Forum ishida ikki mamlakat diplomatik missiyalari rahbarlari, Markaziy Osiyo va Germaniyaning yetakchi tahliliy markazlari ekspertlari, shuningdek, Germaniya jamg‘armalari hamda ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdilar (70 kishi).
Tadbir davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya manfaatlarini strategik jihatdan uyg‘unlashtirish, transport bog‘liqligi va logistikani rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar, shu jumladan, “O‘rta koridor”ni kengaytirish, raqamli va energetika infratuzilmasini barpo etish kabi muhim masalalar ko‘rib chiqildi.
Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vaxabov tadbirni ochar ekan, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo va Germaniya o‘rtasidagi hamkorlik strategik manfaatlarning yaqinlashuvi tufayli sifat jihatidan o‘sish bosqichiga o‘tganligini ta’kidladi. Ushbu jarayonning asosiy mexanizmi “MO+” formati bo‘lib, u Berlin (2023 y.) va Ostona (2024 y.) sammitlaridan so‘ng o‘zining institusional maqomini mustahkamladi hamda hamkorlikni yangi strategik darajaga olib chiqdi.

Mavzuni davom ettirgan holda, O‘zbekistonning Germaniyadagi Elchisi Dilshod Axatov mintaqadagi siyosiy muhit sifat jihatidan yangilanganligini qayd etdi. Elchining ta’kidlashicha, Markaziy Osiyodagi yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonch muhiti oliy darajadagi muloqotlar, xususan, “Markaziy Osiyo — Germaniya” formati doirasidagi aloqalarning jadalligida o‘z ifodasini topmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, istiqbolli va konstruktiv muloqot uchun mustahkam zamin yaratdi.

O‘z navbatida, Germaniyaning O‘zbekistondagi Elchisi Manfred Xuterer bugungi kunda Markaziy Osiyo xalqaro maydonda nufuzi tobora ortib borayotgan strategik ahamiyatga ega mintaqa ekanligini e’tirof etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Berlin mintaqada barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash, izchil rivojlanish hamda davlatlar mustaqilligini yana-da mustahkamlashga yo‘naltirilgan uzoq muddatli va teng huquqli sheriklikni qaror toptirishdan manfaatdor.

Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasining mintaqaviy direktori V. Nikitenko ta’kidlaganidek, aholisining umumiy soni qariyb 80 million kishini, YAIMning o‘rtacha o‘sish sur’ati esa 6 foizni tashkil etuvchi Markaziy Osiyo mintaqasi Germaniyaning iqtisodiy kun tartibida strategik muhim o‘rin egallaydi.
- Adenauer jamg‘armasining vakili K. Exle “MO+” formatlarining ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi. Ta’kidlanganidek, mintaqaning birdamligi uning muzokaralar olib borish salohiyatini sezilarli darajada mustahkamlaydi va muloqot samaradorligini oshiradi.
Germaniya iqtisodiyotining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi (AHK) rahbari E. Kinsbruner o‘ta muhim xomashyo resurslari sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratdi. Ta’kidlanishicha, mintaqaning boy geologik salohiyati hamda Germaniyaning ekologik xavfsiz qazib olish texnologiyalari uyg‘unligi global “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish imkonini beradi.

Restart Initiative asoschisi E. Millining hisoblashicha, “O‘rta koridor”ni rivojlantirish barcha ishtirokchi davlatlarning sa’y-harakatlarini yaqindan muvofiqlashtirishni talab etadi. Ekspertning fikricha, ushbu loyiha nafaqat iqtisodiy asoslarga, balki samimiy sheriklik va hamjihatlik tamoyillariga ham tayanishi lozim.
Germaniya Iqtisodiyot va iqlimni muhofaza qilish federal vazirligi eksperti P. Bilek hozirgi sharoitda transport infratuzilmasi yetkazib berish zanjirlari barqarorligi va strategik mustaqillikni ta’minlashda muhim omil bo‘lib qolayotganligini ta’kidladi.
“Maecenata” jamg‘armasining katta strategik maslahatchisi, doktor Rupert Graf Straxvits inson kapitalini rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Qayd etilganidek, ta’lim va ilm-fanga yo‘naltirilgan investitsiyalar texnologik sheriklikning poydevori hisoblanadi. Bugungi kunda O‘zbekistonda 400 mingga yaqin kishi nemis tilini o‘rganmoqda, bu esa ilmiy almashinuvlarni kengaytirish uchun noyob zamin yaratadi. “Yangi O‘zbekiston” universiteti va Myunxen texnika universiteti (TUM) o‘rtasidagi aloqalar bunday hamkorlikning muvaffaqiyatli namunasi sifatida e’tirof etildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar “Markaziy Osiyo — Germaniya” formati sheriklikni mustahkamlash hamda mintaqalararo rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olishda muhim platforma sifatida o‘zini to‘la oqlaganligi borasida yakdil fikr bildirdilar.
Markaziy Osiyo mamlakatlarining Berlin bilan erishgan hamkorlik darajasi sheriklikni yana-da amaliy mazmun bilan boyitish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Mintaqa davlatlari tomonidan amalga oshirilayotgan ko‘p vektorli tashqi siyosat Germaniya va Yevropa Ittifoqining strategik manfaatlariga to‘liq mos keladi.
Forum tomonlarning o‘zaro ishonch, institusional uyg‘unlik va uzoq muddatli sheriklikka asoslangan yangi hamkorlik modelini shakllantirishga intilishini yaqqol namoyon etdi.
