Voqealar
30.08.2025
|
266
MOXIda Bangladeshing O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vaxabov Bangladesh Xalq Respublikasi O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Mohammad Monirul Islam bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv boshida Elchi O‘zbekistonning pragmatik va muvozanatli tashqi siyosatini yuksak baholab, uning Markaziy Osiyoda ishonchni mustahkamlash, yaxshi qo‘shnichilik va ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdagi muhim rolini alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentning barqaror va izchil siyosati mintaqaviy sa’y-harakatlarni konsolidatsiya qilish va tashqi hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yishda muhim omilga aylangan.

Muzokaralar davomida MOXI direktori Javlon Vaxabov institut faoliyatining asosiy yo‘nalishlari hamda Janubiy Osiyo bilan ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar bilan tanishtirdi. Xususan, ikki mintaqa o‘rtasida transport bog‘liqligi, savdo-iqtisodiy hamkorlik, iqlim kun tartibi va gumanitar almashinuvlarga bag‘ishlangan so‘nggi ilmiy-amaliy tadbirlar natijalari qayd etildi.

O‘z navbatida, Mohammad Monirul MOXIga Bangladeshning yetakchi tahliliy markazlari bilan bevosita aloqalar o‘rnatishda ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi. Uning fikricha, ekspert muloqotini kuchaytirish va tadqiqot hamkorligini rivojlantirish sheriklik ufqlarini kengaytirib, Osiyodagi umumiy tendensiyalarni chuqurroq anglash imkonini beradi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ekspert muloqotini amaliy rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar va Markaziy hamda Janubiy Osiyoning umumiy manfaatlarini ilgari surish va mintaqaviy bog‘liqlikni mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish maqsadida muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom