalarini rivojlantirish masalalariga qaratildi. Xususan, tomonlar ilmiy muloqotni chuqurlashtirishga qaratilgan qo‘shma tadbirlar, jumladan konferensiyalar, ekspert sessiyalar va tadqiqot almashinuvi loyihalari bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi.
MOXI vakillari Qozog‘istonning yetakchi ilmiy markazlari bilan hamkorlikni kengaytirish, institutlararo dasturlarni amalga oshirish, qo‘shma nashrlar tayyorlash hamda yoshlar va mintaqaning akademik hamjamiyatiga yo‘naltirilgan ta’lim tashabbuslarini rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.
O‘z navbatida, Elchixona vakillari MOXI ekspert maydonchasining Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish va ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy-tadqiqot aloqalarini mustahkamlashdagi ahamiyatini alohida qayd etgan holda, akademik hamkorlikni yanada rivojlantirishga qiziqish bildirdi.
Tomonlar tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha aloqalarni davom ettirish va mintaqada barqaror ilmiy hamkorlikni shakllantirishga xizmat qiluvchi yangi tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.