Voqealar
17.01.2025
|
252
MOXIga Xitoy elchixonasi tomonidan ilmiy tadqiqot adabiyotlari taqdim etildi
17-yanvar kuni Markaziy Osiyo Xalqaro Institutida Xitoyning O‘zbekiston Respublikasidagi Elchisi Janob Yu Jun bilan uchrashuv o‘tkazildi, unda Xitoy elchixonasi tomonidan MOXI kutubxonasiga Xitoyning ilmiy tadqiqot adabiyotlarini taqdim etish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda institut tadqiqotchilari, Xitoy elchixonasi diplomatlari, shuningdek, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston ommaviy axborot vositalari hamda Toshkentdagi “Sinhua” axborot agentligi vakillari ishtirok etdilar.



MOXI direktori Javlon Vahobov kirish soʻzida Xitoy elchixonasi tomonidan Institutimizga Xitoyning tarixi va zamonaviy davri, ichki va tashqi siyosati haqidagi kitoblarining katta toʻplamini sovgʻa qilgani uchun minnatdorchilik bildirdi.

Mazkur adabiyotlar institut kutubxonasini boyitib, Xitoyni noyob tajribasini, mamlakatni modernizatsiya qilishning ustuvor yo‘nalishlarini, XXRning jahon va mintaqadagi faol ishtirokini, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorligini doimiy ravishda o‘rganuvchi tadqiqotchilar uchun katta ko’makchi bo‘lishi ta’kidlandi.



Institut rahbari XXR Raisi Si Szinpinning infratuzilma o‘zaro bog‘liqligini ilgari surish, "Bir makon, bir yo‘l" doirasida mamlakatlarning rivojlanish strategiyalari va ishbilarmonlik hamkorligini "umumiy farovonlik" orqali uyg‘unlashtirish istiqbollariga oid strategik qarashlari mazmun-mohiyatini ochib beruvchi "Xitoyda boshqaruv tizimi," "Xitoy uslubidagi modernizatsiya" va "Qo‘shma kelajak sari yangi Ipak yo‘li" kabi asarlarga alohida e’tibor qaratdi.

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, ushbu kitoblar MOXI kutubxonasini boyitish va Xitoy haqidagi bilimlarni kengaytirishga bebaho hissa qo‘shadi, Institutimizning kutubxona fondidan faxrli o‘rin egallaydi va Markaziy Osiyo Xalqaro Institutining kundalik ilmiy-tadqiqot ishlarida albatta talabga ega bo‘ladi.



O‘z navbatida, Xitoy elchisi Janob Yu Jun Institutga sovg‘a qilingan kitoblar Xitoy modernizatsiyasi, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti va davlat boshqaruvi haqidagi bilimlarni chuqurlashtirishga xizmat qilishiga umid bildirdi.

O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashish chog‘ida O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2024-yil yanvar oyida Xitoyga amalga oshirgan rasmiy tashrifiga alohida e’tibor qaratildi, buning natijasida mamlakatlarning o‘zaro hamkorligi darajasi yangi bosqichga ko‘tarilib, o‘zaro manfaatli hamkorlikning asosiy masalalari belgilab olindi.

Xitoy diplomatik missiyasi rahbari ta’kidlaganidek, "tashrifning strategik natijalaridan biri, ushbu ikki davlat rahbarlarining Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lini qurish loyihasini ilgari surishni jadallashtirishga oid kelishuvga erishildi." Uning so‘zlariga ko‘ra, uch davlat sa’y-harakatlari bilan o‘tgan yilning iyun oyida ushbu loyihani birgalikda ilgari surish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida uch tomonlama bitim muvaffaqiyatli imzolangan, dekabr oyida esa Qirg‘izistonning Jalolobod shahri hududida temir yo‘l qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tgan.

Shunda, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "ushbu muhim infratuzilma loyihasini amalga oshirishning boshlanishi haqiqatan ham tarixiy voqea" ekanligini ta’kidlagan edi. Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin temir yo‘l qurilishi "uch mamlakat hukumatlari tomonidan mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik, farovonlik va barqarorlikka ko‘maklashish maqsadida qabul qilingan strategik qaror" ekanligini ta’kidladi.



Janob elchi Yu Jun ikki tomonlama munosabatlar rivojida to‘xtalar ekan, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik ikki davlatning strategik yetakchilari – rais Si Szinpin va Prezident Shavkat Mirziyoyevning qo‘llab-quvvatlashiga asoslangan holda izchil samaralar berayotganini alohida ta’kidladi. Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo va sarmoyaviy sherigi bo‘lib qolmoqda va hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, jumladan, yashil energetika rivojlanishi, raqamli iqtisodiyot va innovatsiyalar faol rivojlanmoqda.

MOXI direktori 2025 yilda O‘zbekiston XXR bilan mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi muhim masalalar bo‘yicha amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishni kutayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, "bunga Qozog‘istonda "Markaziy Osiyo - Xitoy" sammiti va Xitoyda ShHT sammiti kabi yirik tadbirlar o‘tkazilishi, shubhasiz, ko‘makdoshdir."

Shuningdek, uchrashuvda, MOXIning XXR tahliliy markazlari bilan kelgusidagi hamkorligi, jumladan, ikki mamlakatning mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha strategik sherikligi va o‘zaro hamkorligini chuqurlashtirish istiqbollari muhokamasiga bag‘ishlangan qo‘shma konferensiyalar va davra suhbatlarini o‘tkazish masalalari yuzasidan fikr almashildi.



Yakunda tomonlar 2025-yilda ilmiy-tadqiqotni yanada takomillashtirish, shuningdek, mintaqaviy tadqiqotlar va akademik almashinuv sohasida muvaffaqiyatli hamkorlik davom etishiga umid bildirdilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom