Voqealar
18.07.2025
|
168
“Ko‘p vektorlik – Markaziy Osiyoning global beqarorlikka strategik javobi” – MOXI direktori Rondeli Xavfsizlik konferensiyasida
MOXI delegatsiyasi Tbilisida Gruziya Strategik va xalqaro tadqiqotlar jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan an’anaviy “Rondeli” Xavfsizlik konferensiyasida ishtirok etdi. Tadbir “Geosiyosiy o‘zgarishlar davrida yo‘nalish topish” mavzusi bo’yicha o‘tkazilib, AQSh, Yevropa Ittifoqi, Janubiy Kavkaz, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqdan 200 dan ortiq ishtirokchini jamladi.

Konferensiya xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi zamonaviy tahdidlar hamda muammolar, shu jumladan Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyodagi vaziyat va o‘zgaruvchan geosiyosiy sharoitda samarali yechimlarni izlash masalalariga bag‘ishlandi.

O‘z chiqishida MOXI direktori Javlon Vahabov, bugungi global beqarorlik va xalqaro tartibning o‘zgarishi sharoitida Markaziy Osiyo mintaqasi asosiy tashqi va mintaqaviy hamkorlar bilan konstruktiv va pragmatik dialog asosida doimiy ko‘p vektorlik siyosatini yuritayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqa davlatlari Rossiya bilan yaqin iqtisodiy va gumanitar aloqalarni saqlab qolgan holda, Xitoy bilan faol hamkorlikni rivojlantirmoqda va hozirgi kunda Xitoy mintaqaning asosiy savdo hamkoriga aylandi. Shu bilan birga, AQSh, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi, Turkiya, Eron, Hindiston va Pokiston bilan ham sheriklik kengaymoqda.

Mazkur kontekstda Eronning roli alohida ta’kidlandi. Eron Markaziy Osiyo davlatlari uchun Bandar-Abbos va Chabahar portlari orqali jahon bozorlariga chiqish uchun muhim tranzit hamkor sifatida qaralmoqda. Biroq, J. Vahabov ta’kidlaganidek, Eron yadroviy dasturi atrofidagi keskinlik va umuman Yaqin Sharqdagi beqarorlik mintaqaviy logistika loyihalarining amalga oshirilishini qiyinlashtirishi, transport xarajatlarini oshirishi va o‘zaro savdo hajmining oshishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ta’kidlanishicha, 2024 yilda O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi savdo aylanmasi $500 millionga yetgan.

Shuningdek, J.Vahabov Markaziy Osiyo davlatlarining Yevroosiyoda logistika markazi sifatidagi o‘sib borayotgan roliga e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, an’anaviy transport yo‘llarining beqarorligi fonida O‘rta koridor (Transkaspiy yo‘lagi) ahamiyati keskin oshgan. Mintaqa, xususan Qozog‘iston va O‘zbekistonda infratuzilmani modernizatsiya qilish, bojxona tizimini raqamlashtirish va yangi logistika markazlarini barpo etishga qaratilgan investitsiyalar tufayli, tobora muhim o‘rin egallamoqda. 2024 yilda bu yo‘nalish bo‘yicha yuk tashish hajmi 63%ga oshdi, tranzit vaqti esa 10–15 kungacha qisqardi.

Bundan tashqari, J.Vahabov Janubiy Kavkaz va Turkiya bilan hamkorlikni kengaytirish, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘l qurilishi kabi strategik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish va Gruziya portlariga investitsiya kiritish O‘rta koridorda ishonchli xalqaro savdo transport-kommunikatsion markazni shakllantirishga xizmat qilayotganini qayd etdi. Yevropa Ittifoqi, Xitoy va xalqaro moliya institutlarining mintaqaga ko‘rsatayotgan ko‘magi O‘rta koridor taraqqiyotini tezlashtirmoqda, bu esa eksport, investitsiyalar va mintaqa iqtisodiy o‘sishi uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.

Shunga qaramay, MOXI direktori qayd etganidek, mintaqaning tranzit salohiyatini to‘liq namoyon qilishga bir qator to‘siqlar hamon mavjud. Ular orasida yangi infratuzilma loyihalarining yuqori qiymati va cheklangan moliyaviy resurslar, mavjud infratuzilmaning modernizatsiyasi va raqamlashtirish darajasining pastligi, chegaralarni kesib o‘tish uchun yagona qoidalar va protseduralarning yo‘qligi hamda mamlakatlar o‘rtasida zaif mintaqaviy muvofiqlashtirish bor.

Yakunida, mintaqa davlatlarining tashqi siyosati pragmatizm, milliy manfaatlarni hisobga olish va nafaqat o‘zida, balki atrofiy mintaqalarda ham barqarorlikni saqlashga intilish asosida qurilayotgani ta’kidlandi. Bu yondashuv mintaqaga o‘zining transport-logistika salohiyatini to‘liq ochishga yordam beradi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom