Voqealar
31.01.2026
|
238
MOXIda Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi brifingi bo'lib o'tdi
Markaziy Osiyo xalqaro institutida (MOXI) Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi (XIFA) delegatsiyasining O'zbekistonga tashrif doirasida Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo'mitasining 20-chaqiriq 4-plenumi yakunlari hamda Xitoy Xalq Respublikasining 15-besh yillik (2026–2030 yy.) ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish rejasining asosiy yo'nalishlariga bag'ishlangan brifing bo'lib o'tdi.

Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, siyosiy partiyalar, davlat organlari va Toshkentdagi Xitoy Elchixonasi, shuningdek O'zbekiston va Xitoyning ilmiy-tadqiqot va tahliliy markazlari vakillari ishtirok etdi.

Brifing davomida ishtirokchilar davlat boshqaruvi va ijtimoiy-iqtisodiy rejalashtirish sohasida tajriba almashish orqali ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek O'zbekiston va Xitoyning rivojlanish strategiyalarini uyg'unlashtirish masalalarini muhokama qildilar.

MOXI direktori Javlon Vaxabov o'z nutqida Xitoy bilan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, kambag'allik darajasini qisqartirish, sanoat va qishloq xo'jaligini modernizatsiya qilish sohalarida tajriba almashishning amaliy ahamiyatini ta'kidladi.

Bu yo'nalishlarda Xitoyning jadal rivojlanishi ikki tomonlama va mintaqaviy o'zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun qo'shimcha imkoniyatlar ochayotganligi qayd etildi.

XIFA prezidenti Gao Syan o'z ma'ruzasida O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va barqaror iqtisodiy o'sish O'zbekiston-Xitoy hamkorligini kengaytirish uchun mustahkam poydevor yaratayotganligini, bu esa bayonotlardan erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish imkonini berayotganligini ta'kidladi.

Gao Syanning ta'kidlashicha O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szin`pin tomonidan olib borilayotgan izchil va puxta siyosat, shuningdek tarixiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarga asoslangan ikki tomonlama munosabatlarning strategik xususiyati bunday yaqinlashuvga zamin yaratmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining o'rinbosari Raxim Xakimov uzoq muddatli rivojlanish yondashuvlarining uyg'unlashtirish masalasiga e'tibor qaratib, Xitoyning 15-besh yillik rivojlanish rejasidagi asosiy ustuvor yo'nalishlar ko'p jihatdan yangilangan «O'zbekiston – 2030» strategiyasi qoidalari bilan hamohang ekanligini qayd etdi. Bu esa hamkorlikni chuqurlashtirish bo'yicha kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish uchun kontseptual asos yaratadi.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazining ijrochi direktori Eldor Tulyakov ikki davlat o'rtasida davlat boshqaruvi sohasida tajriba almashishning ahamiyatini ta'kidlab, unda hokimiyat institutlarini takomillashtirish, qonun ustuvorligini mustahkamlash va aholi farovonligini oshirishga alohida e'tibor qaratilayotganligini qayd etdi.

Umuman olganda, ishtirokchilar O'zbekiston va Xitoyning strategik sheriklikni chuqurlashtirishga, davlat boshqaruvi organlari o'rtasidagi o'zaro hamkorlikni kengaytirishga hamda o'zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qat'iy intilishini tasdiqladilar.

 

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom