Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Kanada o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb va istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi. Ikki mamlakat ilmiy-tahlil markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Elchi K.Duggan O‘zbekiston-Kanada munosabatlarini yanada rivojlantirish uchun yuksak salohiyat mavjudligini qayd etib, savdo, logistika, ta’lim, energetika sohalari, shuningdek, iqlim o‘zgarishi va zamonaviy texnologiyalar masalalarida hamkorlikdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Tomonlar shuningdek, gumanitar aloqalarni mustahkamlash, turizm va madaniyat sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashdilar.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha hamkorlikning mumkin boʻlgan yoʻnalishlari, jumladan, MOXI va Kanadadagi tahliliy tuzilmalar oʻrtasida aloqalar oʻrnatish, yuqori darajadagi ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazish, shuningdek, taʼlim va ilmiy tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.