Tadbir Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlarining diplomatik korpusi, yetakchi tahliliy markazlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda akademik doiralari vakillarini birlashtirdi.
Ikki kunlik muhokamalar davomida ishtirokchilar savdo-investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, raqamli texnologiyalar, toza energetika va muhim minerallar sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, transport bog‘liqligini mustahkamlash, shuningdek, ta’lim, madaniyat va kadrlar tayyorlash yo‘nalishlaridagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Forumni onlayn formatda ochib bergan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, MOXI direktori Javlon Vaxabov so‘nggi yillarda Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarning mustahkam siyosiy va institutsional asoslari shakllanganini ta’kidladi. Bunda Hindistonning «Connect Central Asia» siyosati, oliy darajadagi uchrashuvlar va tashqi ishlar vazirlari o‘rtasidagi muntazam muloqot muhim o‘rin tutgani qayd etildi.
Shu bilan birga, J. Vaxabov siyosiy hamkorlikning yuqori darajasi hali to‘liq iqtisodiy natijalarga aylanmaganiga e’tibor qaratdi. Xususan, 2010–2023 yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 3,5 barobarga – 500 mln dollardan 1,7 mlrd dollargacha oshgan bo‘lsa-da, bu ko‘rsatkich tomonlarning mavjud salohiyatiga to‘liq mos kelmaydi. Shu munosabat bilan ekspert muloqotidan qo‘shma investitsiyaviy, ishlab chiqarish va texnologik loyihalarni amalga oshirishga o‘tish muhimligi ta’kidlandi.
O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Sardor Rustamboyev bugungi hamkorlik Hindiston va Markaziy Osiyo xalqlarini bog‘lab turgan ko‘p asrlik savdo, madaniy va ilmiy-ma’rifiy aloqalarga asoslanishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ekspertlar muloqoti ushbu tarixiy merosni yangi amaliy tashabbuslar bilan boyitishda muhim o‘rin tutadi.

O‘z navbatida, Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi Smita Pant ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar izchil mustahkamlanib borayotganini qayd etib, transport, raqamli va moliyaviy o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, Hindiston va Markaziy Osiyo o‘rtasida savdo infratuzilmasini takomillashtirish, to‘lov mexanizmlarini rivojlantirish va logistika yo‘nalishlarini kengaytirish masalalariga e’tibor qaratdi.

Forumning birinchi sessiyasi iqtisodiy sheriklik, savdo-investitsiyaviy aloqalar va ishbilarmonlik hamkorligini kengaytirish masalalariga bag‘ishlandi.
Turkmanistonlik ekspert Kakajan Berdiyev an’anaviy savdo munosabatlaridan qo‘shma ishlab chiqarish va mintaqaviy qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirishga o‘tish muhimligini ta’kidladi. Bu borada Markaziy Osiyoning resurs salohiyati va Hindistonning sanoat imkoniyatlarini birlashtirish istiqbollariga e’tibor qaratdi.

Hindistonlik ekspert Angira Sen Sarma energetika, qishloq xo‘jaligi, qayta ishlash sanoati va farmatsevtika sohalarida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini qayd etdi. Shuningdek, ishtirokchilar transport-logistika sohasidagi mavjud to‘siqlarni bartaraf etish, investitsiyaviy va bank-moliya aloqalarini faollashtirish zarurligini ta’kidladilar.

Forumning texnologiyalar, toza energetika va muhim minerallar sohalaridagi hamkorlikka bag‘ishlangan ikkinchi sessiyasida raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda xomashyoni qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.
Tillotoma Foundation eksperti Mina Singh Roy Hindistonning raqamli jamoat infratuzilmasi sohasidagi tajribasi, suv resurslari va qishloq xo‘jaligi yerlarini monitoring qilishda sun’iy yo‘ldosh texnologiyalaridan foydalanish hamda muhim minerallar sohasida hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlariga e’tibor qaratdi. Shuningdek, Markaziy Osiyo, Hindiston va Yaponiya ishtirokida xomashyo resurslari, qayta ishlash texnologiyalari va sanoat salohiyatini birlashtiruvchi uch tomonlama loyihalarni amalga oshirish istiqbollari qayd etildi.

Hindiston xalqaro aloqalar kengashi (ICWA) vakili Punit Gaur transmilliy optik tolali aloqa yo‘laklarini rivojlantirish, keng polosali internet qamrovini kengaytirish, raqamli savodxonlikni oshirish va kiberxavfsizlikni ta’minlash muhimligini ta’kidladi.

Shuningdek, «Hindiston – Markaziy Osiyo» raqamli sheriklik forumini tashkil etish va uning birinchi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazish taklifiga alohida e’tibor qaratildi.
Forumning uchinchi sessiyasi transport bog‘liqligini mustahkamlash va logistikani rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.
O‘zbekiston Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi vakili Abdurashid Bozorov xalqaro transport yo‘laklarini, jumladan, «Shimol – Janub» yo‘lagini rivojlantirish, Chobahor porti imkoniyatlaridan foydalanish hamda Transafg‘on temir yo‘li loyihasini amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.

Turkmanistonlik ekspert Aknur Saparova barqaror savdo aloqalari yagona transport yo‘nalishiga emas, balki bir-birini to‘ldiruvchi transport yo‘laklari tarmog‘iga tayanishi lozimligini qayd etdi. Ishtirokchilar infratuzilmani rivojlantirish bilan bir qatorda bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, multimodal logistikani kengaytirish va yuk tashish jarayonlarini raqamlashtirish zarurligiga e’tibor qaratdilar.

To‘rtinchi sessiya madaniy-gumanitar hamkorlik, ta’lim va inson kapitaliga investitsiya kiritish masalalariga bag‘ishlandi.
Javoharlal Neru universiteti professori Priti Das madaniy merosni asrab-avaylash, ijodiy sohalarni rivojlantirish, shuningdek, ilmiy va kasbiy hamjamiyatlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirishga qaratilgan qo‘shma loyihalar istiqbollarini qayd etdi.

Forum yakunlarini sarhisob qilgan ORF yetakchi ilmiy xodimi Nandan Unnikrishnan Hindiston va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikning hali to‘liq ro‘yobga chiqarilmagan salohiyatiga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, amaliy hamkorlikni rivojlantirishda barqaror transport aloqalari, raqamli texnologiyalar, ta’lim sohasidagi hamkorlik va xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Ikki kunlik forum yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar ekspertlar muloqotini davom ettirish, qo‘shma tadqiqotlar olib borish hamda Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi uzoq muddatli sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan amaliy takliflar ishlab chiqish zarurligini ta’kidladilar.