Nutqlar
04.08.2026
|
326
MOXI direktori J. Vaxabovning "Primakov o‘qishlari"da so‘zlagan nutqi 6-strategik sessiya "Yevroosiyo xavfsizligi 2035. Rossiyaning KXSHTga raisligi uchun maxsus sessiya
2026-yil 25-iyun, Moskva shahri

Hurmatli Fyodor Genrixovich!

Hurmatli Sergey Nikolayevich!

Hurmatli hamkasblar va Forum ishtirokchilari!

 

Avvalo, Yevroosiyo xavfsizligining kelajagiga bag‘ishlangan munozarada ishtirok etish taklifi uchun tashkilotchilarga tashakkur bildirmoqchiman.

Bugungi sessiya mavzusi nihoyatda dolzarb. Biz jahon siyosiy tizimida chuqur o‘zgarishlar yuz berayotgan, xalqaro munosabatlarni tartibga solishning avvalgi mexanizmlari ishlamay qolayotgan, mintaqaviy, shuningdek, global xavfsizlik masalalarini dolzarblashtirayotgan davrda yashamoqdamiz.

Bunda xavfsizlik tushunchasining o‘zi ham o‘zgmoqda. Bugungi kunda u faqat harbiy-siyosiy sohaga borib taqalmayapti. Iqtisodiy barqarorlik, texnologik rivojlanish, axborot xavfsizligi, transport-logistika aloqalarining ishonchliligi, demografik jarayonlarni tartibga solish va davlatlarning o‘zgargan xalqaro muhitga moslashish qobiliyati masalalari tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shuning uchun biz Yevroosiyoda xavfsizlikning kelajagi haqida gapirganimizda, gap nafaqat mojarolarning oldini olish, balki barqaror rivojlanish uchun shart-sharoitlarni shakllantirish haqida ham bormoqda.

 

Hurmatli ekspertlar!

Dunyodagi notinchlik fonida Markaziy Osiyo bugungi kunda o‘zining o‘ziga xosligini namoyon etib, butun Yevroosiyo makonidagi eng barqaror mintaqalardan biriga aylanmoqda. Bu tasodif emas, balki mintaqa davlatlarining 2017-yildan buyon barqaror kuzatilayotgan maqsadli siyosati natijasidir.

Mintaqa mamlakatlari yetakchilarining ochiq va ishonchli muloqoti hamda ichki mintaqaviy munosabatlarni mustahkamlash va rivojlantirishga qaratilgan birgalikdagi amaliy sa’y-harakatlari tufayli "Yangi Markaziy Osiyo - umumiy maqsadlar, vazifalar va ustuvorliklarga ega yagona mintaqa shakllanmoqda.

Shuni ta’kidlash kerakki, bu o‘zgarishlar haqida faqat o‘zimiz gapirmayapmiz. Ularni muloqot bo‘yicha hamkorlarimiz, jumladan, Rossiya ekspert doiralari vakillari va ushbu nufuzli forum ishtirokchilarining aksariyati ham qayd etmoqda.

Mintaqa mamlakatlarining siyosiy irodasi tufayli Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik yanada tizimli va institutsional tus oldi, bu esa o‘zaro bog‘liqlikni yanada mustahkamlash va haqiqiy integratsiya sari birgalikda harakat qilish uchun sharoit yaratadi.

Ushbu jarayonda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari mexanizmi hal qiluvchi rol o‘ynaydi. O‘tgan yili Toshkentda bo‘lib o‘tgan 7-uchrashuv yakunlari ushbu ijobiy dinamikaning yaqqol tasdig‘i sifatida qaralishi lozim. Bugungi kunda ularning natijalarini tarixiy deb ta’riflash mumkin, o‘zaro hamkorlikning shakllangan shaklini esa talabgir, o‘ziga xos noyob va samarali deb atash mumkin.

Kelajakdagi rivojlanish algoritmlarimizni shakllantiradigan ilg‘or qarorlar qatorida Ozarbayjonning Maslahat uchrashuvlari formatiga to‘laqonli ishtirokchi sifatida qo‘shilishini ta’kidlash lozim.

Shu bilan birga, Toshkentda formatni institutsionallashtirish bo‘yicha qadamlar, jumladan "Markaziy Osiyo hamjamiyati"ni tashkil etish, shartnomaviy-huquqiy bazani mustahkamlash, rotatsion Kotibiyat va Oqsoqollar kengashini ta’sis etish, shuningdek, iqtisodiyot, investitsiyalar, raqamli va infratuzilma sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Shuni ta’kidlash joizki, mintaqaviy hamkorlikning to‘qqiz yili davomida ushbu formatning barcha ishtirokchilari xavfsizlikni ta’minlash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratgan.

Yillar davomida yaqin hamkorlik natijasida mintaqa mamlakatlari nafaqat uzoq vaqt davomida o‘zaro hamkorlikni murakkablashtirgan muammoli va o‘ta ziddiyatli masalalarning aksariyatini bartaraf etishga, balki ishonch, o‘zaro manfaatlarni hisobga olish va mintaqa kelajagi uchun umumiy mas’uliyatga asoslangan mintaqaviy barqarorlikning o‘z modelini izchil ravishda yaratishga muvaffaq bo‘ldi.

O‘ylaymanki, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston yetakchilarining o‘tgan yil mart oyida Xo‘jand shahrida bo‘lib o‘tgan sammiti yakunlari va uning yakunlari bo‘yicha Davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma hamda Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi Xo‘jand deklaratsiyasi imzolanganini bunday maqsadni belgilash va hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorlikning mohiyati sifatida ko‘rib chiqish lozim.

Ushbu hujjatlar ko‘plab ekspertlar ta’kidlaganidek, dunyoning eng xavfli va mojaroli mintaqalaridan birida ko‘p yillik o‘zaro ishonchsizlik va hududiy nizolar davriga yakun yasadi (afsuski, allaqachon ko‘plab qurbonlar bilan).

Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizlikning bo‘linmasligi tamoyillarini va barqarorlikning asosiy manbai sifatida mintaqada barqarorlikni ta’minlash muhimligini tushunishini amalda namoyish etdi.

Bugungi kunda ham bu yondashuv asosiy ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolmoqda, xavfsizlik sohasidagi o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini izchil mustahkamlashga ko‘maklashmoqda. Shu o‘rinda Markaziy Osiyo davlatlari Xavfsizlik kengashlari kotiblarining muntazam uchrashuvlari, maxsus xizmatlar va huquqni muhofaza qilish organlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar ("Birlik") o‘tkazib kelinayotganini ta’kidlash joiz.

O‘tgan yili Toshkentda bo‘lib o‘tgan Maslahat uchrashuvi yakunlari bo‘yicha Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik konsepsiyasi, shuningdek 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan xavfsizlik xatarlari katalogi qabul qilindi. Ushbu hujjatlar birinchi marta asosiy tahdidlar va ularga qarshi kurashish mexanizmlari, jumladan terrorizm, ekstremizm, transchegaraviy jinoyatchilik, suv-energetika xavfsizligi masalalari bo‘yicha umumiy qarashni mustahkamladi. Ularning qabul qilinishi mintaqa davlatlarining vaziyatli o‘zaro hamkorlikdan o‘zining mintaqaviy xavfsizlik arxitekturasi elementlarini shakllantirishga bosqichma-bosqich o‘tayotganini yana bir bor tasdiqladi.

Hisoblaymanki, mintaqaviy hamkorlik formatlarini rivojlantirish hech kimga qarshi yo‘naltirilmagan va o‘zaro hamkorlikning boshqa mexanizmlarini almashtirmaydi. Aksincha, u muvozanatli mintaqaviy muhitni saqlashga, qarama-qarshilik xavfini kamaytirishga va Yevroosiyo makonida xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

2035-yilga borib, Markaziy Osiyoda so‘nggi yillarda yaratilgan mintaqaviy hamkorlik formatlari yanada chuqur, institutsional va amaliyotga yo‘naltirilgan bo‘lishi mumkin. Xavfsizlik, transport o‘zaro bog‘liqligi, iqtisodiy barqarorlik, chegaralarni boshqarish, suv-energetika sohasidagi hamkorlik, shuningdek, asosiy tashqi hamkorlar bilan hamkorlikni muvofiqlashtirish kuchaytiriladi.

Bunda O‘zbekistonning izchil tashqi siyosiy yo‘nalishini saqlab qolishga qat’iy sodiqlik prinsipial ahamiyatga ega bo‘ladi. 2012-yilgi Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasida mustahkamlangan mamlakatning bloklarga qo‘shilmaslik siyosati kelgusi o‘n yillik davomida tashqi siyosatning asosiy tamoyillaridan biri bo‘lib qoladi. U xorijiy harbiy bazalarni joylashtirishdan, chet eldagi harbiy-siyosiy bloklar va harbiy operatsiyalarda ishtirok etishdan voz kechishni, shu bilan birga, xorijiy hamkorlar bilan xavfsizlik sohasida amaliy va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini saqlab qolishni nazarda tutadi.

 

Hurmatli hamkasblar!

Shu munosabat bilan mintaqa mamlakatlarining Afg‘onistonga Markaziy Osiyoning umumiy xavfsizlik makonining ajralmas qismi sifatida yondashuvlari haqida alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Bugungi kunda Afg‘onistonga endi potensial tahdidlar manbai sifatida qaralmaydi. Endi u mintaqaviy xavfsizlik va Janubiy Osiyo bilan o‘zaro bog‘liqlikni ta’minlashda, shuningdek, Yevroosiyo makonining barqaror rivojlanishini ta’minlashda asosiy bo‘g‘in rolini o‘ynaydi.

Shuni ta’kidlamoqchimanki, bugungi kunda bunday qarashni mintaqaning barcha davlatlari baham ko‘rmoqda. Xususan, O‘zbekiston 2017-yildan buyon Afg‘oniston bilan konstruktiv hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha pragmatik siyosatni izchil amalga oshirib kelmoqda. O‘zbekiston Prezidenti bir necha bor ta’kidlaganidek, Afg‘onistonga yangi imkoniyatlar makoni sifatida qarash lozim.

Qozog‘iston va Qirg‘iziston "Tolibon" harakatini milliy terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarib tashladi. O‘zbekiston va Turkmaniston Kobul bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan pragmatik yo‘nalishga izchil amal qilmoqda. Hatto 2021-yildan keyin ehtiyotkorroq pozitsiyani egallagan Tojikiston ham o‘z siyosatini asta-sekin yangi mintaqaviy voqeliklarga moslashtirdi. Shunisi e’tiborga loyiqki, Rossiya Federatsiyasi yirik davlatlar orasida birinchi bo‘lib Afg‘onistonning amaldagi hukumatini rasman tan oldi.

Shu munosabat bilan Afg‘oniston yo‘nalishi bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik mexanizmlari alohida ahamiyat kasb etmoqda. So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillarining muntazam maslahatlashuvlari amaliyoti yo‘lga qo‘yildi, bu esa mintaqaviy xavfsizlik masalalarini baholash, yondashuvlarni muvofiqlashtirish va muhokama qilish uchun maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, turli darajalarda an’anaviy ravishda Afg‘onistonni mintaqaviy jarayonlarga jalb qilishning asosiy mexanizmlaridan biri sifatida qaraladigan SHHT - Afg‘oniston aloqa guruhi faoliyatini qayta tiklash masalasi muhokama qilinmoqda.

Bundan tashqari, joriy yilning aprel oyida Kobulda Markaziy Osiyoning besh davlati va Afg‘onistonning maslahat muloqoti bo‘lib o‘tdi. Muhimi, ushbu uchrashuv 2021-yildan keyin Afg‘oniston poytaxtida o‘tkazilgan bunday formatdagi birinchi ko‘p tomonlama tadbir bo‘ldi va tomonlarning Afg‘onistonni mintaqaviy jarayonlarga yanada yaqinroq jalb etishga intilishini namoyish etdi.

So‘nggi yillardagi amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, Afg‘onistonning uzoq muddatli izolyatsiyasi mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qilmaydi. Aksincha, Markaziy Osiyo davlatlarining Qobulni mintaqaviy savdo-iqtisodiy, transport, energetika va infratuzilma loyihalariga izchil jalb etishni nazarda tutuvchi pragmatik kursi mintaqaviy kun tartibining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida o‘z ahamiyatini saqlab qoladi, butun mintaqa barqarorligi va taraqqiyotini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Qolaversa, Afg‘onistondagi bugungi vaziyat chet el harbiylari mavjud bo‘lgan davrdagidan sezilarli darajada farq qiladi. Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, Afg‘oniston iqtisodiyoti cheklangan o‘sishni namoyish etishda davom etmoqda. Mamlakatning real YaIMi taxminan 4,8 foizga baholanmoqda. Biz ijobiy dinamika mavjudligini ko‘rmoqdamiz.

Yaqinda Kobulda bo‘lib o‘tgan "Markaziy Osiyo - Afg‘oniston" ekspertlar muloqotida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Shuni tasdiqlay olamanki, saqlanib qolayotgan muammolar bilan bir qatorda mamlakatda yanada barqarorlik va rivojlanish uchun zarur shart-sharoitlar shakllanmoqda.

Ishonchimiz komilki, Afg‘onistonning mintaqaviy jarayonlarga yanada jalb etilishi nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari, balki butun Yevroosiyo manfaatlariga javob beradi.

 

Hurmatli ishtirokchilar!

Markaziy Osiyoning mintaqaviy xavfsizlik arxitekturasi haqida gapiradigan bo‘lsak, u ko‘p darajali va ko‘p komponentli xususiyatga ega ekanligini tushunish muhimdir.

O‘z hamkorlik mexanizmlarini rivojlantirar ekan, Markaziy Osiyo davlatlari bir vaqtning o‘zida tashqi hamkorlar bilan ham ikki tomonlama darajada, ham ko‘p tomonlama institutlar doirasida hamkorlikni kuchaytirmoqda.

Markaziy Osiyo davlatlari uchun "Markaziy Osiyo plyus" formatidagi hamkorlik alohida ahamiyat kasb etmoqda, bu bugun deyarli barcha asosiy kuch markazlarini, shu jumladan mintaqadan tashqari hamkorlarni ham qamrab olmoqda. Kelgusida ushbu formatlar mavjud hamkorlar, jumladan, Rossiya, Xitoy, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va AQSH bilan hamkorlikda izchil rivojlantiriladi, shuningdek, Shimoliy Yevropa mamlakatlari, Buyuk Britaniya, Turkiya va boshqa manfaatdor davlatlar bilan hamkorlikning yangi maydonlari hisobiga kengaytiriladi. Bunday yondashuv mintaqa davlatlarining ko‘p vektorli tashqi siyosatini aks ettiradi va ko‘proq ko‘p markazli dunyo tartibini shakllantirish mantig‘iga mos keladi.

Ushbu palitrada an’anaviy ravishda Rossiya alohida o‘rin egallaydi. Bugungi kunda Rossiya va Markaziy Osiyoning to‘rtta davlatini ittifoqchilik munosabatlari bog‘lab turadi, Turkmaniston bilan esa strategik sheriklik qo‘llab-quvvatlanadi. Markaziy Osiyo xavfsizligi nafaqat mintaqa davlatlari, balki Rossiya Federatsiyasi manfaatlariga ham javob beradi, chunki mintaqadagi barqarorlik uning janubiy chegaralaridagi vaziyatga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Hozirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston KXSHT a’zolaridir. Shu bilan birga, mintaqaviy xavfsizlik tizimi faqat KXSHT mexanizmlari bilan cheklanib qolmaydi.

O‘zbekiston misolida buni yaqqol ko‘rish mumkin. Mamlakatimiz Rossiya bilan mudofaa vazirliklari, huquqni muhofaza qilish organlari va maxsus xizmatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni izchil va faol rivojlantirmoqda.

2025-yil 22-yanvarda O‘zbekiston va Rossiya Mudofaa vazirliklari o‘rtasida 2025-yilga mo‘ljallangan hamkorlik rejasi, shuningdek, 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan harbiy sohadagi strategik sheriklik dasturi imzolangani buning tasdig‘idir.

Shu bilan birga, terrorizm, ekstremizm, narkotrafik va boshqa transmilliy tahdidlarga qarshi kurashda sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishni ta’minlovchi ko‘p tomonlama platformalar, eng avvalo MDH va SHHT ham muhim rol o‘ynashda davom etmoqda.

Shu bilan birga, mintaqa davlatlari boshqa xalqaro hamkorlar bilan ham hamkorlik qilmoqda. Xitoy SHHT mexanizmlari orqali ham, ikki tomonlama hamkorlik orqali ham mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashda ishtirok etmoqda. Yevropa Ittifoqi chegaralarni boshqarishga ko‘maklashish va giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashish dasturlarini amalga oshirmoqda. Qo‘shma Shtatlar ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik, eksport nazorati va bojxona xizmatlari salohiyatini mustahkamlash sohasidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlamoqda. BMT, YXHT, OHICHK va ixtisoslashgan xalqaro tuzilmalar ham muhim rol o‘ynaydi.

Shunday qilib, Markaziy Osiyo xavfsizligi qandaydir bir mexanizm bilan emas, balki bir-birini to‘ldiruvchi mintaqaviy, Yevroosiyo va global hamkorlik formatlari majmui bilan ta’minlanadi.

Mintaqa davlatlarining hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlari xalqaro miqyosda keng qo‘llab-quvvatlanayotgani diqqatga sazovordir. Joriy yilning may oyida BMT Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha rezolyutsiyasi - "Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy integratsiyani mustahkamlash" qabul qilingani buning dalilidir.

Bu Markaziy Osiyoning Yevroosiyo makonida yanada barqaror va inklyuziv xavfsizlik arxitekturasini shakllantirishning mustaqil va mas’uliyatli ishtirokchisi sifatida tobora ko‘proq e’tirof etilayotganidan dalolat beradi.

 

Hurmatli ekspertlar!

Shu bilan birga, erishilgan yutuqlarga qaramay, Markaziy Osiyo yaqin o‘n yilliklarda ko‘p jihatdan mintaqaviy kun tartibini belgilab beradigan bir qator uzoq muddatli muammolarga duch kelishda davom etmoqda.

Eng jiddiy muammolardan biri suv resurslari tanqisligi bo‘lib qolmoqda. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda mintaqada 37 milliondan ortiq odam suv tanqisligi yuqori bo‘lgan hududlarda yashaydi, 2050-yilga kelib esa ularning soni 75 millionga yetishi mumkin.

Transport-logistika cheklovlari, ayniqsa dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan davlatlar uchun, bundan kam bo‘lmagan muhim muammo bo‘lib qolmoqda. Ularni bartaraf etish savdo-sotiqni kengaytirish, investitsiyalarni jalb etish va mintaqaning o‘zaro bog‘liqligini oshirish uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Mintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantirish masalasi alohida dolzarblik kasb etmoqda. Uni mustahkamlash mintaqa davlatlarining milliy o‘ziga xosligini saqlab qolgan holda yagona mintaqaviy makonga mansublik tuyg‘usini rivojlantirishni nazarda tutadi. Bunday sharoitda umumiy mintaqaviy qadriyatlar va ma’nolarni shakllantirish, Markaziy Osiyo mamlakatlari jamiyatlarining o‘zaro xabardorligini oshirish, shuningdek, mintaqani ijtimoiy idrok etishda saqlanib qolayotgan to‘siqlarni bartaraf etish masalalari tobora muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Hurmatli do‘stlar!

So‘zimning yakunida shuni ta’kidlashni istardimki, Markaziy Osiyoning so‘nggi yillardagi tajribasi xavfsizlikni faqat harbiy-siyosiy vositalar yoki tashqi kafolatlar bilan ta’minlab bo‘lmasligini yaqqol ko‘rsatmoqda. Ishonch, siyosiy iroda, davlatlarning bir-birining manfaatlarini hisobga olish va umumiy muammolarga birgalikda javob berish qobiliyati uning asosiga aylanadi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasi va amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, hatto yuqori darajadagi xalqaro notinchlik sharoitida ham muloqot, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro mas’uliyatga asoslangan barqarorlik makonini shakllantirish mumkin. Bu tajriba nafaqat mintaqamiz, balki kengroq Yevroosiyo makoni uchun ham qiziqish uyg‘otadi.

Shu bilan birga, Yevroosiyo xavfsizligining kelajagi haqida gapirganda, o‘zimizga bir nechta savollarni bermaslikning iloji yo‘q:

– Yevroosiyo davlatlari barcha ishtirokchilarning manfaatlarini hisobga olishga qodir bo‘lgan va suveren tanlov, o‘zaro hurmat hamda hamkorlik tamoyillariga tayanadigan inklyuziv, bo‘linmas va teng huquqli xavfsizlik tizimini shakllantira oladimi?

– qit’a raqobatdosh geosiyosiy loyihalar makoniga aylanib qolmaydimi, bu yerda ba’zi davlatlarning xavfsizligiga boshqalari hisobiga erishiladimi?

– Markaziy Osiyo mamlakatlarining muvaffaqiyatli tajribasidan butun Yevroosiyo makonida foydalanish mumkinmi?

Kelajakdagi Yevroosiyo xavfsizlik arxitekturasining qiyofasi ko‘p jihatdan ushbu savollarga javob berishga bog‘liq bo‘ladi.

 

E’tiboringiz uchun tashakkur.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom