Ushbu formatning barqarorligi va institusional samaradorligi, avvalo, uning puxta shakllangan tashkiliy arxitekturasi bilan belgilanadi. Bugungi kunda TDT ko‘p pog‘onali institusional tuzilmaga ega bo‘lib, u Davlat rahbarlari kengashi, Tashqi ishlar vazirlari kengashi, Yuqori mansabdor shaxslar qo‘mitasi, Oqsoqollar kengashi hamda Tashkilot kotibiyatini o‘z ichiga oladi.
Birlashmaning izchil rivojlanishiga 2021 yilda qabul qilingan va tarmoq yo‘l xaritalari, amaliy harakatlar rejalari hamda uzoq muddatli ustuvor yo‘nalishlarni shakllantirish uchun mustahkam konseptual asos vazifasini o‘tayotgan “Turkiy qarash – 2040” strategiyasi muhim turtki berdi.
Mazkur strategiyaning amaliy ijrosi transport sohasini raqamlashtirish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, investisiyaviy hamkorlikni kengaytirish hamda ta’lim almashinuvini faollashtirish kabi yo‘nalishlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Turkiy davlatlar parlamentlararo assambleyasi – TURKPA faoliyati alohida e’tiborga loyiq. Uning doirasida savdo, transport sohasini huquqiy tartibga solish hamda gumanitar hamkorlik yo‘nalishlarida qonunchilik yondashuvlarini uyg‘unlashtirishga qaratilgan amaliy ishlar sezilarli darajada faollashdi.
O‘zbekistonning Tashkilot faoliyatidagi faol ishtiroki TDT rivojiga sezilarli sur’at bag‘ishladi. Keyingi yillarda Toshkent TDT kun tartibini modernizatsiya qilish va uni amaliy mazmun bilan boyitishning asosiy drayverlaridan biriga aylandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbuslari asosida transport o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, raqamli transformatsiyani jadallashtirish hamda investisiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan qator istiqbolli loyihalar ilgari surildi.
Ko‘plab ekspertlar Tashkilotning deklarativ bosqichdan amaliy institusionallashuv bosqichiga o‘tishini aynan O‘zbekistonning faol va tashabbuskor ishtiroki bilan bog‘lamoqdalar.
2022 yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan sammit TDT rivojida muhim siyosiy va ramziy bosqich bo‘ldi. Unda Turkiy investisiya jamg‘armasini tashkil etish hamda iqtisodiy kun tartibini institusional jihatdan kengaytirishga qaratilgan muhim qarorlar qabul qilindi.
Mazkur sammit TDTning madaniy-tarixiy asoslarini saqlab qolgan holda, uning to‘laqonli geoiqtisodiy makon sifatida shakllanish yo‘lidagi evolyusiyasini yanada mustahkamladi.
Shu bilan birga, iqtisodiy hamkorlik TDT rivojlanishining ustuvor yo‘nalishi sifatida bosqichma-bosqich mustahkamlanib bormoqda.
Tashkilotning umumiy demografik salohiyati taxminan 178 million nafar aholini qamrab oladi. Shuningdek, mazkur ko‘rsatkichda mehnatga layoqatli yosh aholi salmog‘ining yuqoriligi TDT mamlakatlarining uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishi uchun muhim resurs hisoblanadi.
Ishtirokchi davlatlarning jami nominal yalpi ichki mahsuloti 1,8–1,9 trillion AQSh dollarini, umumiy tashqi savdo aylanmasi esa 1,1 trillion AQSh dollaridan ortiq hajmni tashkil etadi.
So‘nggi yillarda mintaqalararo savdo barqaror ijobiy dinamikani namoyon etmoqda. TDT Kotibiyati ma’lumotlariga ko‘ra, a’zo davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 22–23 milliard AQSh dollariga yetgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘n yillik boshiga nisbatan deyarli ikki baravar o‘sishni tashkil etadi.
Bu jarayonda O‘zbekiston alohida va muhim o‘rin tutadi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, respublikamizning Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar bilan o‘zaro savdo aylanmasi 9 milliard AQSh dollaridan oshdi. Ta’kidlash joizki, 2019 yilda mazkur ko‘rsatkich taxminan 4,2 milliard AQSh dollarini tashkil etgan edi.
Shu tariqa, so‘nggi olti yil davomida tovar ayirboshlash hajmi deyarli ikki barobarga o‘sgani kuzatilmoqda.
O‘zbekiston–Turkiya sanoat hamkorligi ushbu jarayonning yaqqol misoli sifatida namoyon bo‘lmoqda. O‘zbekistonda Turkiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 2 mingdan oshgan. Qo‘shma investisiya loyihalarining umumiy hajmi esa 5 milliard AQSh dollaridan yuqori ko‘rsatkichni tashkil etadi.
