DMSK IAM Markaziy Osiyoda suv xo'jaligini uzoq muddatli rivojlantirish tamoyillari va yo'llarini ishlab chiqish, boshqaruvni takomillashtirish va mintaqadagi suv-ekologik vaziyatni yaxshilash bo'yicha tahliliy va axborot organidir.
Uchrashuvda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining ajralmas qismi sifatida 1992 yilda bosh qarorgohi Toshkent shahrida tashkil etilgan mazkur hududiy tashkilot faoliyati muhokama qilindi.
Shu bilan birga, mintaqada havo haroratining ko‘tarilishi, muzliklarning erishi, suv resurslarining qisqarishi davom etayotgan bir sharoitda Markaziy Osiyoda suv muammolarini hal etish eng muhim va dolzarb chora-tadbirlardan biriga aylangani ta’kidlandi.
Shu nuqtai nazardan, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida suv va atrof-muhit masalalari bo‘yicha ishonch va hamkorlikni mustahkamlash, transchegaraviy suvlardan oqilona foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida o‘zaro maqbul yechimlarni ishlab chiqishga ko‘maklashish masalalari ko‘rib chiqildi. Mintaqa mamlakatlari ekspert doiralari va ilmiy hamjamiyatlari o‘rtasida muloqot maydonini yaratish muhimligi ta’kidlandi.
Ayniqsa, O‘zbekiston rahbarining iqlim bo‘yicha “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va uglerod neytralligiga erishish borasidagi tashabbuslari Yangi O‘zbekistonning ustuvor strategik maqsadi ekani alohida ta’kidlandi.
Tomonlar suv-energetika sohasidagi hamkorlik, suvni tejash va iqlim o‘zgarishiga moslashish choralari, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, shuningdek, suv resurslarini muhofaza qilish masalalari bo‘yicha ekspert yordamini ko‘rsatishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.