Voqealar
20.05.2025
|
258
Javlon Vahаbov: Savdo yo‘llarini diversifikatsiya qilish endi siyosiy tanlov emas – bu strategik zaruratdir
Pokistonning Mintaqaviy tadqiqotlar instituti (Institute of Regional Studies, IRS) tomonidan Islomobodda Markaziy Osiyoda savdo va transport yo‘llarini diversifikatsiya qilish istiqbollariga bag‘ishlangan xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Pokiston va Markaziy Osiyo davlatlarining hukumat idoralari va tahliliy markazlari, xalqaro tashkilotlar hamda xususiy sektor vakillari ishtirok etdi. Munozaralarda savdo-transport sohasida amaliy hamkorlikka bo‘lgan o‘zaro qiziqish va mintaqaviy konstruktiv muloqotning dolzarbligi ta’kidlandi.

Forum davomida Markaziy Osiyo Xalqaro Instituti (MОXI) direktori Javlon Vahаbov videokonferensiya shaklida so‘zga chiqib, Pokiston va Eron bilan mintaqaviy bog‘liqlikni, xususan, savdo va logistika sohalarida chuqurlashtirish imkoniyatlari haqida ma’ruza qildi.

Uning ta’kidlashicha, bugungi geosiyosiy o‘zgarishlar va an’anaviy yo‘llarning zaifligi Markaziy Osiyo davlatlaridan yanada moslashuvchan va oldini ko‘ra oladigan yondashuvni, ya’ni barqaror va ko‘p yo‘nalishli logistika tizimlarini shakllantirishni talab etmoqda. Vahobovga ko‘ra, mintaqaning geosiyosiy joylashuvi to‘siq sifatida emas, balki to‘g‘ri infratuzilma siyosati orqali rivojlanish uchun strategik ustunlik sifatida ko‘rilmog‘i lozim.

Shu nuqtai nazardan, u mintaqa logistik manzarasini tubdan o‘zgartira oladigan uchta asosiy yo‘nalishni taqdim etdi. Jumladan, u 2016-yildan buyon Saraxsdan Bandar-Abbos portigacha bo‘lgan marshrut orqali Ko‘rfaz davlatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkonini berayotgan Eron orqali o‘tuvchi Shimol-Janub koridori samaradorligini ta’kidladi. Shu bilan birga, Saraxs-Chabahar temir yo‘li qurilishini tezroq yakunlash zarurligi va Chabahar portining muqobil dengiz chiqish nuqtasi sifatida salohiyati qayd etildi, ayniqsa, Ko‘rfaz mamlakatlarining bu boradagi qiziqishi ortib borayotgan bir paytda.

Trans-Afg‘on koridorining strategik ahamiyati ham muhokama markazida bo‘ldi. Vahobovga ko‘ra, Termiz–Peshovar temir yo‘lining qurilishi transport xarajatlarini uch barobarga kamaytirishi, yetkazib berish muddatini esa bir oydan bir necha kunga qisqartirishi mumkin. U O‘zbekiston, Afg‘oniston va BAA o‘rtasida ushbu loyihaga doir texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish bo‘yicha imzolangan uch tomonlama bitimni amaliy yondashuvning isboti sifatida keltirdi.

Uchinchi yo‘nalish sifatida 2024-yil dekabr oyida rasmiy ishga tushirilgan Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li tilga olindi. Vahаbov ushbu yo‘l boshqa transport yo‘llari bilan raqobatlashmasligini, balki ularni to‘ldirishini, o‘zaro bog‘langan marshrutlar yaratishini va Janubiy Osiyo hamda Xitoy bozorlariga kirish imkonini kengaytirishini ta’kidladi. Uning fikricha, ushbu yo‘l to‘liq yuklama bilan ishlasa, Markaziy Osiyoni umumiy aholisi 2 milliardga yaqin bo‘lgan bozorga ulab qo‘yadi.

Fizik infratuzilmadan tashqari, forumda bojxona tartiblarini uyg‘unlashtirish, e-TIR va e-CMR kabi raqamli yechimlarni joriy etish, shuningdek, logistika tashabbuslarida xususiy sektor ishtirokini kuchaytirish zarurati ham muhokama qilindi.

So‘zining yakunida MOXI direktori infratuzilmani rivojlantirishni yakuniy maqsad emas, balki barqaror iqtisodiy hamkorlik uchun vosita sifatida ko‘rish lozimligini urg‘uladi. Shuningdek, u Markaziy Osiyo davlatlari, Eron va Pokiston o‘rtasidagi sheriklik siyosiy iroda va umumiy qoidalarni muvofiqlashtirish bo‘yicha amaliy qadamlar bilan birgalikda mintaqaviy integratsiyaning muhim harakatlantiruvchi kuchiga aylanishi mumkinligiga ishonch bildirdi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom