Voqealar
29.12.2025
|
294
MOXIda Tojikistonning yangi tayinlangan elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2025-yil 25-dekabr kuni Markaziy Osiyo xalqaro institutida (MOXI) Institut direktori Javlon Vaxabovning Tojikistonning O‘zbekistondagi elchisi Ismatullo Nasreddin bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida o‘zbek-tojik hamkorligining dolzarb masalalari, shuningdek, “MO+” ko‘p tomonlama formatlari doirasida o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Suhbat avvalida MOXI direktori Elchini lavozimga tayinlanishi bilan tabriklab, unga diplomatik faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi. U tarixiy yaqinlik, madaniy qarindoshlik va o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlarning o‘ziga xos xususiyatini ta’kidlab, Markaziy Osiyoda mintaqaviy kun tartibini ilgari surishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Institutning asosiy tadqiqot yo‘nalishlarini taqdim etdi.

Muhokamalar chog‘ida o‘zbek-tojik munosabatlarini yana-da rivojlantirish istiqbollari, xususan, tahliliy markazlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, qo‘shma davra suhbatlari va ekspertlik tadbirlarini o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ekspertlik tadbirlarida xususiy sektor vakillarining ishtiroki muhokamalarga amaliy tus bag‘ishlashi alohida ta’kidlandi.

O‘z navbatida, Tojikiston elchisi MOXI bilan hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirib, mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalarni hal etish va keng manfaatdor tomonlar orasida ekspertlik takliflarini ilgari surishda tahliliy tuzilmalarning rolini qayd etdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy va ekspertlik-tahliliy hamkorlikni yana-da rivojlantirishga, shuningdek, o‘zbek-tojik sherikligini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom