Mazkur memorandum qonunchilik hujjatlarida belgilangan va o‘z faoliyat yo‘nalishlarida ko‘zlangan natijalarga erishish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra tomonlar o‘zaro manfaatli munosabatlarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, hamda vakolatlari doirasidagi tadbirlarni, jumladan axborot-tahliliy faoliyatni yanada takomillashtirish bo‘yicha birgalikda faoliyat yuritadilar.
Hamkorlik doirasida jahonda sodir bo‘layotgan tashqi va ichki siyosiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarning asosiy tendensiyalarini har tomonlama chuqur o‘rganish, amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, shuningdek, mamlakatning milliy (harbiy) xavfsizligini ta’minlash, davlat mudofaa qobiliyatini oshirish, mudofaa va harbiy qurilish sohalarida davlat siyosatini sifatli amalga oshirish bo‘yicha xalqaro tajribalarni o‘rganish borasidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish nazarda tutilgan.
Imzolangan hujjatda sohaga oid milliy va xalqaro darajadagi ilmiy-uslubiy (amaliy) konferensiyalar tashkil etish va o‘tkazish, xalqaro munosabatlar bo‘yicha ekspertlar va tor doiradagi mutaxassislarning o‘zaro tajriba almashuvini amalga oshirish, xodimlarning malakasini oshirish, qayta tayyorlash va amaliyotlar o‘tkazish kabi tadbirlar o‘rin olgan.