Hurmatli mehmonlar, aziz hamkasblar!
Sizlarni bugungi Ekspertlar forumida, quyoshli Toshkent shahrida samimiy qutlab qolaman. Bugungi ishtirokingiz uchun chin dildan minnatdorlik bildiraman. Shuningdek, ushbu muhim tadbirni tashkil etishda yaqindan ko‘mak bergan aziz do‘stimiz va hamkorimiz — Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi janob Von Doyeonga chuqur tashakkur izhor etaman.
Hurmatli hamkasblar,
Bugun dunyo keskin va tez o‘zgaryapti. Geosiyosiy muvozanatlar o‘zgarib bormoqda, global savdo mojarolari kuchaymoqda, yirik davlatlar o‘rtasidagi raqobat davom etmoqda, beqarorlik turli hududlarda sezilmoqda, xalqaro munosabatlar esa tobora bo‘lingan va murakkab tus olmoqda. Ana shunday vaziyatda bizning hamkorligimiz hech qachon bo‘lmagan darajada muhimdir. Biz birga harakat qilishimiz kerak.
Markaziy Osiyo “barchaga ochiq hamkorlik” yo‘lini tanlagan. Bugunga kelib biz 10 dan ortiq C5+ formatlarini shakllantirdik va ular orqali dunyoning 40 dan ziyod davlatlari hamda ikki mintaqaviy tashkilot bilan hamkorlik olib bormoqdamiz. Bu davlatlar orasida “Katta yigirmalik”ning o‘n bir a’zosi, jumladan, Koreya Respublikasi ham bor.
“Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” formati esa bizning xalqaro hamkorlikdagi eng dastlabki mexanizmlarimizdan biri bo‘lib, u 2007-yilda yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan davr mobaynida 17 forum o‘tkazildi va bugungi kunda aloqalarimiz jadal sur’atda rivojlanib bormoqda. Hozirda bizda vazirlik darajasidagi uchrashuvlar, faoliyat yuritayotgan Kotibiyat, shuningdek, Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi Biznes kengashi mavjud.
Bu hamkorlik sezilarli iqtisodiy natijalar bermoqda. 1990-yillarda 200 million dollar atrofida bo‘lgan savdo hajmi bugungi kunga kelib 9 milliard dollarga yetdi — atigi 30 yil ichida 35 baravar o‘sish. Jamg‘arilgan investitsiyalar hajmi 4,08 milliard dollardan oshdi. 2023-yilda Koreya Respublikasi Qozog‘iston va O‘zbekiston uchun to‘rtinchi yirik import manbai bo‘ldi.
Ayniqsa, Koreya va Markaziy Osiyo tahlil markazlari o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanayotgani quvonarli. Endilikda bizda alohida tahlil markazlari Forumi mavjud bo‘lib, uning ilk ikki yig‘ilishi — o‘tgan yili Toshkentda, bu yil esa Bishkekda o‘tkazildi. Bugun yana bir bor bir joyga yig‘ilib, fikr almashish, tajriba o‘rtoqlashish va yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash uchun to‘planganimiz bejiz emas.
Koreya bilan hamkorligimiz ko‘p qatlamli tus olgan: ta’lim dasturlari va turizm orqali fuqarolik jamiyatini va xalqaro aloqalarni mustahkamlash; biznes kengashlari orqali iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish; tahlil markazlari forumi orqali bilim va siyosiy tajribalarni almashish; parlamentlar spikerlarining uchrashuvlari orqali parlamentlararo muloqotni rivojlantirish; vazirliklar darajasidagi uchrashuvlar orqali diplomatik hamkorlikni kuchaytirish kabi ishlarni amalga oshiryapmiz.
Bugun biz Koreya bilan hamkorligimizni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga tayyormiz. Kelgusi yili ilk bor Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi Prezidentlar sammiti bo‘lib o‘tadi. Ushbu tarixiy uchrashuv mintaqaviy muloqot va hamkorlikning yangi sahifasini ochadi hamda strategik sheriklik uchun yuqori darajadagi platforma yaratadi.
Bugungi ekspertlar forumi esa ana shu sammitga puxta tayyorgarlik ko‘rishda muhim o‘rin tutadi. U bizga ustuvor yo‘nalishlarni aniq belgilash, yangi g‘oyalar yaratish va kelajakdagi imkoniyatlar borasida umumiy tushunchaga ega bo‘lishimizga yordam beradi.
Mintaqamiz Koreya bilan hamkorlikda olti ustuvor yo‘nalishga e’tibor qaratmoqda: sanoatni modernizatsiya qilish, transport va logistika, energetika, iqlim o‘zgarishi va ekologiya, sog‘liqni saqlash va tibbiy xizmatlar, ta’lim va madaniyat.
Aynan mana shu yo‘nalishlar Koreya – Markaziy Osiyo hamkorlik forumi Kotibiyatining faoliyati asosini tashkil etadi.
Hurmatli ishtirokchilar,
Bugungi muhokamalarimiz Markaziy Osiyo uchun ayniqsa tarixiy bir pallaga to‘g‘ri kelmoqda. Mintaqa yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda. Atigi bir necha kun oldin Toshkentda Markaziy Osiyoning yillik eng yirik uchrashuvi — Ettinchi Markaziy Osiyo sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda Ozarbayjon bizning mintaqaviy hamkorlik formatining to‘laqonli a’zosi sifatida qabul qilindi.
Bu o‘zgarish mintaqaviy hamkorligimiz asta-sekin moslashuvchan, konsensusga asoslangan, natijaga yo‘naltirilgan “yangi turdagi integratsiya” modeliga aylana boshlaganini ko‘rsatadi.
Sammitning yana bir muhim natijasi — Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Markaziy Osiyo Hamjamiyatini tashkil etish tashabbusining ilgari surilgani bo‘ldi. Agar ushbu tashabbus ro‘yobga chiqsa, mintaqamiz xalqaro maydonda yanada kuchli, uyg‘un va yagona pozitsiya bilan chiqish imkoniga ega bo‘ladi. Bu esa Koreya Respublikasi bilan hamkorlikni yanada tizimli va samarali shaklda, yanada yaxlit Markaziy Osiyo formati asosida rivojlantirish uchun yangi yo‘llar ochadi.
Aziz do‘stlar,
Ana shu jarayonlar bugungi uchrashuvimizning naqadar muhim ekanini yanada yaqqol namoyon qiladi. Bugun biz biznes sherikliklari va xalqaro aloqalar rivoji, “yashil” energetika va strategik minerallar bo‘yicha hamkorlik, shuningdek, raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt orqali barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash masalalarini muhokama qilamiz.
Bizning bosh maqsadimiz — kelgusi Prezidentlar sammitining kun tartibini shakllantirishga ko‘maklashadigan siyosiy tavsiyalar, strategik qarashlar va amaliy takliflar ishlab chiqish.
E’tiboringiz uchun rahmat. Barchangizga samarali va mazmunli muhokamalar tilayman!