Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori J.A.Vaxabovning “Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy merosining Markaziy Osiyo xalqlari do‘stligining mustahkamlanishiga ta’siri” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanning ochilish marosimidagi
TABRIK NUTQI
Hurmatli mehmonlar, xonimlar va janoblar, aziz do‘stlar! Markaziy Osiyo xalqaro instituti va barcha tashkilotchilar nomidan sizlarni Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy merosining Markaziy Osiyo xalqlari do‘stligining mustahkamlanishiga ta’siri mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanimiz ochilish marosimida chin qalbimdan qutlab qolaman.
Bugungi tadbirimiz ko‘tarinki ruhda o‘tmoqda. Chunki mamlakatlarimiz, xususan O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar strategik va birodarlikning o‘zaro tushunishning eng yuqori bosqichiga ko‘tarildi. Bu, avvalo, davlat rahbarlari – muhtaram Shavkat Mirziyoyev va muhtaram Emomali Rahmonning siyosiy irodasi va oqilona rahbarliklari tufayli amalga oshmoqda. Ularning do‘stona munosabati, hamkorligi barchamiz uchun birdamlik, ishonch va umumiy farovonlikka intilishda namuna bo‘lib xizmat qilmoqda.
Tarixdan ma’lumki madaniy hamkorlik kuchayganda o‘zaro tinchlik mustahkamlanadi. Buni Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiyning ko‘p asrlik ma’naviy merosi yaqqol namoyon etadi. Bu ikki buyuk shoir va mutafakkir Sharq Renessansi ramzidir. Ularning asarlari nafaqat adabiyot va falsafaning oliy namunasi, balki xalqlar, madaniyatlar va asrlar o‘rtasidagi tirik ko‘prik hisoblanadi.
Ulug‘ shoir Mir Alisher Navoiy, “g‘azal sultoni” sifatida tan olingan zot, “Xamsat ul-mutahayyirin”, “Majolis un-nafois”, “Tuhfat ul-afkor” qasidasi hamda “Xamsa” dostonlari kabi qator asarlarida o‘z ustozi Abdurahmon Jomiy haqida katta ehtirom bilan so‘z yuritib, uning ulug‘vorligi va fazilatlarini alohida ta’kidlaydi. Navoiy yirik asarlar yaratish arafasida Jomiy bilan maslahatlashgan va ushbu asarlarning ilk o‘quvchisi ham aynan Jomiy bo‘lgan.
Navoiy o‘zining “Arbain” nomli dostonida ustozi haqida shunday deb yozadi:
U – solihlar ichra nur kosasi,
Pok ruhli zot, ularning xosasi – Jomiy.
Foniy hayotda yo‘lboshchim u,
Ustozim, ma’naviy otam – u.
Jomiy Alisher Navoiy bilan bir davrda hamnafas bo‘lish nasib etgani tufayli ham yaratganga shukronalar keltirgan. Yuqorida mazkur bo‘lgaridek, Navoiydek ilhom manbai Jomiyda mudrab yotgan ijod vulqonini qo‘zg‘alishiga bois bo‘lishi Jomiy tomonidan Alisher Navoiyning buyuk mutafakkir bo‘libetishishiga tayyorlangan tagzamin, bu barchasi- Buyuk Do‘stlik atalmish ne’matning hosilidir.. Shu jihatdan Abdurahmon Jomiyning quyidagi she’ri Navoiy bilan o‘rtalaridagi do‘stlikka yaqqol ta’rif bo‘la oladi:
Tojikcha
Yore ki kunad ba yor payvand,
Naxli amalash shavad barumand.
Yor ast kalidi ganji ummed,
Yor ast navidi ayshi jovid
Maqsudi vujud chist juz yor?
in savdovu sud chist juz yor?
O‘zbekcha
O‘z yori birodariga yetisha olgan insonning
niyatu amallari barkamol bo‘ladi.
Yor — umid xazinasining kaliti,
Yor — abadiy saodatdan darak beruvchi.
Mavjudlikning maqsadi nimada, agar yor bo‘lmasa?
Bu savdo va foydaning hammasi — faqatgina yor uchun!
Navoiy va Jomiy shunchaki shoir emas edilar. Ular insonparvarlik, ma’naviyat va tinchlik g‘oyalarining haqiqiy tashuvchilari edilar. Jomiy – Navoiyning ustozi va yaqin do‘sti – qalami va e’tiqodi bilan o‘z davrining axloqiy tafakkurini shakllantirgan. Navoiy esa o‘zbek adabiyotining asoschisi sifatida ona tilini yuksak madaniyat darajasiga ko‘tarib, ijodi orqali insonga, haqiqatga va adolatga bo‘lgan chuqur muhabbatini ifoda etgan.
Ramziy ma’noda, bugun tarix takrorlanmoqda, Markaziy Osiyoning markazida yana tinchlik, birdamlik va madaniy muloqot haqida gaplashish uchun jam bo‘lmoqdamiz. Ilgari Samarqand va Hirot ma’rifat markazlari bo‘lgan bo‘lsa, bugun Toshkent, Dushanbe, Ostona, Ashxobod va Bishkek kabi shaharlarimiz ilmiy muloqot, ochiq bahs va xalqlarimizning ma’naviy yaqinlashuvi maskanlariga aylanmoqda.
Anjumanimizning asosiy maqsadi – Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiyning boy merosini ilmiy jihatdan yana-da chuqur anglash, shu bilan birga, ularning g‘oyalari bugungi kunda – yoshlarni tarbiyalash, millatlararo hamjihatlikni mustahkamlash va Markaziy Osiyoni umumiy uy sifatida barpo etishda qanday xizmat qilishi mumkinligini muhokama qilishdir.
Barcha ishtirokchilarga – ilm-fan, madaniyat, diplomatik korpus, milliy markazlar va xalqaro, mahalliyinstitutlar vakillariga ushbu mavzuga bo‘lgan qiziqishlari va faol qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun chuqur minnatdorchilik bildiraman.
Anjumanda barchaga sermahsul ishtirok, mazmunli muhokamalar va yangi g‘oyalarbilan o‘rtoqlashishni tilayman. Ishonchim komilki, ular qardosh xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro tushunishni mustahkamlashga munosib hissa bo‘lib xizmat qiladi.
E’tiboringiz uchun rahmat!