Muzokaralar davomida O‘zbekiston–Yaponiya strategik hamkorligining asosiy yo‘nalishlari hamda “Markaziy Osiyo – Yaponiya” formatidagi o‘zaro aloqalarni yanada chuqurlashtirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, MOXI direktori institut faoliyati, uning maqsad va vazifalari haqida batafsil ma’lumot berib, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi doirasida rivojlanib borayotgan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini yoritib o‘tdi.
O‘z navbatida, Yaponiya elchisi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholab, mamlakatimizning mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shayotgan muhim hissasini alohida ta’kidladi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida katta yutuqlarga erishdi va bu jarayonda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi formati muhim o‘rin egallab, mintaqaviy muloqotning samarali tizimini shakllantirdi. Shu asosda mintaqadagi mamlakatlarning kelajagi bir biri bilan chambarchas bog‘liq ekani va bu jarayonda O‘zbekiston yetakchi o‘rin egallashi borasida aniq tasavvurga ega bo‘ldim”, deya o‘z fikrini bildirdi K. Xirata.
Muzokaralar davomida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida erishilgan natijalar, ilgari surilgan muhim tashabbuslarning ahamiyati, shuningdek yaqinda bo‘lib o‘tgan Toshkent sammiti yakuniy natijalariga alohida urg‘u berildi.
Bundan tashqari, K. Xirata Tokio shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Markaziy Osiyo – Yaponiya” Davlat rahbarlari sammitining strategik ahamiyatini ta’kidladi. Mazkur sammit turli sohalarda o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda.
Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy takliflar ishlab chiqish va qo‘shma tashabbuslarni samarali amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.