Uchrashuvda O‘rta Koridorni Yevrosiyo bog‘liqligi arxitekturasi doirasida muhim bo‘g‘in sifatida rivojlantirish jarayonini ilmiy-tadqiqot va ekspertlik jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Tomonlar tranzit jarayonlarini raqamlashtirish, logistika platformalari faoliyati hamda mintaqa davlatlari bojxona tizimlarini uyg‘unlashtirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdilar.
MOXI direktori Javlon Vahabov institut tomonidan O‘rta Koridorning salohiyati, mavjud to‘siqlar va “tor joylar”, xalqaro hamkorlik modellarini baholash, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarini mavjud raqamli bojxona platformalariga ulash imkoniyatlari bo‘yicha tizimli tahliliy ishlar olib borilayotganini ta’kidladi. Ushbu tadqiqotlar transchegaraviy jarayonlarni chuqurroq anglash va amaliy yechimlar ishlab chiqish imkonini beradi.
Biznes Kengashi vakili o‘z navbatida bu sohadagi Gruziya tajribasi, xalqaro kelishuvlar, sanoat zonalari va logistika infratuzilmasi orqali hamkorlikdagi tashabbuslarni ilgari surish imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi. Tomonlar tahliliy materiallar bilan o‘zaro almashishga va tegishli ekspert muhokamalarida ishtirok etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘rta Koridor salohiyatini yanada ochib berishga xizmat qiluvchi amaliy yechimlar ishlab chiqish maqsadida ekspert axboroti almashinuvi uchun barqaror muloqot kanallarini shakllantirishga o‘zaro qiziqish bildirildi.