Ushbu loyihalarning salmoqli qismi to‘qimachilik, qurilish materiallari, elektrotexnika hamda oziq-ovqat sanoati sohalarida amalga oshirilmoqda.
Davlatlararo birlashmaning alohida strategik ahamiyati uning geoiqtisodiy joylashuvi bilan bevosita bog‘liqdir. Tashkilotga a’zo davlatlar Sharqiy Osiyo, Janubiy Kavkaz, Yaqin Sharq va Yevropa mintaqalarini o‘zaro bog‘lovchi transport yo‘laklari kesishgan strategik chorrahada joylashgan.
Uning markaziy elementi Xitoy, Markaziy Osiyo, Kaspiy mintaqasi, Janubiy Kavkaz, Turkiya va Yevropa bozorlarini o‘zaro bog‘laydigan O‘rta yo‘lak hisoblanadi. So‘nggi uch yil davomida mazkur yo‘nalish yuk tashish hajmining barqaror o‘sish sur’atini namoyon etmoqda.
Ushbu yo‘lak bo‘ylab yuk tashish hajmi 2021 yilda 1 million tonnadan kamni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yil yakunlariga ko‘ra bu ko‘rsatkich 4,5 million tonnadan oshgan.
Port infratuzilmasini kompleks modernizatsiya qilish ushbu o‘sishning asosiy omillaridan biri bo‘ldi. Natijada, Boku xalqaro dengiz savdo porti rekonstruksiyadan so‘ng yillik 15 million tonnagacha yukni, shu jumladan 100 mingtagacha konteynerni qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Yetkazib berish muddatlarini qisqartirish ham muhim strategik ahamiyat kasb etmoqda. Ilgari ushbu yo‘nalish orqali Xitoydan Yevropaga yuk tashish 40–50 kunni tashkil etgan bo‘lsa, hujjatlar aylanishini raqamlashtirish (e-CMR), dastlabki bojxona ma’lumotlarini taqdim etish tartib-taomillarini birxillashtirish hamda infratuzilmani modernizatsiya qilish natijasida bu muddat 18–23 kungacha qisqardi.
Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazda qayta tiklanadigan manbalar asosida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini Yevropaga eksport qilishni nazarda tutuvchi transmintaqaviy “yashil energetika yo‘lagi”ni shakllantirish hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekiston tegishli energiya uzatish infratuzilmasini birxillashtirish hamda uni barpo etish masalalari bo‘yicha muvofiqlashuvni faollashtirdi.
Shu bilan birga, jadal sur’atlarda kechayotgan global raqamlashtirish sharoitida texnologik rivojlanish nafaqat iqtisodiy, balki strategik ahamiyatga ham ega bo‘lib, davlatlararo hamkorlik samaradorligini oshirish, sanoatni modernizatsiya qilish hamda infratuzilmaviy bog‘liqlikni mustahkamlash uchun mustahkam asos yaratmoqda.
Ishtirokchi davlatlar raqamli iqtisodiyotining umumiy hajmi bugungi kunda 110 milliard AQSh dollaridan oshadi. Qator mamlakatlarda mazkur sohaning o‘rtacha yillik o‘sish sur’atlari 12–18 foizni tashkil etmoqda, bu esa an’anaviy sanoat tarmoqlarining global o‘sish sur’atlaridan sezilarli darajada yuqori ko‘rsatkichdir.
2026 yil 15 may kuni Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan norasmiy sammit kun tartibi TDT rivojlanishining raqamli vektorini yanada kuchaytirishga qaratilganini yaqqol namoyon etdi. Sammitning asosiy mavzusi sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish masalalariga bag‘ishlandi.
Bu esa Tashkilotning texnologik transformatsiya jarayonlarini strategik hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qarashga o‘tganligini tasdiqladi. Mazkur yondashuv TDT doirasida innovasion taraqqiyot va raqamli integratsiyaga qaratilgan yangi bosqich shakllanayotganidan dalolat beradi.
O‘zbekiston ham jadal raqamli modernizatsiya jarayonlarini izchil namoyon etmoqda. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, mamlakatning IT-xizmatlar eksporti 1 milliard AQSh dollaridan oshdi, bu 2020 yildagi ko‘rsatkichga nisbatan deyarli besh barobar yuqoridir.
Ixtisoslashtirilgan IT-park tizimi orqali tashqi bozorlarda, jumladan TDTga a’zo davlatlarda faoliyat yuritayotgan yuzlab kompaniyalar samarali ish olib bormoqda.
Mintaqaviy hamkorlik doirasida respublika raqamli xizmatlarni uyg‘unlashtirish, elektron platformalar integratsiyasini kengaytirish hamda yuqori texnologiyalar sohasida qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni faol ilgari surmoqda.
Biroq mazkur jarayonlarning samaradorligi ko‘p jihatdan nafaqat iqtisodiy, balki gumanitar omillar bilan ham belgilanadi. Bu borada TDT o‘ziga xos ustunlikka ega. Zero, Tashkilot a’zo davlatlarning chuqur tarixiy-madaniy mushtarakligi, til yaqinligi hamda sivilizasion an’analarining uyg‘unligiga tayanadi.
Bu jarayonda gumanitar hamda ilmiy-ta’lim sohalaridagi hamkorlikni kompleks rivojlantirishni ta’minlovchi ixtisoslashgan institusional tuzilmalar tarmog‘i muhim o‘rin tutadi. Jumladan, Xalqaro turkiy akademiya, TURKSOY, TurkPA va Turkiy universitetlar ittifoqi mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni chuqurlashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur tuzilmalar ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish, qo‘shma ta’lim dastur va tashabbuslarini ishlab chiqish, madaniy merosni asrab-avaylash va targ‘ib qilish, shuningdek, jamiyatlararo muloqot hamda hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Akademik integratsiyani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2025 yildan boshlab TDTga a’zo davlatlar universitetlari o‘rtasidagi hamkorlik doirasida o‘nlab akademik almashinuv dasturlari, jumladan qo‘shma magistratura va doktorantura dasturlari izchil amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Tashkilot mamlakatlari o‘rtasidagi ta’lim mobilligida ishtirok etayotgan talabalar soni har yili o‘rtacha 18–22 foizga o‘smoqda, bu esa gumanitar integratsiyaning barqaror sur’atlarda chuqurlashayotganini ko‘rsatadi.
Mazkur jarayonga kadrlar tayyorlash va integratsiya jarayonlarini ilmiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashning muhim markazlari hisoblangan Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy universiteti, Anqara universiteti, Samarqand davlat universiteti va Qirg‘iziston-Turkiya "Manas" universiteti kabi yetakchi oliy ta’lim muassasalari salmoqli hissa qo‘shmoqda.
A’zo davlatlar tomonidan turizm salohiyatini kengaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. TDT mamlakatlari o‘rtasidagi umumiy turistik oqim so‘nggi besh yil davomida 35 foizdan ortiq o‘sdi.
Qo‘shma turistik yo‘nalishlarni, jumladan ziyorat, tarixiy-madaniy hamda etnografik dasturlarni rivojlantirish bu borada sezilarli amaliy natijalarni ta’minladi.
Shu nuqtai nazardan, “Turkiy dunyoning madaniy poytaxti” dasturining amalga oshirilishi hamda Xiva, Aqtau, Turkmanboshi va Shusha kabi shaharlarga mazkur maqomning berilishi TDT doirasida turistik almashinuvni sezilarli darajada faollashtirishga xizmat qildi.
Turizmni rivojlantirishning yana bir muhim omili O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya o‘rtasida diniy-ma’rifiy turizmni rivojlantirishga qaratilgan “Tabarruk ziyorat” yagona turistik mahsulotining shakllantirilishi bo‘ldi.
Istiqbolda TDTning amaliy hamkorlik makoni sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamlash uchun salmoqli salohiyat mavjud.
Bu borada notarif to‘siqlarni qisqartirish va savdo-bojxona tartib-taomillarini raqamlashtirish orqali iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, transport-logistika bog‘liqligini, eng avvalo, O‘rta yo‘lak doirasida yanada rivojlantirish, raqamli iqtisodiyot hamda qo‘shma innovasion platformalarni shakllantirishga qaratilgan texnologik hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, ekspert-tahliliy, akademik va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Umuman olganda, asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni izchil chuqurlashtirish TDTning Markaziy Osiyo mamlakatlari taraqqiyoti va barqarorligini ta’minlashga xizmat qiluvchi eng istiqbolli integrasion formatlardan biri sifatidagi rolini yanada mustahkamlaydi.
Shu ma’noda, Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan TDTning norasmiy sammiti mazkur kun tartibini ilgari surishda muhim siyosiy bosqich bo‘ldi. U ishtirokchi davlatlarning amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishga bo‘lgan qat’iy intilishini tasdiqlab, birgalikda, eng avvalo, raqamli transformatsiya va texnologik hamkorlik sohalarida rivojlanishning yangi strategik yo‘nalishlarini belgilab berdi.