Voqealar
21.05.2025
|
212
MOXIda Yuta shtati delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Markaziy Osiyo Xalqaro Instituti (MOXI) direktori Javlon Vahabov AQShning Yuta shtati delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Delegatsiyaga Yuta shtati Senati raisi J. Styuart Adams boshchilik qildi. Bu senator Adamsning O‘zbekistonga ikkinchi tashrifi bo‘lib, bu o‘zaro ishonch mustahkamlanib borayotganini va ikki tomonlama hamkorlikning jadallashib borayotganini yaqqol tasdiqlaydi.

Uchrashuv davomida tomonlar barqaror foydalanuv asosida foydali qazilmalarni o‘zlashtirish, investitsiyalar jalb etish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Yuta shtati Senati raisi o‘z nutqida O‘zbekistonning texnologik taraqqiyotdagi yutuqlarini yuksak baholab, mamlakatning axborot texnologiyalari va raqamli transformatsiya sohasidagi muvaffaqiyatlari Amerika biznesining katta qiziqishiga sazovor bo‘layotganini ta’kidladi.

Tomonlar yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ta’lim dasturlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdilar. Shu munosabat bilan Yuta shtati Jahon savdo markazi bosh direktori Jonatan Fridman O‘zbekiston va Yuta shtatining demografik tuzilmasi o‘xshashligini qayd etdi — har ikki hudud aholisi 60 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi.

MOXI direktori Javlon Vahabov o‘z navbatida ta’limni barqaror davlatlararo sheriklikning asosi sifatida qayd etdi. Markaziy Osiyo aholisi tez sur’atlar bilan o‘sib borayotganini inobatga olgan holda, tomonlar Yutadan yangi ta’lim tashabbuslarini jalb qilish va yoshlar hamda yuqori texnologik rivojlanishga qaratilgan dasturlarni kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Uchrashuvda Stirling Foundation prezidenti Maykl Hansen ushbu AQSh notijorat fondi 2019 yildan buyon dunyoning 45 mamlakatida 450 dan ortiq loyihani amalga oshirganini ma’lum qildi. O‘zbekiston fond faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan bo‘lib, bu yerda ta’lim, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlik va madaniyatlararo muloqot sohalarida yirik tashabbuslar amalga oshirilmoqda.

So‘nggi uch yil davomida Stirling Foundation ko‘magida 200 dan ortiq viloyatlardagi ayollar biznes ko‘nikmalarini rivojlantirish dasturlari bo‘yicha o‘qitildi. Qishloq hududlaridagi talabalar uchun liderlik va tadbirkorlik salohiyatini oshirishga qaratilgan ta’lim kurslari tashkil etilib, ularda 300 dan ortiq kishi ishtirok etdi. Inklyuziv ta’limni qo‘llab-quvvatlash doirasida 60 dan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslarni qamrab olgan stipendiya dasturi ishga tushirildi.

Raqamli va texnologik rivojlanish sohasida J. Fridman o‘zbek IT-kompaniyalarining xalqaro raqamli forumlardagi, xususan Yutada bo‘lib o‘tgan Silicon Slopes sammitidagi faol ishtirokini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunga kelib, 2 000 dan ortiq o‘zbekistonlik fuqarolar bu yo‘nalishlarda muvaffaqiyatli mehnat qilmoqda. U, shuningdek, O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi va Yuta shtati Jahon savdo markazi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolanganini muhim voqea sifatida qayd etdi.

Uchrashuv yakunida MOXI direktori Javlon Vahabov ikki tomonlama tashabbuslarni tizimli qo‘llab-quvvatlash natijasida erishilgan kelishuvlar amaliy shaklga aylanayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u MOXI tomonidan mintaqaviy va xalqaro hamkorlik doirasida ta’lim, gumanitar va texnologik loyihalarni chuqur o‘rganishga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar o‘zaro qadriyatlar, innovatsiyalarga intilish va O‘zbekiston hamda Yuta shtati fuqarolari uchun yangi imkoniyatlar yaratishga asoslangan barqaror hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom