Voqealar
14.10.2026
|
322
MOXI va Tokio universiteti ekspertlar muloqotini mustahkamlamoqda
Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vaxabov Tokio universiteti huzuridagi Osiyo bo‘yicha ilg‘or tadqiqotlar instituti direktori, professor Jin Sato bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ilmiy va ta’lim aloqalarini kengaytirish, shuningdek, ikki mamlakat tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Suhbat avvalida J. Vaxabov O‘zbekiston–Yaponiya munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani hamda ikki tomonlama sheriklikni mustahkamlashda ilmiy va ta’lim aloqalarining o‘rni ortib borayotganini ta’kidladi.

2025-yil dekabr oyida o‘tkazilgan birinchi “Markaziy Osiyo – Yaponiya” sammiti yakunlari hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochgani qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mintaqa va Yaponiyaning yetakchi tahlil markazlarini birlashtiradigan doimiy ekspertlar platformasini tashkil etish tashabbusiga alohida e’tibor qaratildi.

Direktorning ta’kidlashicha, tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi bevosita va muntazam aloqalar ushbu tashabbusni amaliy mazmun bilan boyitish, barqaror rivojlanish, transport jihatdan o‘zaro bog‘liqlik va inson kapitali masalalari bo‘yicha fikr va baholar almashish hamda qo‘shma tavsiyalar ishlab chiqish imkonini beradi.

O‘z navbatida, J. Sato tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi muntazam muloqotni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlab, bilim va akademik tajriba almashinuvi mintaqaviy jarayonlarni yanada chuqurroq anglash hamda rivojlanishning dolzarb masalalarini hal etish bo‘yicha mushtarak yondashuvlarni ishlab chiqishga xizmat qilishini ta’kidladi.

U yosh tadqiqotchilarni tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yosh mutaxassislarning qo‘shma seminarlar, ilmiy loyihalar va tahliliy nashrlar tayyorlashdagi ishtiroki ularning kasbiy ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda ikki mamlakat ekspertlar hamjamiyatlari o‘rtasida barqaror aloqalarni shakllantirish imkonini beradi.

Uchrashuv yakunida ekspertlar hamkorligini davom ettirish va amaliy hamkorlik shakllarini belgilash maqsadida muntazam aloqalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

1941-yilda tashkil etilgan Tokio universiteti huzuridagi Osiyo bo‘yicha ilg‘or tadqiqotlar instituti Yaponiyaning Osiyoni o‘rganishga ixtisoslashgan yetakchi ilmiy markazlaridan biridir. Institut qit’a mamlakatlari, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlarining tarixi, madaniyati, siyosati va iqtisodiyotiga oid fanlararo tadqiqotlar olib boradi. Shuningdek, xalqaro akademik almashinuvlarni rivojlantiradi va xorijiy hamkorlar bilan qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshiradi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom
Savolingiz bormi? AI Maslahatchi
IICA
IICA Virtual Assistant
Onlayn