Uchrashuv davomida O‘zbekiston–Pokiston munosabatlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, shuningdek, mintaqaviy va ko‘p tomonlama kun tartibidagi qator dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Elchi ikki tomonlama hamkorlikning izchil va barqaror rivojlanayotganini yuqori baholab, siyosiy muloqotni yuqori darajada davom ettirish hamda istiqbolli ikki tomonlama aloqalarni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
O‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha aniq va mazmunli kun tartibini shakllantirish maqsadida 2026 yil yanvar oyida MOXI maydonida ikki mamlakat ishbilarmon va ekspert doiralari vakillari ishtirokida davra suhbati o‘tkazishga qiziqish bildirildi.
Amaliy hamkorlikni kengaytirish doirasida transport-logistika va aviatsiya sohalaridagi hamkorlik masalalari, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni faollashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Mazkur yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish Pokiston ishbilarmon doiralarining O‘zbekistondagi loyihalarda ishtirokini kengaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik bilan bog‘liq ayrim masalalar hamda mintaqadagi dolzarb tendensiyalar yuzasidan fikr almashildi. Barqarorlikni mustahkamlash va mintaqaviy hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish yo‘lida o‘zaro muloqot va muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuvda tahliliy va ekspert doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. MOXI va Pokistonning tegishli tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik amaliy yo‘naltirilgan bo‘lib, uni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish uchun katta salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida MOXI direktori boshchiligidagi delegatsiyaning Pokistonga amalga oshirilgan ishchi tashrifi doirasida Islomobod, Peshovar va Karachidagi qator ilmiy-tadqiqot va tahliliy markazlar bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan edi. Xususan, Pokiston Tadqiqot Markazi, Strategik Tadqiqotlar Instituti, Tinchlik va Diplomatik Tadqiqotlar Instituti, Sind Xalqaro Strategik Tadqiqotlar Markazi hamda Islomobod Mintaqaviy Tadqiqotlar Instituti bilan hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar imzolangan.