Mintaqaga amaliy tashrif doirasida MOXI direktori Javlon Vaxabov va Xitoyning O‘zbekistondagi elchisi Yuy Szyun Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abduraxmonov bilan uchrashuv o‘tkazdilar.
Uchrashuv davomida hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, shuningdek, xitoylik hamkorlar bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish va hududlararo ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va qo‘shma sa’y-harakatlari tufayli ikki tomonlama munosabatlar barcha sharoitda ko‘ptomonlama strategik sheriklik darajasiga chiqqanligi ta’kidlandi.
Andijon viloyatining Xitoy bilan hamkorlikdagi muhim hududlardan biri sifatidagi strategik ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Uning geografik yaqinligi va hududlararo aloqalarni rivojlantirish uchun yuqori salohiyati alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston va Xitoyning chegaradosh hududlari o‘rtasida hamkorlikni yana-da kuchaytirish zarurligi qayd etildi. Bu esa savdo-iqtisodiy hamkorlik hajmini oshirish va sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash imkonini beradi.
Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lining ishga tushirilishi Andijon viloyatining rolini tubdan o‘zgartirib, uni butun Markaziy Osiyo uchun muhim tranzit markaziga aylantirishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida Andijon viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ustuvor yo‘nalishlarini inobatga olgan holda aloqalarni yana-da rivojlantirish va amaliy hamkorlik formatlarini ilgari surishdan manfaatdorlik tasdiqlandi.