Tadbir Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) tomonidan BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi (MOPDMM) bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbirda davlat hokimiyati organlari vakillari, BMT va YUNESKO rahbarlari va diplomatlari, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari tahliliy markazlari ekspertlari ishtirok etdilar.
Side event davomida ishtirokchilar mintaqaviy hamkorlikning asosiy yutuqlari va istiqbollarini, jumladan, Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 7-Maslahat uchrashuvida raisligining ustuvor yoʻnalishlarini hamda madaniyat, taʼlim va ilm-fan sohalarida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda YUNESKOning rolini muhokama qildilar.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tomonidan chop etilishi kutilayotgan “Markaziy Osiyo davlatlari: Mintaqaviy rivojlanish bo‘yicha muloqot” kitobining asosiy yo‘nalishlari taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
MOXI direktori Javlon Vaxabov o‘zining tabrik so‘zida YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqandda o‘tkazilishi O‘zbekiston uchun ham, YUNESKO uchun ham tarixiy voqea ekanligini, uning yillik yig‘ilishi so‘nggi 40 yil ichida birinchi marta Parijdan tashqarida o‘tkazilayotganligini ta’kidladi.
J.Vaxabov soʻnggi yillarda mintaqa yetakchilarining siyosiy irodasi va oʻzaro ishonchi tufayli Markaziy Osiyo muloqot va konstruktiv hamkorlik maydoniga aylanganligini alohida taʼkidladi.
U Toshkentda boʻlib oʻtadigan davlat rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi ushbu ijobiy va jadal jarayonni yanada mustahkamlashiga, Markaziy Osiyo davlatlari etakchilariga hamkorlikni chuqurlashtirish uchun yangi uzoq muddatli ustuvor yoʻnalishlarini aniqlash va mintaqaning global miqyosdagi jamoaviy birdamligini kuchaytirish imkonini berishiga ishonch bildirdi.
BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili, MOPDMM rahbari Kaxa Imnadze YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasidagi muhokamaning strategik ahamiyatiga eʼtibor qaratib, mintaqa davlatlari o‘rtasidagi faol o’zaro aloqalar hamkorlikni mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochayotganligini, madaniyat, ta’lim va ilm-fan esa o‘zaro tushunish va rivojlanishning asosiy vositasi ekanligini ta’kidladi.
BMT Bosh kotibining maxsus vakili O‘zbekistonning yangi mintaqaviy dinamikaning asosiy omili sifatidagi rolini alohida ta’kidlab, mamlakatimiz tashqi siyosati yaxshi qo‘shnichilik, mintaqaviy integratsiya, keng ko‘lamli sohalarda jumladan, infratuzilma va transport aloqasi, yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish va madaniy diplomatiya sohasida amaliy hamkorlikka qaratilganligini ta’kidladi.
Qozog‘istonlik siyosatshunos, geosiyosat va xavfsizlik bo‘yicha ekspert Asqar Nursha Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari mintaqa davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga o‘tganini ko‘rsatayotganligini ta’kidladi. O‘zbekistonning Maslahat uchrashuviga raisligining ustuvor yo‘nalishlari siyosiy muloqot va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan. Bu Qozog‘istonda ijobiy munosabat va maqbul yechimlarni topishda ikki tomonlama hamkorlik qilishga tayyorlik bilan kutib olindi.
A.Nursha mintaqa iqtisodiyoti barqaror o‘sish sur’atlarini ko‘rsatayotganligini, temir yo‘l va avtomobil aloqalarining rivojlanishi milliy iqtisodiyotlar uchun yangi imkoniyatlar ochayotganligi, o‘zaro turizmni rivojlantirishga ko‘maklashayotganligi, tranzit salohiyatini mustahkamlashi, mamlakatlarning savdo-iqtisodiy manfaatlarini yanada samarali ro‘yobga chiqarishiga yordamlashayotganligini qo‘shimcha qildi.
Qirg‘izistondagi “Crossroads Central Asia” ilmiy-tadqiqot instituti ijrochi direktori Ayjan Sharshenova yosh va katta avlodlarda Markaziy Osiyoning umumiy o‘ziga xosligi haqidagi chinakam tuyg‘u shakllanganligini ta’kidladi. Uning soʻzlariga koʻra, soʻnggi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlarini chinakamiga birlashtiruvchi masalalarga, shuningdek, umumiy maqsad va qadriyatlarga qiziqish yana oshgan.
Tojikistondagi «CAPs Unlock» tahliliy markazining katta maslahatchisi va Jahon bankining xalqaro maslahatchisi Zuxra Xalimova o’z ma’ruzasida ta’lim sohasida mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va ilmiy-tdqiqotlar sohasida o’zaro aloqalarni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi. Markaziy Osiyo davlatlarining boy yoshlar resursi va yuksak intellektual saviyasi bu yo‘nalishda muhim o‘rin tutib, mintaqaning barqaror kelajagini shakllantirishga zamin yaratmoqda.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o’zaro tajriba almashish, o‘zaro ishonchni mustahkamlash va Markaziy Osiyoni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma g‘oyalarni ishlab chiqish maydonchasiga aylanganligi bilan Samarqandda o‘tkazilgan maxsus tadbir o’ta muhimligini ta’kidladilar.
Muhokama Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, shuningdek, faol madaniy, ta’lim va ilmiy almashuvlar orqali barqaror rivojlanish muammolarini hal etishda BMT va YUNESKO bilan yanada faolroq hamkorlik qilish istagini tasdiqladi.