Tadbirda O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish bo’yicha Yevropa Ittifoqi tashqi siyosatining ustuvor yo’nalishlari, shuningdek “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formati doirasidagi mintaqaviy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Ma’ruzada rasmiy idoralar vakillari, diplomatik korpus rahbarlari va xodimlari, O‘zbekistonning yetakchi tahliliy markazlari, shuningdek ilmiy va ishbilarmonlik doiralari vakillari ishtirok etdi.
MOXI direktori Javlon Vaxabov tadbirni ochib berdi, joriy yil O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Brussel o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun samarali bo‘lganligini ta’kidladi. Samarqandda o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo–Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti siyosiy muloqot, savdo, investitsiya, energetika va transport sohalarida hamkorlikni kengaytirishga yangi surat berganligi qayd etildi.
O‘z navbatida, elchi Toyvo Klaar ham Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik barqaror va izchil xususiyatga egaligini, bu holat ikki tarafning uzoq muddatli sheriklikka bo‘lgan o‘zaro manfaatdorligini ifodalashini e’tirof etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Brusselga amalga oshirgan rasmiy tashrifi hamda uning yakunlari bo‘yicha Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanishi ushbu jarayonda muhim burilish nuqtasi bo‘lganligi ta’kidlandi. Elchining so‘zlariga ko‘ra, mazkur hujjat O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarda “yangi sahifa” ochdi.
Elchi o‘z ma’ruzasida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratdi. Samarqandda o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish uchun mustahkam poydevor yaratib, xavfsizlik, iqtisodiyot, transport va ekologiya sohalaridagi vazifalarni birgalikda hal etish uchun zarur sharoitlarni shakllantirganligi qayd etildi.
Shuningdek T. Klaar Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bilan hamkorligining asosiy yo‘nalishlari, jumladan, barqaror rivojlanish hamda qo‘shma ilmiy-texnik dasturlarni ilgari surish sohalarida istiqbolli loyihalar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Elchining ma’ruzasidan so‘ng bo‘lib o‘tgan savol-javob jarayoni muloqot ishtirokchilariga hamkorlikning muhim jihatlari bo‘yicha zarur tushunchalar olish hamda ikki va ko‘p tomonlama o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlashning asosiy yo’nalishlari va istiqbollari haqida aniq tasavvurga ega bo‘lish imkonini berdi.