Xayriddin Usmonzoda Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi davomida chuqur taassurot olganini bildirib, ushbu noyob majmua haqli ravishda o‘zbek me’morchilik maktabining yorqin timsoli, shuningdek, mintaqaning boy ilmiy, tarixiy va ma’naviy salohiyatining ifodasi ekanini ta’kidladi.
Mehmon tarixiy xotirani asrash, ma’naviy ildizlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish va milliy o‘zlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratdi. U O‘zbekiston va Tojikiston xalqlarini mushtarak tarixiy-madaniy meros bog‘lab turishini, Islom sivilizatsiyasi markazi kabi obyektlarning bunyod etilishi esa butun mintaqa uchun muhim voqea ekanini qayd etdi.
Markazga tashrifning eng yodda qolarli va chin ma’noda ramziy lahzalaridan biri delegatsiyaning islom olamining eng ulug‘ muqaddas yodgorliklaridan biri – Usmon Qur’oni bilan tanishgani bo‘ldi. Ushbu nodir yodgorlik haqli ravishda eng qadimiy islomiy muqaddas yodgorliklardan biri sifatida e’tirof etiladi. Mazkur voqeaga uning muborak Ramazon oyida sodir bo‘lgani alohida ma’no bag‘ishlab, tashrifni yanada chuqur ruhiy mazmun va o‘zgacha ehtirom muhiti bilan to‘ldirdi.
Delegatsiyada Markazning chuqur va puxta ishlab chiqilgan konsepsiyasi ham katta qiziqish uyg‘otdi. Majmuaning ekspozitsiya maydoni mintaqaning yaxlit tarixiy taraqqiyotini, jumladan, islomgacha bo‘lgan sivilizatsiyalar davrini, Birinchi va Ikkinchi Renessans bosqichlarini, XX asrda O‘zbekistonning rivojlanish jarayonini, shuningdek, Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans shakllanishi davrini izchil kuzatish imkonini beradi.
Ta’kidlanganidek, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi 2026-yilda eng ko‘p kutilayotgan oltita muzey ochilishidan biri sifatida e’tirof etildi. Bu esa O‘zbekistonning madaniy va tarixiy merosiga xalqaro qiziqish tobora ortib borayotganining yana bir yorqin dalili bo‘ldi.
Madaniy dasturining navbatdagi manzili Zarqaynar turizm ko‘chasi bo‘ldi. Qayd etilganidek, bu yerda har bir tashrif buyuruvchi “eski” Toshkent shahrining o‘ziga xos muhitini, uning tarixiy ruhi va ko‘p asrlik betakrorligini chuqur his etishi, ayni paytda ana shu zamin asosida qadimiy shahar hayotida yangi sahifa shakllanayotganiga guvoh bo‘lishi mumkin.
Xayriddin Usmonzoda bu yerda turizm, tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish uchun yaratilgan qulay sharoitlarni ham alohida ta’kidladi. Uning qayd etishicha, bu yerda an’anaviy kolorit va shahar infratuzilmasini rivojlantirishdagi zamonaviy yondashuvlar uyg‘un tarzda mujassam.
Madaniy dastur yakunida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga yuksak baho berildi. Ta’kidlanganidek, ushbu o‘zgarishlar xalqlarning yanada yaqinlashuviga, do‘stlik va o‘zaro anglashuv muhitining mustahkamlanishiga, shuningdek, mamlakatning boy turizm salohiyatini yanada to‘liq ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda.

![]()