Voqealar
23.10.2025
|
178
Turkmanistonning Xalqaro munosabatlar institutida ta’lim sohasidagi hamkorlikning istiqbollari muhokama qilindi
Ashxobodga tashrif doirasida MOXI delegatsiyasi Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xalqaro munosabatlar instituti rektori Gulshat Yusupova bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi ilmiy-tadqiqot hamda ta’lim sohalarida erishilgan natijalar va hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

MOXI direktori J. Vaxabov Turkmaniston tomonidan amalga oshirilayotgan tinchlik, ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashga qaratilgan izchil va muvozanatli tashqi siyosatni yuksak baholadi, shuningdek mamlakatning ta’lim va ilmiy-tadqiqot sohalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasini alohida qayd etdi.

Institut rektori G. Yusupova MOXI delegatsiyasining tashrifi institutlararo hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo’lib, ilm-fan va ta’lim sohasida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish hamda hamkorlikni yanada kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratganligini ta’kidladi.

G.Yusupova O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida ta’lim sohasidagi aloqalarni rivojlantirishda katta salohiyat mavjudligini qayd etib, ilmiy almashinuvlarni kengaytirish, qo‘shma diplom dasturlarini amalga oshirish va O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari bilan birgalikda ilmiy loyihalarni tashkil etishga qiziqish bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, qo‘shma loyihalar va tashabbuslarni samarali amalga oshirish borasida o‘zaro ishonch bildirdilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom