Uchrashuv davomida Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning joriy holati va istiqbollari, shuningdek “Markaziy Osiyo–Germaniya” formati doirasida munosabatlarni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Suhbat doirasida ishtirokchilar Institut faoliyati, uning maqsad va vazifalari bilan tanishtirildi. Shuningdek, Markaziy Osiyoda hamkorligining hozirgi jarayonlari, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi doirasida erishilgan natijalar va tashabbuslar haqida ma’lumot berildi.
O‘z navbatida, F.Treger-Shtaintes O‘zbekistondagi islohotlarni yuqori baholab, mamlakatimiz mintaqadagi aloqalarni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shayotganligini ta’kidladi. Bu jarayonda “Markaziy Osiyo plus” formati muhim o‘rin egallashi qayd etildi.
Shu bilan birga, K.Shvanhold Germaniya Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bilan sherikligi doirasida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyorligini bildirildi. Samarqandda bo‘lib o‘tgan "Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi" birinchi sammitida qabul qilingan kelishuvlar bunga asos bo‘lib xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o’zaro amaliy aloqalarni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga, shu jumladan ikki tomonlama hamkorlik va ko‘p tomonlama muloqotlar doirasida amaliy tashriflar va ekspertlik muhokamalarini o‘tkazishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.