Forum tashkilotchisi Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar instituti boʻldi. Anjumanda xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek, AQSh, Xitoy, Rossiya, Hindiston hamda Yevropa Ittifoqi, Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq davlatlari kabi 20 ta mamlakatning yetakchi tahliliy markazlari rahbarlari ishtirok etdilar.
Ishtirokchilar yetakchi davlatlar raqobati sharoitida koʻp tomonlama hamkorlik, xavfsizlik arxitekturasi transformatsiyasi, yadro qurolsizlanishining kelajagi, yangi geosiyosiy voqelikda Markaziy Osiyoning roli, shuningdek, Afgʻonistonning mintaqaviy jarayonlardagi ishtiroki kabi muhim masalalarni muhokama qildilar.
“Markaziy Osiyo va Afgʻoniston: mintaqaviy hamkorlikning yangi bosqichiga tomon” sessiyasida soʻzga chiqqan MOXI direktori Javlon Vahabov, Afgʻoniston bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik mintaqaviy barqarorlikning asosiy omili boʻlib qolayotganligini taʼkidladi.
Uning soʻzlariga koʻra, Markaziy Osiyo davlatlari ilk kunlardanoq Afgʻonistonning yangi hukumati bilan savdo, infratuzilma, taʼlim va gumanitar sohalarda muloqotni yoʻlga qoʻygan — bu esa mintaqada barqarorlik va izchil rivojlanishni taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Har bir mamlakat Afgʻoniston bilan oʻziga xos, samarali hamkorlik yoʻlini tanlamoqda. Masalan, Turkmaniston birinchilardan boʻlib ikki tomonlama savdo aloqalarini qayta tikladi. Tojikiston siyosiy masʼuliyatni namoyon etib, elektr energiyasi yetkazib berish va savdo aloqalarini davom ettirmoqda. O’z navbatida, Qozogʻiston va Qirgʻiziston “Tolibon” harakatini terrorchi tashkilotlar roʻyxatidan chiqarib, iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni faollashtirmoqda.
MOXI direktori alohida taʼkidlashicha, Oʻzbekiston 2017 yildan boshlab Afgʻonistonni faqat tahdid manbai sifatida qabul qilish siyosatidan voz kechib, ishonch va sheriklikka asoslangan konstruktiv muloqot siyosatiga oʻtgan.
Shu sababli Toshkent Afgʻoniston yoʻnalishida mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish uchun barqaror platformalarni ilgari sura boshladi. Bu siyosatning yorqin tasdigʻi sifatida 2025-yil 26-avgust kuni Oʻzbekiston tashabbusi bilan mintaqa davlatlarining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakillari uchrashuvi oʻtkazildi.
Barqaror va oʻzaro bogʻlangan Afgʻoniston butun mintaqa uchun foydalidir. Oʻzbekiston esa Afgʻonistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida koʻradi hamda “Oʻzaro bogʻliqlik orqali barqarorlik” tamoyiliga asoslangan tashqi siyosatni amalga oshiradi. Bu yondashuv qoʻshnichilik, suverenitetga hurmat, ichki ishlariga aralashmaslik kabi tamoyillarga tayanib, Oʻzbekistonning tinch, barqaror va iqtisodiy jihatdan mustahkam Afgʻoniston tarafdori ekanligini ifodalaydi.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston hozirda Trans-Afgʻon temir yoʻli va Surxon–Puli-Xumri elektr uzatish tarmogʻi kabi yirik loyihalarning amalga oshirilishiga rahbarlik qilmoqda. Bu loyihalar Afgʻonistonning Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi tarixiy “qitʼalararo koʻprik” rolini tiklashga xizmat qiladi.
MOXI direktori taʼkidlashicha, 2024-yilda Termizda tashkil etilgan “Ayrtom” erkin iqtisodiy zonasi, minglab afgʻon fuqarolari tashrif buyurgan markazga aylangan. U bugun savdo va gumanitar aloqalarning asosiy tugun nuqtasiga hisoblanadi. 2024-yilda Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi savdo hajmi 1,1 milliard AQSh dollaridan oshdi — bu esa sheriklikning chuqurlashib borayotganligini yaqqol koʻrsatadi.
Afgʻoniston bilan hamkorlikda erishilgan yutuqlarni inobatga olib, Javlon Vahabov Markaziy Osiyo va Afgʻoniston tadbirkorlik doiralari ishtirokidagi “B5+1” formatidagi xalqaro biznes-forumni tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Mazkur forum mintaqaning barqaror rivojlanishi va xavfsizligini taʼminlash yoʻlida muloqot va hamkorlikni kuchaytirish uchun muhim platformaga aylanishi mumkin.