Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) nomidan forumda Institutning tarixiy-madaniy meros va gumanitar tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i Daniyar Qurbonov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi. MOXI vakillari ShHT davlatlaridagi raqamli transformatsiyaning asosiy yo‘nalishlari bilan tanishib, sanoat, oliy ta’lim, shahar muhitini raqamlashtirish hamda tahliliy markazlar faoliyatiga bag‘ishlangan tematik sessiyalarda qatnashdi.
Forum doirasida bo‘lib o‘tgan tahliliy markazlar sessiyasida D. Qurbonov O‘zbekistonning raqamli transformatsiyaga oid yondashuvlarini taqdim etdi. Xususan, IT-Park Uzbekistan rivoji, ta’lim va qishloq xo‘jaligiga raqamli yechimlar joriy etilishi, “yashil” va inklyuziv raqamli iqtisodiyot targ‘iboti hamda “Raqamli Ipak yo‘li” doirasidagi hamkorlik borasidagi tashabbuslarga e’tibor qaratildi. ShHTning AKT sohasidagi Hamkorlik kontsepsiyasi va “Raqamli ShHT – 2030” dasturi kabi strategik hujjatlarni ishlab chiqishdagi O‘zbekiston hissasi alohida ta’kidlandi.
MOXI eksperti yaqin istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar sifatida quyidagilarni qayd etdi: 5G tarmoqlarini rivojlantirish, mintaqaviy raqamli infratuzilma jamg‘armasini yaratish, transchegaraviy ta’lim dasturlarini ishga tushirish, raqamli savdo uchun huquqiy asoslarni muvofiqlashtirish va ma’lumotlar oqimini boshqarish.
Forum davomida ShHT davlatlari o‘rtasidagi raqamli hamkorlikning muvaffaqiyatli misollari ham taqdim etildi. Xususan, O‘zbekiston temiryo‘l infratuzilmasini raqamli modernizatsiya qilish, logistika sohasida blokcheyn yechimlarini joriy etish hamda tabiiy resurslarni raqamli monitoring qilish loyihalari namoyish etildi.

Tadbir doirasida MOXI vakillari Pekin, Shanxay va Guanchjou ijtimoiy fanlar akademiyalari rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Raqamli tahlil, urbanistika, barqaror rivojlanish sohalarida institutsional hamkorlik istiqbollari, qo‘shma ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish, raqamli standartlarni ishlab chiqish va raqamli transformatsiyaning ijtimoiy o‘lchamlariga alohida e’tibor qaratildi.
MOXI ishtiroki ShHT doirasidagi ekspertlik hamkorligini mustahkamlash, Markaziy Osiyoning raqamli kun tartibini ilgari surish va tashkilot makonida barqaror va inklyuziv raqamli ekotizimni shakllantirish bo‘yicha muloqotni chuqurlashtirishga xizmat qildi.