Muzokaralar davomida T. Faruq O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni ilgari surishdagi rolini yuksak baholab, mamlakatning mintaqada o‘zaro hamkorlikning yangi modelini shakllantirishga qo‘shayotgan hissasini alohida ta’kidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan ochiqlik va yaxshi qo‘shnichilik siyosati Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlashga hamda mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilganligi qayd etildi.
MO’BUKM rahbari ta’kidlashicha, mintaqaviy jarayonlarning ijobiy dinamikasi va O‘zbekistonning proaktiv tashqi siyosati tufayli Markaziy Osiyo mustaqil va bir vaqtning o‘zida bog‘lovchi makon sifatida shakllanmoqda. Bu esa tashqi sheriklar, jumladan Janubiy Osiyo mamlakatlari va Pokiston bilan o‘zaro hamkorlikni kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochmoqda.
Uchrashuv davomida ekspertlar o‘rtasidagi o’zaro hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mintaqalararo muloqotning dolzarb masalalari bo‘yicha ekspertlik xulosalari va tahliliy ishlanmalar bilan tizimli almashinuvning ahamiyati, shuningdek, dolzarb mintaqaviy kun tartibi bo‘yicha muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni shakllantirish zarurligi ta’kidlandi.
Shu nuqtayi nazardan, T. Faruq amaliy hamkorlikning ekspertlar qo‘shma tadbirlarini o‘tkazish, transport o‘zaro bog‘liqligi, savdo-iqtisodiy hamkorlik, suv-ekologiy masalalar, barqaror rivojlanish va mintaqaviy xavfsizlik bo‘yicha tadqiqot loyihalarini amalga oshirish kabi istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab berdi. Shuningdek, qo‘shma tahliliy ishlar natijalarini sohaga oid ekspertlik maydonchalarida, jumladan PEACE International jurnalida chop qilishga alohida urg’u berdi.
Uchrashuv yakunlarida ekspertlar hamkorligini institutsionallashtirishni nazarda tutuvchi MOXI va MO’BUKM o'rtasida o'zaro anglashuv to'g'risidagi Memorandum imzolandi.
Mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik va umumiy kelajak markazi 2023-yilda “Bir makon - bir yo‘l” tashabbusi doirasida hamkorlikni mustahkamlash va inklyuziv rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan. Markazning asosiy vazifasi infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish, siyosatni muvofiqlashtirish, madaniy almashinuv va iqtisodiy integratsiya orqali mamlakatlarning o‘zaro o‘sishiga ko‘maklashishdan iborat. Markaz adolatli iqtisodiy integratsiyani ta’minlash, transchegaraviy aloqalarni mustahkamlash hamda mintaqa mamlakatlari uchun umumiy farovonlik va tinchlikka erishishga qaratilgan platforma yaratishni maqsad qilgan.