Voqealar
02.08.2025
|
191
MOXI direktori Javlon Vaxabov Tyanszinda bo‘lib o‘tgan forumda nutq so‘zladi
Tyanszin shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) doirasida global sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirish va gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga bag‘ishlangan xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Tadbirda siyosatchilar, olimlar va ekspertlar ishtirok etdi. Markaziy Osiyo Xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vahabov yuqori darajadagi sessiyada nutq so‘zladi.

O‘z nutqida Javlon Vaxabov kuchayib borayotgan geosiyosiy tangliklar va iqtisodiy fragmentatsiya sharoitida SHHT mamlakatlarning suveren tanlovini hurmat qilgan holda muloqot va ishonchga asoslangan noyob maydon sifatida qolayotganini ta’kidladi. U O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan “SHHT+” sammitida ilgari surgan, xalqaro munosabatlarda ishonch, adolat va birdamlikni tiklashga chaqirgan tashabbusini eslatib o‘tdi.

Nutqning muhim qismi Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin tomonidan ilgari surilgan Global Sivilizatsiyalar Tashabbusiga bag‘ishlandi. Javlon Vaxabov Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi sivilizatsiyaviy aloqalarning tarixiy chuqurligi va bugungi dolzarbligini qayd etdi. U Buyuk Ipak yo‘li davridagi almashinuvlarni misol qilib keltirib, bugungi mintaqaviy hamkorlik do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillariga tayanganini ta’kidladi.

MOXI direktori O‘zbekistonning Global Sivilizatsiyalar Tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini, uning mamlakatning tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlari – sivilizatsiyalararo muloqotni kengaytirish, gumanitar hamkorlikni rivojlantirish va o‘zaro tushunishni mustahkamlashga uyg‘un ekanini qayd etdi. U 2022-yilgi SHHT sammitida ilgari surilgan “Umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida Samarkand birdamlik tashabbusi” hamda yaqinda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Sivilizatsiyalararo muloqot kuni” haqidagi rezolyutsiyani eslatdi.

Javlon Vaxabov SHHT doirasidagi ustuvor yo‘nalishlarga ham to‘xtaldi. Xususan, ta’lim dasturlari va akademik almashinuvlarni kengaytirish, madaniy va ilmiy hamkorlikni rivojlantirish hamda xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, u Xitoy tomonidan taklif etilgan “Besh umumiy uy” konsepsiyasini alohida qayd etdi. Ushbu konsepsiya tinchlik va xavfsizlik, barqaror iqtisodiy o‘sish, yaxshi qo‘shnichilik, ekologik barqarorlik va adolatli ko‘p qutbli jahon tartibini o‘z ichiga oladi.

Nutq yakunida MOXI direktori SHHTning gumanitar o‘lchovini mustahkamlash va Global Sivilizatsiyalar Tashabbusini ilgari surish Tashkilotni zamonaviy global chaqiriqlarga moslashtirishda va a’zo davlatlar o‘rtasida madaniy-gumanitar aloqalarni yanada chuqurlashtirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lishini bildirdi.

Nutqni to‘liq o‘qish:

https://iica.uz/oz/event/javlon-vahabov-shht-davlatlari-global-rivojlanishning-burilish-davrida-bolib-otadigan-tyanszindagi-sammitga-yaqinlashmoqda

 

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom