Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarning joriy holati va rivojlanish istiqbollari, hamda «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» doirasidagi o’zaro munosabatlar holati muhokama qilindi.
Xususan, Toivo Klaar 2025-yil Markaziy Osiyoda «Yevropa yili» bolganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo–Yevropa Ittifoqi» birinchi sammiti yakunlari bo‘yicha mintaqalararo munosabatlarning strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganligi buning yaqqol dalilidir.
Bundan tashqari, elchi Prezident Shavkat Mirziyoyevning Bryusselga rasmiy tashrifi chog‘ida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi muhim bosqich bo‘lganligini, shuningdek, Ashxobod shahrida Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari vazirlarining 20-uchrashuvi hamda Toshkent shahrida «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» uchinchi iqtisodiy forumi tashkil etilishi o‘zaro munosabatlarning jadal rivojlanishiga hissa qo‘shganligini ta’kidlab o‘tdi.
Joriy yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 7–Maslahat uchrashuvi yakunlariga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu uchrashuv davomida Ozarbayjonning mintaqaviy hamkorlik formatiga rasmiy qo‘shilganligi e’lon qilindi. Mazkur qaror Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda muhim bosqich bo‘lib, transport-logistika yo‘nalishlari hamda Yevropa Ittifoqi va mintaqamiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shimcha turtki berishi ta’kidlandi.
O‘z navbatida, J. Vaxabov mintaqalar tahliliy markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish zarurligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ekspert uchrashuvlarini muntazam o‘tkazilishi, shuningdek, joriy yilda MOXIda o’tkazilgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” tahliliy markazlar forumi platformasidan faol foydalanish istiqbolda oliy darajadagi muzokaralar kun tartibini mazmunan boyitishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni davom ettirishga, shuningdek, qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish va ilgari surish maqsadida ekspertlar hamkorligini mustahkamlash yo‘lida sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.