Voqealar
02.08.2025
|
225
MOXI va Turkiya Elchixonasi akademik almashinuv platformasini muhokama qilmoqda
Markaziy Osiyo xalqaro Instituti (MOXI) direktori Javlon Vaxabov Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Ufuk Ulutash bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasida strategik sheriklikni kengaytirish hamda ilmiy-analitik aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida tomonlar mintaqaviy tashabbuslar va ko‘p tomonlama muloqot maydonchalari doirasidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar. Mutaxassislar almashinuvini rivojlantirish mexanizmlari, jumladan, ustuvor tadqiqot yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma davra suhbatlari, konferensiyalar va tematik seminarlar tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

MOXI direktori institutning Turkiyaning yetakchi tadqiqot markazlari bilan barqaror muloqot o‘rnatishga qiziqishini ta’kidladi. U, xususan, MOXI turkiyalik hamkasblar bilan bevosita professional aloqalarni o‘rnatishga va ularni Toshkentda ta’limiy va analitik loyihalarda ishtirok etishga taklif qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Elchi Ulutash esa mutaxassislar almashinuvini tezlashtirishga ko‘maklashishini, shu jumladan dastlabki onlayn maslahatlashuvlar va mutaxassislarning tashriflarini tashkil etishni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ma’lum qildi.

Tomonlar yosh tadqiqotchilar uchun akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish va qo‘shma nashrlar tayyorlash masalasini ham muhokama qildilar. Bu tashabbuslar ikki mamlakat o‘rtasida bilim almashish amaliyotini kengaytirish va akademik aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida Javlon Vaxabov va Ufuk Ulutash muntazam aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar. Ta’kidlanganidek, belgilangan tashabbuslarni amalga oshirish O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida ekspertlar muloqotini chuqurlashtirish va amaliy hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratadi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom