Tadbir Markaziy Osiyo xalqaro Instituti va Rossiyaning Toshkentdagi Elchixonasi hamkorligida tashkil etildi.
Davra suhbatida siyosiy muloqotni mustahkamlash, iqtisodiy va energetik hamkorlikni kengaytirish, mehnat migratsiyasi mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, ilmiy-ma’rifiy, madaniy-gumanitar almashinuvlarni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.
MOXI direktori J. Vaxabov o‘zining kirish so‘zida 2005-yil 14-noyabrda imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shartnoma bugungi kunda O‘zbekiston va Rossiya hamkorligini rivojlantirishning mustahkam poydevorini tashkil etishini, jumladan iqtisodiyot, energetika, transport infratuzilmasi, ilm-fan, axborot texnologiyalari va gumanitar sohalarda ahamiyatli ekanligini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya O‘zbekistonning yetakchi hamkori sifatidagi mavqeini saqlab qolmoqda. So‘nggi 20 yil ichida ikki tomonlama savdo hajmi deyarli olti barobar oshib, 2005 yilda $2 mlrd dan 2024 yilda $11,6 mlrd ga yetgan. Faqat 2025 yil yanvar–avgust oylarida esa savdo aylanmasi $9 mlrd dan oshdi.
Davra suhbatining ochiq fikr almashish shaklida o‘tkazilishi siyosiy, iqtisodiy, energetik, migratsiya, gumanitar va boshqa sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqishga imkon berdi.
Tadbirda diplomatlar, O‘zbekiston va Rossiyaning yetakchi tahliliy markazlari hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari ishtirok etdi.