Voqealar
15.02.2024
|
186
MOXI va Quvayt Davlati elchixonasi muntazam aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar
Markaziy Osiyo xalqaro institutida Quvayt Davlatining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Ahmad al-Jiyron bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan Quvayt o‘rtasidagi munosabatlar turli sohalarda izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. Quvayt O‘zbekistonning Yaqin Sharq mintaqasidagi, ayniqsa, hamkorlikning yangi formati – Ko'rfazdagi arab davlatlari hamkorlik kengashi + Markaziy Osiyo kontekstidagi asosiy hamkorlaridan biridir.

Ahmad al-Jiyron Prezident Sh.Mirziyoyevning ko‘rfaz arab mamlakatlari – Markaziy Osiyoning birinchi sammitida ilgari surilgan tashabbuslari mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni yanada yaqinlashtirish va rivojlantirishga qaratilganini ta’kidladi.

Shu nuqtai nazardan, taʼkidlanganidek, sunʼiy intellekt, yashil iqtisodiyot, raqamlashtirish, aqlli qishloq xoʻjaligi, nano va biotexnologiyalar, turizm, savdo, transport, ekologiya va iqlim oʻzgarishi kabi sohalardagi hamkorlik Markaziy Osiyo davlatlari va Ko'rfazdagi arab davlatlari oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirishning asosiy omili hisoblanadi. Hamkorlikning mazkur yo‘nalishlari nafaqat mintaqalar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlaydi, balki alohida mamlakatlar va butun jahon hamjamiyatining rivojlanishiga ham hissa qo‘shadi.

Uchrashuvda MOXI va Quvayt elchixonasi oʻrtasida muntazam maslahatlashuvlar oʻtkazish zarurligi taʼkidlandi. Ushbu qadam dolzarb masalalarni, jumladan, siyosiy muloqotni rivojlantirish, GCC+CA doirasida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha taklif va tashabbuslarni ishlab chiqishni muhokama qilish imkonini beradi.

2025 yilda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan sammitni e’tiborga olganda, ushbu muloqot kun tartibidagi dolzarb masalalar bo‘yicha birgalikdagi chora-tadbirlarni tayyorlash va muvofiqlashtirishda muhim rol o‘ynashi mumkin.

Uchrashuv so’ngida Ahmad Al-Jiyron, shuningdek, MOXI va Quvaytdagi yetakchi tahlil markazlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatishda ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom