Tadbir MOXI, Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi (XIFA), shuningdek XIFA tarkibiy tuzilmalari, jumladan Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti, Jahon iqtisodiyoti va siyosati instituti hamda Shinjon ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tashkil etildi.
Simpozium doirasida ishtirokchilar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida davlat boshqaruvi sohasidagi hamkorlik, raqamli o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, shuningdek “Markaziy Osiyo–Xitoy” formati doirasidagi mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
Tadbirning ochilish marosimida MOXI direktori Javlon Vaxabov O‘zbekiston–Xitoy munosabatlari har ikki mamlakatning barqaror rivojlanishiga zamin yaratuvchi pragmatik sheriklikning yorqin namunasi ekanligini ta’kidladi. Shu nuqtayi nazardan, ekspertlar darajasidagi yaqin aloqalar siyosiy muloqotni mustahkamlash, yangi g‘oyalarni shakllantirish va qo‘shma istiqbolli tashabbuslarni ilgari surishga muhim hissa qo‘shishini qayd etdi.
O‘z navbatida, XIFA Jahon iqtisodiyoti va siyosati instituti direktori Lyao Fan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar barqaror sur’atlarda rivojlanib borayotganligini ta’kidladi. Ekspert davlat boshqaruvi va sanoatni modernizatsiya qilishdagi tajriba almashinuvini kengaytirish, shuningdek “Raqamli Ipak yo‘li” tashabbusi doirasida raqamli hamkorlikni kuchaytirishni taklif etdi.
XIFA Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti direktori Sun Chjuanji so‘nggi o‘n yil ichida Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganligini ta’kidladi. Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik, savdo-investitsiya aloqalari hamda madaniy-gumanitar almashinuvlar sohalarida sheriklikni chuqurlashtirish uchun asosiy platformaga aylangan “Markaziy Osiyo–Xitoy” formati muhim o’rin egallaydi va mintaqadagi o’zaro hamkorlikni yanada barqaror qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi rektori Jasur Salixov davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish maqsadida XIFA bilan qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, ekspertlar o‘rtasida muloqot va axborot resurslarini almashishni nazarda tutuvchi “Davlat boshqaruvi va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar” ilmiy-tadqiqot dasturini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surdi.
XIFA Jahon iqtisodiyoti va siyosati instituti xalqaro rivojlanish bo‘limi mudiri Mao Jishen “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li loyihasini loyihasini sun’iy intellektdan foydalangan holda logistika oqimlarini minimal xarajatlar bilan optimallashtiradigan raqamli arteriyaga aylantirishni taklif qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov ikki mamlakatning strategik ustuvor yo‘nalishlarini uyg‘unlashtirish O‘zbekiston uchun tashqi omillar ta’sirini kamaytirish va yangi mintaqaviy hamda global iqtisodiy loyihalarga integratsiyalashuviga xizmat qilishini qayd etdi. Ekspert Xitoy tajribasining eng muhim yo‘nalishlari sifatida sanoat va texnologik rivojlanish, transport-logistika infratuzilmasini mustahkamlash, davlat boshqaruvini raqamlashtirish hamda iqtisodiyotning “yashil” transformatsiyasini ko‘rsatib o‘tdi.
Shu bilan birga, barqaror iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlaridan biri sifatida qishloq xo‘jaligini texnologik modernizatsiya qilishning ahamiyati alohida ta’kidlab o’tildi. Shinjon Ijtimoiy fanlar akademiyasi Qishloq taraqqiyoti instituti direktorining o'rinbosari Chen Kunlin suvdan va o‘g‘itdan samarali foydalanishga qaratilgan avtonom texnologiyalar va boshqaruv tizimini raqamlashtirish asosida “aqlli” qishloq xo‘jaligi rivojlantirishni hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida taklif etdi.
Tadbir doirasida doimiy ekspertlik-tahliliy muloqotlarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. XIFA Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti direktori o‘rinbosari Tsin Chjening fikricha, tahliliy markazlar o‘rtasidagi muntazam muloqot strategik masalalarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, mintaqaviy xatarlarni hisobga olish va siyosiy kelishuvlarni hamkorlikning aniq shakllariga aylantirish imkonini berishini ta’kidladi.
Ishtirokchilar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirish istiqbollarini qayd etib, uzoq muddatli o’zaro aloqalarni mustahkamlash uchun ekspertlar muloqotini va hamkorlikni davom ettirishga tayyorliklarini bildirdilar.