Asosiy maqsad - sammitning asosiy natijalari, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari tomonidan ilgari surilgan tashabbus va kelishuvlarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qilish.
Davra suhbatida Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiya, Yaponiya, Fransiya, Italiya, Slovakiya, Chexiya, Turkiya, Isroil, Hindiston, Malayziya, Bangladesh, Eron, Afg‘oniston, shuningdek, xalqaro tashkilotlar diplomatik korpuslari rahbarlari ishtirok etdi. Bundan tashqari, tadbirda vazirlik va idoralar, ishbilarmon doiralar, yetakchi tahliliy va ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni ochar ekan, MOXI direktori Javlon Vaxabov Toshkent uchrashuvi natijalarini tarixiy deb ta’riflash mumkinligini, o‘zaro hamkorlikning shakllangan formatini esa mintaqaviy hamkorlik maqsadlarini ilgari surish nuqtai nazaridan o‘ziga xos va samarali ekanligini ta’kidladi. Yetakchilarning ochiq muloqoti va birgalikdagi amaliy sa’y-harakatlari tufayli mintaqa mamlakatlari umumiy maqsad, vazifa va ustuvor yo‘nalishlarga ega bo‘lgan "Yangi Markaziy Osiyo"ni barpo etish yo‘liga chiqmoqda, dedi u.
Ozarbayjon elchisi Husayn Guliyev o‘z nutqida davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvlari shunchaki an’ana emas, balki Markaziy Osiyoning yangi birligi ramziga aylanganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu formatni boshlagan O‘zbekiston yillar davomida uning harakatlantiruvchi kuchi va tayanchi bo‘lib qolmoqda. Shu nuqtayi nazardan, Ozarbayjonning qo‘shilishi qonuniy va strategik ahamiyatga ega qadam bo‘lib ko‘rinadi, chunki mamlakatimiz Markaziy Osiyoning umumiy geosiyosiy va madaniy-tarixiy makoniga uzviy ravishda mos keladi.
Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi Beybut Atamqulov Markaziy Osiyodagi muvaffaqiyatli hamkorlik asosida nafaqat xalqaro shartnomalar va o‘zaro hamkorlik mexanizmlari, balki mintaqa davlatlari rahbarlarining shaxsiy ishonchli munosabatlari ham yotishini ta’kidladi. Ozarbayjonning bu jarayonga qo‘shilishi transport-logistika yo‘laklaridan tortib energetika xavfsizligigacha bo‘lgan sohalarda o‘zaro hamkorlik imkoniyatlarini kengaytiradi. Uning fikricha, bularning barchasi birgalikda Markaziy Osiyoning xalqaro maydondagi nufuzini oshiradi va uning tashqi hamkorlarimizga yangi yechimlar taklif qilish qobiliyatini mustahkamlaydi.
Turkmaniston elchisi Shadurdi Meredov Toshkent sammiti yakunlarini sharhlar ekan, "Toshkentda bo‘lib o‘tgan 7-MODRMUda qabul qilingan qarorlar Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va farovonlikni mustahkamlashga xizmat qiladi, shuningdek, ko‘p tomonlama loyihalarni kengaytirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratadi.
Diplomat Turkmaniston MODRMUga raislikni qabul qilib olar ekan, mintaqa mamlakatlarining birdamligi va jipsligini mustahkamlash, uning sarmoyaviy jozibadorligini oshirish, energetika, transport, kommunikatsiyalar va boshqa yo‘nalishlardagi yirik xalqaro loyihalarda ishtirokini kengaytirish bo‘yicha faol ish olib borishga tayyorligini alohida ta’kidladi.
Qirg‘iziston elchixonasi maslahatchisi Dastan Niyazaliyev 7-MODRMUning o‘ziga xos xususiyati mamlakatlar yetakchilari tomonidan siyosiy muloqotdan umumiy mintaqaviy strategiyani ishlab chiqishga, shuningdek, aniq iqtisodiy, infratuzilmaviy va texnologik loyihalarni ishga tushirishga o‘tishning namoyish etilishi ekanligini ta’kidladi.

"Qirg‘iziston erishilgan barcha kelishuvlarni birgalikda amalga oshirishda, mintaqa xalqlari farovonligi yo‘lida muvofiqlashtirish mexanizmlari va amaliy loyihalarni yaratishda faol ishtirok etishga tayyor," - dedi u.
Tadbir davomida mintaqaviy hamkorlikning eng muhim va asosiy masalalari, jumladan, iqtisodiy rivojlanish, infratuzilmaviy va texnologik tashabbuslarni amalga oshirish masalalari bo‘yicha ochiq muloqotlar bo‘lib o‘tdi.
MODRMU doirasida o‘tkazilgan davra suhbati ishonchni mustahkamlash, qo‘shma strategiyani ishlab chiqish va aniq loyihalarni amalga oshirish uchun platforma sifatida MODRMUning ahamiyatini tasdiqladi. Ishtirokchilar barqaror rivojlanish va barqarorlikni oshirish uchun yangi hamkorlar bilan hamkorlikni kengaytirish va harakatlarni muvofiqlashtirish muhimligini ta’kidladilar.