Voqealar
31.05.2025
|
183
Stokgolmda “Markaziy Osiyo – Shimoliy Kengash” hamkorligi istiqbollari muhokama qilindi
Stokgolm shahrida “Markaziy Osiyo, Yevropa va Shimoliy Kengash: imkoniyatlar va chaqiriqlar” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir Stokgolmdagi Xavfsizlik va taraqqiyot siyosati instituti (ISDP) va O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi.

O‘zbekiston nomidan konferensiyada Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vahabov, Rivojlanish strategiyasi markazi direktori Eldor Tulyakov hamda Makroiqtisodiy tadqiqotlar va prognozlash instituti direktori Umid Abidxo‘jayev ishtirok etdi.

Panel sessiyalarda Shvetsiyaning Xavfsizlik va taraqqiyot siyosati instituti direktori Svante Kornel, Norvegiya xalqaro aloqalar instituti iqlim va energetika bo‘yicha yetakchi tadqiqotchisi Roksana Vakalchuk, Finlyandiya xalqaro aloqalar instituti eksperti Katri Silvan, Qozog‘iston Prezidentiga qarashli Strategik tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi Aigerim Musabekova hamda Skandinaviya davlatlarining yetakchi ilmiy markazlari vakillari ishtirok etdi.

Ikki kunlik muhokamalar davomida skandinaviyalik hamkorlarga Markaziy Osiyodagi tub o‘zgarishlar, O‘zbekistonning mintaqaviy yaxshi qo‘shnichilik siyosatining ustuvor yo‘nalishlari hamda barqaror rivojlanish, xavfsizlik va umumiy farovonlikni ta’minlashda hamkorlik tashabbuslari taqdim etildi.

MOXI direktori Javlon Vahabov o‘z nutqida tashqi siyosatdagi faollik ortib borayotgan Markaziy Osiyo ko‘plab mamlakatlar va xalqaro tuzilmalar bilan “С5+” formatlarida hamkorlik olib borayotgani, va ayni paytda Shimoliy Kengash mintaqaning yangi strategik hamkoriga aylanishi mumkinligini ta’kidladi. Bu borada Skandinaviya davlatlari ilg‘or tajriba va amaliy yechimlarni taklif eta oladi.

Javlon Vahabov Markaziy Osiyo va Shimoliy Yevropa o‘rtasidagi istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlariga to‘xtalar ekan, Shimoliy Kengash a’zolari “yashil” texnologiyalar va raqamlashtirishda yetakchi o‘rinlarda ekanligini alohida ta’kidladi. Islandiya elektr energiyasining 90 foizidan ortig‘ini qayta tiklanuvchi manbalardan oladi, Shvetsiya maishiy chiqindilarning 99 foizini qayta ishlaydi, Finlyandiya va Daniya esa Yevropada raqamlashtirish darajasi bo‘yicha yetakchilar qatorida. Unga ko‘ra, bu tajriba va investitsiyalar – jumladan, Shimoliy investitsiya banki va Shimoliy taraqqiyot jamg‘armasi orqali – O‘zbekiston kabi davlatlarda ekologik va raqamli transformatsiyani tezlashtirishda muhim omil bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, MOXI direktori Skandinaviya mamlakatlarining ta’lim va innovatsiyalar sohasidagi yutuqlari yosh aholiga ega Markaziy Osiyo uchun ayni muddao ekanligini ta’kidladi. Ilg‘or tajribani joriy etish orqali ta’lim sifatini oshirish, malakali kadrlar tayyorlash va barqaror rivojlanishga xizmat qiluvchi islohotlarni jadallashtirish mumkin.

Transport bog‘liqligini mustahkamlash doirasida J. Vahabov Markaziy Osiyoning Osiyo va Yevropani bog‘lovchi tranzit markaz sifatidagi strategik ahamiyatini qayd etdi. Bu borada Xitoy–Yevropa yo‘nalishidagi yuk tashuvlarda Maersk (Daniya) va Nurminen Logistics (Finlyandiya) kabi Shimoliy Yevropa kompaniyalari faol ishtirok etayotgani e’tirof etildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar Markaziy Osiyo va Skandinaviya davlatlari tahlil markazlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash zarurligini ta’kidladi.

Xususan, “Markaziy Osiyo – Shimoliy Kengash” ekspertlar forumini ishga tushirish taklifi ilgari surildi. Ushbu platforma ilmiy-tadqiqot loyihalarini muvofiqlashtirish, tajriba almashish va o‘zaro ishonchni mustahkamlash imkonini beradi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom