Nutqlar
29.07.2026
|
491
Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vaxabovning " O‘zgarayotgan dunyoda Markaziy Osiyo: O‘zbekistonning mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik va hamkorlik borasidagi qarashlari" mavzusidagi davra suhbatidagi nutqi
Xokkaydo universitetining Slavyan-Yevrosiyo tadqiqotlari markazi, Yaponiya

Hurmatli professorlar, tadqiqotchilar va talabalar!

Bugun sizlarning nufuzli davrangizda so‘zga chiqish men uchun katta sharafdir.

Avvalo, yapon hamkorlarimizga samimiy takliflari hamda Markaziy Osiyo va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashish imkoniyatini yaratganlari uchun chuqur minnatdorlik bildiraman.

Bugun men Markaziy Osiyoda ro‘y berayotgan tub o‘zgarishlar haqidagi qarashlarimiz, O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari hamda ushbu jarayonlarda Yaponiya bilan hamkorlikning o‘rni haqida so‘z yuritmoqchiman.

Bugungi global beqarorlik va keskin geosiyosiy o‘zgarishlar turbulensiya sharoitida Markaziy Osiyo o‘zining o‘ziga xosligini namoyon etib, Yevrosiyo makonidagi eng barqaror va tashqi xatarlarga nisbatan eng chidamli mintaqalardan biriga aylanmoqda. Bu tasodif emas, balki mintaqa davlatlari tomonidan izchil va maqsadli ravishda amalga oshirilayotgan siyosatning mantiqiy natijasidir.

2016-yilda O‘zbekistonda mamlakat hayotining deyarli barcha siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarini qamrab olgan keng ko‘lamli islohotlar boshlandi. Ularning eng muhim yo‘nalishlaridan biri davlat tashqi siyosatining tubdan qayta ko‘rib chiqilishi bo‘ldi.

BMT Bosh Assambleyasi minbarida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Markaziy Osiyoni mamlakatimiz tashqi siyosatining bosh ustuvor yo‘nalishi sifatida belgiladi. Ushbu yangi yondashuvning asosida oddiy, biroq g‘oyat muhim tamoyil mujassam edi: barqaror va farovon Markaziy Osiyosiz farovon O‘zbekistonni barpo etib bo‘lmaydi. Shu bois mintaqaviy siyosatimiz ochiq muloqot, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga, ya’ni «qo‘shnilar bilan muammolarsiz munosabatlar» konsepsiyasiga tayangan holda olib borilmoqda.

Bugun ishonch bilan aytish mumkinki, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar butun Markaziy Osiyoning transformatsiyasiga kuchli turtki berdi. Mintaqa davlatlari rahbarlari o‘rtasidagi ochiq va ishonchli muloqot hamda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan amaliy sa’y-harakatlar natijasida umumiy manfaatlar, mushtarak maqsadlar va kelajakka nisbatan umumiy mas’uliyat tamoyillariga asoslangan «Yangi Markaziy Osiyo» bosqichma-bosqich shakllanmoqda.

Bu o‘zgarishlarni faqat biz emas, balki xalqaro hamjamiyat, jumladan Yaponiya ekspert doiralari vakillari ham tobora ko‘proq e’tirof etmoqda.

So‘nggi yillarda mintaqa davlatlari nafaqat uzoq yillar davomida ikki tomonlama munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelgan murakkab va nozik masalalarning aksariyatini hal etishga muvaffaq bo‘ldi, balki o‘zaro ishonch, manfaatlarni inobatga olish va mintaqaning kelajagi uchun umumiy mas’uliyat tamoyillariga asoslangan o‘ziga xos mintaqaviy barqarorlik modelini ham izchil shakllantirdi.

Bu, avvalo, davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalasida yaqqol namoyon bo‘ldi.

Shu nuqtai nazardan, o‘tgan yil mart oyida Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlat rahbarlarining uchrashuvi, shuningdek uch davlat davlat chegaralari tutashgan nuqta to‘g‘risidagi Shartnoma hamda Xo‘jand abadiy do‘stlik deklaratsiyasining imzolanishi alohida tarixiy ahamiyat kasb etdi.

Mazkur hujjatlar nafaqat dunyoning eng murakkab va mojarolarga moyil hududlaridan birida uzoq yillar davom etgan o‘zaro ishonchsizlik va hududiy kelishmovchiliklarga barham berilishining ramzi bo‘ldi, balki o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va mintaqaning xavfsizligi hamda barqaror rivojlanishi uchun umumiy mas’uliyat tamoyillariga asoslangan yangi mintaqaviy hamkorlik modeliga poydevor yaratdi.

Shaxsiy bir misol keltirmoqchiman.

Bundan o‘n yilcha avval Toshkentdan Dushanbega yetib borish deyarli bir kun vaqtni olar edi. Buning uchun avval O‘zbekistonning eng janubiy shahri — Termizga uchish, so‘ng esa avtomobilda davlat chegarasi orqali bir necha soat yo‘l bosish kerak bo‘lardi.

Bugungi kunda esa poytaxtlarimiz o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar yo‘lga qo‘yilgan va safar bir soatdan ham kam vaqtni oladi. Bu esa mintaqada yuz berayotgan chuqur ijobiy o‘zgarishlarning faqat tashqi ko‘rinishidir.

Bundan tashqari, bugun biz mintaqaviy integratsiyaning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqdamiz. O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari davlat chegarasini ichki shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar asosida kesib o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Xuddi shunday mexanizmlarni Qozog‘iston va Tojikiston bilan ham joriy etish masalasi muhokama qilinmoqda.

Suv-energetika sohasidagi o‘zgarishlar ham alohida e’tiborga loyiqdir. Ko‘p yillar davomida suv resurslari mintaqadagi eng nozik va murakkab masalalardan biri sifatida qaralgan bo‘lsa, bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari Qambarota GES-1 qurilishi loyihasini birgalikda amalga oshirmoqda. Bu resurslar uchun raqobat emas, balki o‘zaro manfaatli yechimlarni birgalikda izlashga asoslangan mutlaqo yangi hamkorlik modelidir.

Mintaqaviy transport o‘zaro bog‘liqligining rivojlanishi ham ushbu ijobiy o‘zgarishlarning yana bir yorqin namunasidir. Bugungi kunda Markaziy Osiyo o‘zining ulkan tranzit salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga intilgan holda yangi transport-logistika tizimini izchil shakllantirmoqda.

Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li loyihasi bilan bir qatorda, Sharqiy Osiyoni Yevropa bilan bog‘lovchi samarali quruqlik yo‘lagini shakllantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadigan Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagini rivojlantirish ham strategik ahamiyat kasb etmoqda.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo bozorlari bilan bog‘laydigan hamda mintaqa davlatlariga dengiz portlariga qo‘shimcha chiqish imkonini beradigan Transafg‘on temir yo‘li qurilishi ham muhim strategik loyiha hisoblanadi.

Boshqacha aytganda, bugungi kunda Markaziy Osiyo ikki tomonlama muammolarni hal etish bosqichidan mintaqaning uzoq muddatli rivojlanish kun tartibini shakllantirish bosqichiga o‘tmoqda.

Natijada mintaqaviy hamkorlik mutlaqo yangi sur’at kasb etdi. Bugungi kunda savdo, sanoat, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida qo‘shma loyihalar soni ortib bormoqda, investitsiyaviy hamkorlik esa izchil kengaymoqda.

Bu jarayonlar aniq iqtisodiy natijalarda ham o‘z aksini topmoqda. So‘nggi sakkiz yil ichida Markaziy Osiyo davlatlarining yalpi ichki mahsuloti qariyb ikki yarim barobarga oshib, 520 milliard AQSH dollariga yetdi. Tashqi savdo hajmi esa ikki barobardan ko‘proq o‘sib, 253 milliard AQSH dollarini tashkil etdi.

Ayniqsa, mintaqa davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmining o‘sishi e’tiborga molik. U 2,4 milliard dollardan 11 milliard dollargacha, ya’ni to‘rt barobardan ko‘proq oshdi. Shu davrda o‘zaro investitsiyalar hajmi esa 5,5 barobardan ortiq ko‘paydi.

Mazkur jarayonlarda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari hal qiluvchi o‘rin tutmoqda. Ushbu format mintaqani rivojlantirish bo‘yicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish hamda eng dolzarb va murakkab masalalar yuzasidan o‘zaro maqbul yechimlarni topishning muhim maydoniga aylandi.

O‘tgan yili Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvlari buning yaqqol tasdig‘i bo‘ldi. Bugungi kunda uning natijalarini tarixiy voqea, ushbu muloqot formatini esa o‘zining dolzarbligi, o‘ziga xosligi va yuqori samaradorligini amalda isbotlagan mexanizm sifatida baholash mumkin.

Mazkur uchrashuvda ilk bor mintaqaviy hamkorlikni institutsional rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Jumladan, Markaziy Osiyo Hamjamiyatini tashkil etish istiqbollari, shartnomaviy-huquqiy bazani mustahkamlash, rotatsiya asosidagi Kotibiyat va Oqsoqollar kengashini tuzish, shuningdek iqtisodiyot, investitsiyalar, raqamli rivojlanish hamda infratuzilma sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, Ozarbayjonning mazkur formatga qo‘shilishi to‘g‘risidagi qaror alohida ahamiyat kasb etdi. Bu mintaqaning tabiiy rivojlanish mantiqidan kelib chiqadigan qarordir. Bugungi kunda Markaziy Osiyo faqat ichki mintaqaviy hamkorlik doirasidan chiqib, transport, energetika va savdo loyihalari orqali Markaziy Osiyo hamda Janubiy Kavkazni bog‘lovchi kengroq o‘zaro bog‘liqlik makonining markaziga aylanib bormoqda.

Shu bilan birga, bugungi kunda Markaziy Osiyoda mintaqaviy integratsiyaning yakuniy modeli to‘liq shakllangan, deb aytishga hali erta. Aksincha, mintaqa tarixiy tajribamizni, iqtisodiy rivojlanish darajamizni hamda siyosiy hamkorlikning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga oladigan o‘z integratsiya modelini izlash jarayonidadir.

Shu sababli biz dunyoning boshqa mintaqalaridagi tajribani sinchkovlik bilan o‘rganmoqdamiz. Xususan, ASEAN, Yevropa Ittifoqi va boshqa mintaqaviy integratsiya birlashmalarining tajribasi biz uchun katta qiziqish uyg‘otadi. Biz qaysi mexanizmlar o‘z samaradorligini isbotlaganini, ularning tajribasidan qanday saboqlar olish mumkinligini va qaysi yechimlarni Markaziy Osiyo sharoitiga moslashtirish zarurligini chuqur tahlil qilmoqdamiz.

Shu nuqtai nazardan, Yaponiya tajribasi biz uchun alohida ahamiyatga ega. Ko‘p o‘n yillar davomida Yaponiya ikki tomonlama diplomatiyani Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi va undan tashqaridagi ko‘p tomonlama mexanizmlar — APEC, ASEAN+, “Katta yettilik” (G7) hamda Trans-Tinch okeani sherikligi bo‘yicha Keng qamrovli va progressiv bitim (CPTPP) doirasidagi faol ishtiroki bilan muvaffaqiyatli uyg‘unlashtirib kelmoqda. Bu tajriba Markaziy Osiyo uchun ham katta amaliy ahamiyat kasb etadi.

Hurmatli hamkasblar!

Markaziy Osiyoda yuz berayotgan ushbu ijobiy o‘zgarishlar xalqaro hamjamiyat e’tiborini tobora ko‘proq jalb etmoqda. Mintaqaviy hamkorlik mustahkamlanib borgani sari Markaziy Osiyo xalqaro munosabatlarning mustaqil va mas’uliyatli subyekti sifatida o‘z mavqeini tobora kuchaytirib bormoqda.

Buning yaqqol tasdig‘i sifatida bugungi kunda jadal rivojlanayotgan «Markaziy Osiyo +» formatlarini keltirish mumkin. Hozirgi kunda mintaqa davlatlarini qariyb qirqta davlat hamda ikkita mintaqaviy tashkilot bilan bog‘lovchi o‘n ikki shunday muloqot mexanizmi faoliyat yuritmoqda. Ular hissasiga jahon yalpi ichki mahsulotining qariyb 75% va dunyo aholisining 4 milliardga yaqin qismi to‘g‘ri keladi. Ushbu formatlar ishtirokchilari orasida G7 mamlakatlarining oltitasi hamda G20 tarkibiga kiruvchi o‘n ikki davlat mavjud.

Bularning barchasi dunyodagi yetakchi geosiyosiy markazlar o‘rtasidagi raqobat tobora kuchayib borayotgan sharoitda yuz bermoqda.

Bugungi kunda Xitoy Markaziy Osiyoning eng yirik savdo hamkoriga aylandi. 2025-yilda o‘zaro savdo hajmi 106 milliard AQSH dollariga yetdi.

Rossiya ham mintaqaning eng muhim hamkorlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Markaziy Osiyoning besh davlati bilan tovar ayirboshlash hajmi 45 milliard AQSH dollaridan oshdi. Shu bilan birga, mehnat migratsiyasi, energetika, ta’lim, xavfsizlik hamda tarixan shakllangan infratuzilmaviy bog‘liqlik hamon hamkorlikning muhim omillari bo‘lib qolmoqda.

Yevropa Ittifoqi ham mintaqaning eng yirik iqtisodiy sheriklaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda u Markaziy Osiyoning ikkinchi yirik savdo hamkori va xorijiy investitsiyalarning eng katta manbai bo‘lib, mintaqaga kirib kelayotgan jami investitsiyalarning 40% ortig‘ini ta’minlamoqda.

Mazkur ko‘rsatkichlar shundan dalolat beradiki, Markaziy Osiyo tashqi siyosatda faqat bitta yo‘nalishga tayanmaydi. Aksincha, mintaqa davlatlari turli global hamkorlar bilan aloqalarni rivojlantirish orqali tashqi siyosiy imkoniyatlarini izchil kengaytirib bormoqda. Aynan mana shu yondashuv Markaziy Osiyoning ko‘p vektorli tashqi siyosati mohiyatini tashkil etadi.

Ma’lumki, Markaziy Osiyo murakkab geosiyosiy muhitda joylashgan quruqlik ichkarisidagi mintaqadir. Bizni Rossiya, Xitoy va Pokiston kabi yirik, jumladan yadro quroliga ega davlatlar o‘rab turibdi.

Bundan tashqari, jahon dengiz portlariga eng qisqa chiqish yo‘llari Afg‘oniston orqali Pokiston portlariga yoki Eron hududi orqali Fors ko‘rfazi hamda Hind okeani tomon o‘tadi. Biroq Afg‘oniston hanuzgacha xavfsizlik bilan bog‘liq jiddiy muammolarga duch kelmoqda, Eron esa mintaqaviy beqarorlik bilan bir qatorda keng ko‘lamli xalqaro sanksiyalar ta’siri ostida qolmoqda.

Shu sababli Markaziy Osiyoning geografik joylashuvi mintaqa rivojlanishi uchun murakkab sharoitlarni yuzaga keltiradi. Aynan shu bois pragmatizm, moslashuvchanlik va diversifikatsiya biz uchun shunchaki nazariy tushunchalar emas, balki davlat siyosatining hayotiy zarur tamoyillaridir.

Shu nuqtai nazardan, ko‘p vektorlilik biz uchun yirik davlatlar o‘rtasida muvozanat saqlash siyosatini anglatmaydi. Uning asosiy maqsadi — strategik mustaqillikni ta’minlashdir.

Strategik mustaqillik esa o‘zini yakkalash yoki biror hamkordan uzoqlashishni emas, balki tanlov imkoniyatiga ega bo‘lishni anglatadi. Ya’ni jahon bozorlariga chiqishning bir nechta yo‘nalishlari, investitsiyalarning turli manbalari, diplomatik muloqotning turli platformalari va ishonchli iqtisodiy sheriklarning keng doirasiga ega bo‘lish demakdir.

Shu bilan birga, «Markaziy Osiyo plyus» formatlari mintaqaviy integratsiya jarayonlarining o‘rnini bosmasligi, aksincha, aynan ularga tayangan holda rivojlanishi muhimdir. Markaziy Osiyo qanchalik jips va birlashgan bo‘lsa, uning tashqi hamkorlar uchun ahamiyati va jozibadorligi ham shunchalik ortadi.

Qadrli do‘stlar!

Markaziy Osiyo uchun Yaponiya bilan hamkorlik alohida strategik ahamiyat kasb etadi.

Ramziy ma’noda shuni ta’kidlash joizki, aynan Yaponiya 2004-yilda birinchi bo‘lib «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqot formatini yaratish tashabbusi bilan chiqqan edi.

Shu tariqa Tokio boshqa ko‘plab xalqaro hamkorlardan ancha oldin Markaziy Osiyoning strategik ahamiyatini e’tirof etdi hamda alohida davlatlar bilan emas, balki Markaziy Osiyoni yagona hamkorlik makoni sifatida ko‘rib, tizimli muloqotni yo‘lga qo‘ydi.

Alohida ta’kidlashni istardimki, Yaponiyaning mintaqamiz bilan hamkorligi hech qachon qisqa muddatli siyosiy manfaatlarga asoslanmagan. So‘nggi yigirma yildan ortiq vaqt davomida Yaponiya Markaziy Osiyoning eng ishonchli va izchil rivojlanish bo‘yicha hamkorlaridan biri bo‘lib kelmoqda.

Mazkur hamkorlik JICA, JETRO va JBIC kabi institutlar faoliyati orqali amalga oshirilmoqda. U rasmiy rivojlanish yordami, texnik ko‘mak, infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash hamda inson kapitalini rivojlantirish mexanizmlarini o‘zida mujassam etgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Yaponiyaning Markaziy Osiyoning besh davlatiga ko‘rsatgan rasmiy rivojlanish yordami umumiy hajmi 5 milliard AQSH dollaridan oshgan bo‘lib, imtiyozli kreditlar, grantlar va texnik ko‘mak loyihalarini o‘z ichiga oladi.

Shu bois bugungi kunda Markaziy Osiyoda Yaponiya nafaqat moliyaviy donor, balki uzoq muddatli siyosiy va taraqqiyot bo‘yicha strategik hamkor sifatida e’tirof etilmoqda. Uning asosiy ustunliklari sifatli infratuzilma barpo etish, institutsional salohiyatni mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalar transferi, ta’lim tizimini rivojlantirish hamda inson kapitaliga investitsiya kiritishdan iborat.

O‘tgan yillar davomida ushbu format barqaror va samarali hamkorlik mexanizmiga aylandi. Uning doirasida tashqi ishlar vazirlarining to‘qqizta uchrashuvi, yuqori martabali mansabdor shaxslarning o‘n yettita yig‘ilishi, Tokioda o‘n uchta intellektual muloqot tashkil etildi. Bundan tashqari, turli sohalar bo‘yicha ekspert maslahatlashuvlari muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.

So‘nggi yillarda iqtisodiyot va energetika yo‘nalishlaridagi amaliy hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda. Xususan, Iqtisodiy muloqot va Energetika muloqoti doirasidagi hamkorlik yangi mazmun kasb etmoqda.

O‘tgan yil dekabr oyida Tokioda bo‘lib o‘tgan birinchi «Markaziy Osiyo – Yaponiya» sammiti ushbu hamkorlik tarixidagi muhim bosqich bo‘ldi. Sammit yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Tokio deklaratsiyasi sherikligimizning uzoq muddatli ustuvor yo‘nalishlarini hamda kelgusidagi hamkorlikning uchta asosiy yo‘nalishini belgilab berdi.

Birinchi ustuvor yo‘nalish — barqaror rivojlanish.

O‘zbekiston uchun ushbu yo‘nalish alohida ahamiyatga ega. Mamlakatimiz 2035-yilgacha issiqxona gazlari chiqindilarini 50% kamaytirish, 2030-yilga borib esa elektr energiyasi ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 54% yetkazish kabi yuksak maqsadlarni belgilagan.

Shu sababli sammit davomida erishilgan kelishuvlarni biz yuksak qadrlaymiz. Ular energetik o‘tish bo‘yicha «yo‘l xaritalari»ni ishlab chiqish, yashil energetika va dekarbonizatsiya loyihalarini amalga oshirish, iqlim tashabbuslarini moliyalashtirishning qo‘shma mexanizmlarini yaratish, strategik mineral resurslar sohasida hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va mintaqaning seysmik barqarorligini mustahkamlashni nazarda tutadi.

Ikkinchi ustuvor yo‘nalish — mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish.

Dengizga bevosita chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan Markaziy Osiyo davlatlari uchun transport o‘zaro bog‘liqligi nafaqat logistika masalasi, balki iqtisodiy raqobatbardoshlikni ta’minlovchi muhim omildir.

So‘nggi o‘n yil davomida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 25 milliard AQSH dollaridan 81 milliard AQSH dollaridan ortiq ko‘rsatkichga yetib, uch barobardan ziyod oshdi. Shu bilan birga, transport yo‘laklariga tushayotgan yuklama ham sezilarli darajada ortdi.

Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonning yillik logistika xarajatlari qariyb 8 milliard AQSH dollarini tashkil etadi. Ushbu xarajatlarning yarmidan ko‘pi mamlakat hududidan tashqarida amalga oshiriladigan logistika operatsiyalariga to‘g‘ri keladi.

Bugungi kunda O‘zbekistonning O‘rta yo‘lak (Middle Corridor) orqali amalga oshirilayotgan tranzit tashuvlaridagi ulushi atigi 1–2% tashkil etadi. Holbuki, mavjud salohiyat bundan ancha yuqori.

Bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, har yili qo‘shimcha 15–20 million tonna tranzit yuklarni jalb etish 400–600 million AQSH dollari miqdorida qo‘shimcha daromad olish, logistika infratuzilmasini rivojlantirishga 3 milliard AQSH dollarigacha investitsiya jalb qilish hamda 50 mingtagacha yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

Aynan shu sababli mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish Tokio deklaratsiyasining markaziy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi.

Gap Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagini rivojlantirish, transport-logistika infratuzilmasini va bojxona ma’murchiligini modernizatsiya qilish, raqamli o‘zaro bog‘liqlikni kengaytirish, sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda gumanitar almashinuvlarni faollashtirish haqida bormoqda.

Uchinchi ustuvor yo‘nalish — inson kapitalini rivojlantirish.

Darhaqiqat, sherikligimizning eng katta boyligi — bu inson omilidir.

Bu masala Markaziy Osiyo uchun ayniqsa dolzarbdir. Prognozlarga ko‘ra, 2050-yilga borib mintaqa aholisi 114 million kishidan oshadi, mehnat bozoriga esa 20 millionga yaqin yoshlar kirib keladi.

Shu bois ta’limga, malakali kadrlar tayyorlashga va zamonaviy kompetensiyalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan investitsiyalar mintaqaning uzoq muddatli rivojlanishidagi strategik ustuvor vazifalardan biridir.

Tokio deklaratsiyasida stipendiya dasturlarini kengaytirish, universitetlar va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, davlat xizmatchilari hamda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash hamda Markaziy Osiyo va Yaponiya o‘rtasida mustahkam ko‘prik bo‘la oladigan yangi avlod mutaxassislarini shakllantirish ko‘zda tutilgan.

Mazkur maqsadlarni amalga oshirish uchun Yaponiya tomoni kelgusi besh yil davomida Markaziy Osiyodagi biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 3 trillion iyena (taxminan 20 milliard AQSH dollari) miqdorida investitsiya yo‘naltirish niyatini ma’lum qildi. Ushbu mablag‘lar rasmiy rivojlanish yordami, eksport-kredit agentliklari hamda ko‘p tomonlama taraqqiyot banklari mexanizmlari orqali safarbar etiladi.

Shu bilan birga, bugungi kunda Yaponiyaning Markaziy Osiyoga nisbatan yondashuvi ham sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotganini alohida ta’kidlash lozim.

Birinchi sammit Yaponiya an’anaviy rivojlanishga ko‘maklashish modelidan yashil transformatsiya, transport o‘zaro bog‘liqligi, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, strategik mineral resurslar, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish hamda inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan zamonaviy strategik sheriklik modeliga o‘tayotganini yaqqol namoyon etdi.

Bunday yondashuv Yaponiyaning yangilangan Rivojlanish sohasidagi hamkorlik xartiyasi tamoyillariga to‘liq mos keladi. Mazkur hujjatda hamkorlikni birgalikda bunyod etish, iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, raqamli transformatsiya, yashil o‘sish hamda hamkor davlatlarning milliy ustuvor yo‘nalishlariga hurmat asosidagi sheriklik tamoyillariga alohida urg‘u berilgan.

Amaliy jihatdan bu shuni anglatadiki, Yaponiyaning rasmiy rivojlanish yordami endilikda nafaqat moliyaviy ko‘mak vositasi, balki uzoq muddatli taraqqiyot loyihalariga davlat va xususiy investitsiyalarni jalb etuvchi muhim katalizator vazifasini ham bajarmoqda.

Markaziy Osiyo uchun bunday hamkorlik modeli alohida ahamiyatga ega. Mintaqamiz institutsional salohiyatni mustahkamlash, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, milliy iqtisodiyotlar raqobatbardoshligini oshirish hamda ularning tashqi xatarlarga nisbatan barqarorligini kuchaytirishga xizmat qiladigan aynan shunday uzoq muddatli sheriklikka muhtoj.

Hamkorligimizni yanada mustahkamlash maqsadida bir qator yangi tashabbuslar ham ilgari surildi.

Avvalo, gap sherikligimizning institutsional asoslarini yanada mustahkamlash haqida bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari va Yaponiya rahbarlari sammitlarini har ikki yilda bir marta muntazam o‘tkazish, «Markaziy Osiyo – Yaponiya 2040» uzoq muddatli hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish hamda «Markaziy Osiyo – Yaponiya» Tahlil markazlari forumini ta’sis etish tashabbusi bilan chiqdi.

Mazkur Forumning ilk yig‘ilishini joriy yil kuzida Toshkent shahrida Markaziy Osiyo xalqaro instituti maydonida o‘tkazish rejalashtirilgan. Biz ushbu Forum yangi g‘oyalarni ishlab chiqish va erishilgan kelishuvlarni ekspert darajasida qo‘llab-quvvatlashning samarali platformasiga aylanishiga ishonamiz.

Ikkinchi tashabbuslar yo‘nalishi iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan.

Xususan, Markaziy Osiyo infratuzilmasi va sanoatini rivojlantirish investitsiya jamg‘armasini tashkil etish, Yaponiyaning texnologik parklaridan iborat mintaqaviy tarmoqni shakllantirish, «Markaziy Osiyo – Yaponiya» Raqamli markazni barpo etish, shuningdek Yaponiya kompaniyalari va moliyaviy institutlarining transport, energetika hamda raqamli infratuzilmani modernizatsiya qilishdagi ishtirokini kengaytirish taklif etildi.

Uchinchi muhim yo‘nalish — barqaror rivojlanish.

Mazkur yo‘nalish doirasida yashil energetika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda seysmik xavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan mintaqaviy o‘quv markazlarini tashkil etish, iqlim o‘zgarishi masalalaridagi hamkorlikni kengaytirish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash taklif qilinmoqda.

Gumanitar hamkorlikni rivojlantirish ham ustuvor yo‘nalishlardan biridir.

Shu maqsadda «Markaziy Osiyo – Yaponiya» formatida ta’lim vazirlarining birinchi uchrashuvi hamda universitetlar rektorlari forumini o‘tkazish, shuningdek Markaziy Osiyo va Yaponiya xususiyatlarini chuqur anglaydigan yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashga xizmat qiladigan Yoshlarni rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy dasturni qabul qilish taklif etildi.

Hurmatli hamkasblar,

Shu o‘rinda tabiiy bir savol tug‘iladi.

Biz muhim hujjatlarni qabul qildik, hamkorligimizning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab oldik va oldimizga ulkan maqsadlarni qo‘ydik. Ammo bu kelishuvlar qog‘ozda qolib ketmasligi uchun yana nimalar qilishimiz kerak?

Aynan shu sababli bugungi uchrashuv va Yaponiya akademik hamjamiyati vakillari bilan muloqot biz uchun alohida ahamiyat kasb etadi.

Biz uchun sizlarning fikr-mulohazalaringiz nihoyatda muhim.

Sizningcha, bugungi kunda Markaziy Osiyo va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga qaysi omillar eng ko‘p xizmat qilmoqda va aksincha, qaysi omillar bu jarayonni sekinlashtirmoqda?

Ilgari surilgan tashabbuslarning qaysi biri eng katta salohiyatga ega?

Ularni amalga oshirish jarayonida qanday to‘siqlar yuzaga kelishi mumkin?

Va eng muhimi, mamlakatlarimiz ekspert hamjamiyati erishilgan kelishuvlarni amaliy loyihalarga aylantirishga qanday hissa qo‘sha oladi?

Hurmatli hamkasblar!

So‘zim yakunida yapon hamkorlarimizga Markaziy Osiyoga doimiy e’tibor qaratib kelayotgani va mintaqamiz bilan uzoq muddatli hamkorlikni izchil rivojlantirishga bo‘lgan qat’iy intilishi uchun yana bir bor samimiy minnatdorlik bildiraman.

Ishonchim komilki, aynan ekspertlar va akademik doiralar o‘rtasidagi ochiq muloqot Markaziy Osiyo va Yaponiya o‘rtasidagi sheriklikni yangi bosqichga olib chiqadigan asosiy omillardan biri bo‘ladi.

Bugungi kunda har qachongidan ham ko‘proq qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, tahliliy fikr almashish, ta’lim va ilmiy loyihalarni birgalikda amalga oshirish hamda mintaqalarimiz xususiyatlarini chuqur tushunadigan yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

O‘z navbatida, Markaziy Osiyo xalqaro instituti Yaponiyaning universitetlari, ilmiy-tadqiqot markazlari va tahlil institutlari bilan har tomonlama hamkorlik qilishga tayyor.

Biz qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ekspertlar muloqotini tashkil etish, tajriba almashish hamda sherikligimizni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan mamnun bo‘lamiz.

Shu bilan birga, biz uchun yapon hamkasblarimizni qaysi mavzular ko‘proq qiziqtirishi, qaysi ilmiy tadqiqot va loyihalarni eng istiqbolli deb bilishi hamda kelgusida qaysi yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish maqsadga muvofiq ekanini bilish muhimdir.

Ishonchim komilki, aynan shunday teng huquqli va mazmunli muloqot kelgusidagi hamkorligimizning chinakam dolzarb kun tartibini shakllantirishga xizmat qiladi.

Shu munosabat bilan sizlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan joriy yil kuzida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan birinchi «Markaziy Osiyo – Yaponiya» Tahlil markazlari forumida faol ishtirok etishga taklif etaman.

Biz ushbu Forumni g‘oyalar almashish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish va Markaziy Osiyo hamda Yaponiya o‘rtasidagi uzoq muddatli sheriklikning intellektual asosini yaratishga xizmat qiladigan amaliy tavsiyalar ishlab chiqish uchun doimiy platforma sifatida ko‘ramiz.

Yapon xalqida shunday dono hikmat bor:

«Birgalikda harakat qilinsa, tog‘larni ham siljitish mumkin.»

Ishonchim komilki, kuch-g‘ayratimizni, bilim va tajribamizni birlashtirish orqali xalqlarimiz manfaatlariga uzoq yillar xizmat qiladigan yuksak natijalarga erishamiz.

E’tiboringiz uchun rahmat!

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom