Tadbir tashkilotchilari sifatida Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) hamda Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi (STM) ishtirok etdi.
Forumda vazirlik va idoralar, diplomatik missiyalar, ishbilarmon doiralar, shuningdek, O‘zbekiston va Tojikistonning yetakchi tahliliy hamda ilmiy-tadqiqot markazlaridan 150 dan ortiq vakillar qatnashdi.
Ishtirokchilar O'zbekiston-Tojikiston hamkorligining bugungi holati va istiqbollarini, ittifoqchilik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, tarmoq idoralari va biznes hamjamiyatlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, mintaqaviy formatlar doirasidagi muvofiqlashtirishni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.
Tadbir avvalida MOXI direktori Javlon Vahobov O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilarining siyosiy irodasi hamda o‘zaro ishonchi tufayli ikki tomonlama hamkorlik so‘nggi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini va bugungi kunda u savdo, investitsiyalar, transport va energetikadan tortib sanoat kooperatsiyasi, shuningdek madaniy-gumanitar aloqalargacha bo‘lgan deyarli barcha muhim yo‘nalishlarni qamrab olayotganini ta’kidladi.

“O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi aloqalar ishonch va siyosiy iroda mavjud bo‘lsa, hatto eng murakkab masalalar ham yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat ruhida hal etilishi mumkinligini yaqqol namoyon etmoqda. Bugun oldimizda ittifoqchilikning erishilgan darajasini nafaqat ikki mamlakat, balki butun Markaziy Osiyo taraqqiyotining uzoq muddatli resursiga aylantirishdek yanada ulkan vazifa turibdi”, – deya ta’kidladi Javlon Vahobov.
O‘z navbatida, STM direktori Xayriddin Usmonzoda murakkab mintaqaviy va xalqaro vaziyat sharoitida Dushanbe Toshkent bilan munosabatlarga strategik va uzoq muddatli nuqtayi nazardan qarayotganini, ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash esa butun Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi va xavfsizligi manfaatlariga xizmat qilishini qayd etdi.
“Bugun Tojikiston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘zaro manfaatli hamkorlikka sodiqligini aniq amaliy harakatlar bilan tasdiqlamoqda”, – deya ta’kidladi Xayriddin Usmonzoda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Ulug‘bek Shermatov parlamentlararo hamkorlik o‘zbek-tojik hamkorligining muhim yo‘nalishiga aylanib borayotganini, bu esa siyosiy o‘zaro anglashuvni va ikki tomonlama munosabatlarning institutsional asoslarini mustahkamlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
“Parlamentlararo muloqot bizga qonun ijodkorligi borasidagi tajriba bilan bevosita almashish, umumiy mintaqaviy va xalqaro muammolarni hal etishga yondashuvlarni uyg‘unlashtirish, shuningdek o‘zaro manfaatli masalalar yuzasidan yagona pozitsiyani shakllantirish imkonini beradi”, – dedi Ulug‘bek Shermatov.
Tojikiston Respublikasi Milliy fanlar akademiyasi Osiyo va Yevropa mamlakatlari muammolarini o‘rganish instituti direktori Rustam Haydarzoda O‘zbekiston va Tojikistonning strategik ittifoqi mintaqaviy birlik mustahkamlanib, mintaqaning subyektligi ortib borayotgan sharoitda Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirishning asosiy tayanchlaridan biri ekanini qayd etdi.

“Hozirda mintaqaviy o‘zlikni shakllantirish va Yangi Markaziy Osiyoni barpo etish jarayoni kechmoqda. Mintaqa davlatlari yetakchilarining sa’y-harakatlari tufayli Markaziy Osiyoning yangi qiyofasi shakllanmoqda”, – deya ta’kidladi Rustam Haydarzoda.
O'zbekiston-Tojikiston munosabatlarining yangi modeli haqida so‘z yuritar ekan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov ushbu model strategik pragmatizm, tarixiy-madaniy yaqinlik hamda uzoq muddatli taraqqiyot maqsadlarining mushtarakligiga asoslanganini ta’kidladi.
Ikki davlat muloqotining mintaqaviy jarayonlarga ta’sirini tahlil qilar ekan, STM Tashqi siyosatni tahlil qilish va prognozlash boshqarmasi bosh mutaxassisi Sherali Rizoyon mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarning tiklanishi va izchil mustahkamlanishi Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlaganini qayd etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tashqi siyosiy tadqiqotlar va xalqaro tashabbuslar markazi direktori Sanjar Valiyev zamonaviy global tahdidlarga javob qaytarishda yoshlarning muhim resurs sifatidagi o‘rniga alohida e’tibor qaratdi. Shu munosabat bilan u dolzarb mintaqaviy kun tartibini muhokama qilish uchun qo‘shma yoshlar-ekspert platformalarini shakllantirishni taklif etdi.
Ilmiy va madaniy hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritar ekan, STM Ijtimoiy muammolar, migratsiya va jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha tahlil va prognozlash boshqarmasi boshlig‘i Kamola Xolmatiyon akademik almashinuvdagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, ilmiy-ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek madaniyat, yoshlar siyosati va turizm sohalarida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning bugungi holati hamda istiqbollarini ko‘rib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktorining o‘rinbosari Xurshed Asadov o‘zaro savdo hajmining barqaror o‘sish sur’atini qayd etdi. Unga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich 2017–2025-yillarda 3,8 barobarga oshib, $238 million $912 million yetgan.
Shuningdek, Jahon banki guruhi Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC)ning Tojikistondagi vakolatxonasi rahbari Farrux Sultonov o‘zbek-tojik iqtisodiy hamkorligining asosiy salohiyati raqobatda emas, balki qo‘shma qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirishda ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, bu jarayon Tojikistonning xomashyo va energetika bazasidan boshlab, O‘zbekiston orqali qayta ishlash va Yevrosiyo bozorlariga chiqishgacha bo‘lgan yo‘nalishlarni qamrab oladi.

Iqtisodiy kooperatsiyani kengaytirish masalasini davom ettirar ekan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ilmiy kotibi Muzaffar Karimov tomonlar o‘zaro savdo hajmini $2 milliard yetkazishga kelishib olganini, bunda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish yaqin yillardagi qo‘shma ishlarning ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilanganini ta’kidladi.
Ikki mamlakatning ko‘p tomonlama mintaqaviy formatlardagi hamkorligini mustahkamlash masalalarini muhokama qilar ekan, Tojikiston milliy universiteti Xalqaro munosabatlar kafedrasi mudiri Amriddin Sharipov O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlarining rivojlanishi Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning yangi modelini shakllantirishga sezilarli ta’sir ko‘rsatayotganini qayd etdi.

O‘z navbatida, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti birinchi prorektori hamda Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti direktori Akram Umarov Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari bosqichma-bosqich faollashib borayotganiga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, ushbu mexanizmni yanada mustahkamlash mintaqaviy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish imkonini beradi.
Mustaqil tojik siyosiy eksperti Umed Hakimov O‘zbekiston va Tojikistonning suv-energetika resurslari, transport yo‘laklari, sanoat parklari, ta’lim, ekologiya va turizm kabi sohalardagi hamkorligi Markaziy Osiyoda ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash uchun mustahkam asos yaratishini ta’kidladi.

Umuman olganda, ishtirokchilar O‘zbekiston va Tojikistonning ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ustuvor yo‘nalishlarda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, shuningdek Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan strategik intilishini tasdiqladilar.
\