Suhbat doirasida tomonlar ilmiy-tadqiqot sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar va birgalikdagi ishlarning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashdilar.

Uchrashuvda Hamad Al-Abdulla Derasatning asosiy tashabbuslari, jumladan, xalqaro rivojlanish masalalari, oziq-ovqat xavfsizligi, tahlil markazlarining inqirozlarni bartaraf etishdagi o‘rni, tadqiqot va qarorlar qabul qilishda ayollarning ishtiroki bo‘yicha har yili o‘tkazilayotgan forumlar haqida batafsil so‘zlab berdi.
Shuningdek, “Markaziy Osiyo + Ko‘rfaz davlatlari hamkorlik kengashi” (GCC) muloqoti formatida O‘zbekiston raisligining ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.

Shu nuqtai nazardan, J.Vaxabov 2025-yil may oyi boshida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan sammit mintaqalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdagi muhim voqea sifatida katta ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Har ikki muassasa mintaqalar o‘rtasida ilmiy muloqotni kuchaytirish global o‘zgarishlarga samarali javob berishning zaruriy sharti ekanligini aytib o’tdilar.
Yakunda MOXI va Derasat rahbarlari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi “Markaziy Osiyo + Ko‘rfaz davlatlari hamkorlik kengashi” platformasi doirasidagi hamkorlikka ekspert yordamini ko‘rsatish maqsadida ushbu muloqotni davom ettirishga tayyorliklarini bildirdilar.
Derasat Bahraynning yetakchi tahlil markazlaridan biri bo‘lib, strategik, xalqaro va energetika masalalari bo‘yicha tadqiqot olib boradi, ekspertlar hamjamiyati, siyosatchilar va biznes vakillari o‘rtasidagi muloqotni qo‘llab-quvvatlaydi.
2009-yilda tashkil etilgan Markaz xalqaro institutlar bilan faol hamkorlik qilib, global va mintaqaviy rivojlanishning dolzarb masalalari bo‘yicha qarorlar qabul qilishga ko‘maklashish maqsadida konferensiyalar, simpoziumlar va davra suhbatlari tashkil etadi.